Jahon | 20:37 / 02.07.2025
4517
3 daqiqa o‘qiladi

Moskva restoranlari o‘z menyularini arabchaga tarjima qilishni boshladi

So‘nggi vaqtlarda Fors ko‘rfazi davlatlaridan Rossiyaga kelayotgan turistlar oqimi bir necha barobarga oshgan, bu esa umumiy ovqatlanish muassasalarini xorijlik mehmonlarga moslashishga undamoqda.

Foto: Ijtimoiy tarmoqlar

Moskva restoranlari Yaqin Sharq hamda Afrika davlatlaridan turistlarni jalb qilish uchun viveska va menyularini arabchaga tarjima qilishni boshladi. «Ostorojno, novosti» nashrining yozishicha, Kutuzov prospekti va Neglinnaya ko‘chasidagi Il Forno muassasalarida arabcha menyular paydo bo‘lgan. «Kamida bir oydan beri ushbu versiya mavjud, arab davlatlaridan kelayotgan turistlar oqimi juda katta», deya tushuntiradi restoran vakili. Moskva viloyatidagi «Klyoviy» restoraniga kirishga ham minimal chek 3 ming rubl ekani haqida arab tilida yozilgan ogohlantirish tablichkasi ilib qo‘yilgan. Xodimlarning so‘zlariga ko‘ra, bu Yaqin Sharqdan keladigan mehmonlar restoranni qo‘shni kafe bilan adashtirmasligi va «bitta choy aytib, to‘planib o‘tirmasligi» uchun amalga oshirilgan.

Arab tiliga tarjima xizmatlarini ko‘rsatuvchi gidning aytishicha, so‘nggi vaqtlarda Fors ko‘rfazi davlatlaridan kelayotgan turistlar oqimi bir necha barobarga oshgan, bu esa umumiy ovqatlanish muassasalarini xorijlik mehmonlarga moslashishga undamoqda. «Moskva, Sochi, Sankt-Peterburg — ulkan talab. Saudiya Arabistoni, Qatar, Bahrayn, Kuvaytdan dam olgani kelishmoqda», deydi u. Shuningdek, Rossiyaga nisbatan qashshoq davlatlar, masalan, Misrdan ishlashga kelayotgan fuqarolar ham bor.

O‘tgan yil oxirida Moskva meriyasi Yaqin Sharq va Afrika davlatlaridan turistlarni jalb qilish uchun shahardagi barcha restoranlar menyusini arabchaga tarjima qilish rejasini e’lon qilgandi. Shu bilan birga, shahar hukumati muassasalarga bepul tarjima borasida yordam taklif qilgan. «Tushunarliki, arablarning aksariyati inglizchani biladi, ammo arabcha ularga ancha qulay», deydi restoran tanqidchisi Aleksandr Sisoyev.

Arab tili dunyoda eng keng tarqalgan tillardan biri hisoblanadi. U 24 ta davlatda, jumladan, Jazoir, Misr, Marokash, O‘mon, Tunis, Eritreya va Isroilda (alohida maqomda) rasmiy til hisoblanadi. Dunyo bo‘ylab arab tilida gaplashadiganlar soni 580 million kishini tashkil etadi.

Фозилбек Юсупов
Tayyorlagan Фозилбек Юсупов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid