Jahon | 14:25 / 02.07.2025
3774
2 daqiqa o‘qiladi

Rossiyada SSSR parchalanganidan keyin yopilgan harbiy maktablar tiklanadi

«Izvestiya»ning yozishicha, Mudofaa vazirligi Rossiya armiyasida ofitserlar yetishmasligi sababli 15 ta yangi harbiy maktab ochish masalasini muhokama qilmoqda.

Foto: IZVeSTIYa/Pavel Volkov

2025-2034 yillarda Rossiyada ofitserlar — uchuvchilar, tankchilar, shifokorlar, shuningdek, uchuvchisiz tizimlar bo‘yicha mutaxassislar tayyorlaydigan 15 ta oliy harbiy maktab ochilishi mumkin. Bu haqda 1 iyul, seshanba kuni Rossiya Mudofaa vazirligidagi manbaga tayanib, «Izvestiya» gazetasi xabar berdi.

Unga ko‘ra, bu tashabbus Ukrainaga qarshi urush fonida Rossiya armiyasida quyi va o‘rta bo‘g‘indagi ofitserlar yetishmasligi sababli ishlab chiqilgan, biroq hozircha ma’qullanmagan. Ayni paytda bu yil ikkita oliy ta’lim muassasasini — Saratov radiatsiya, kimyoviy va biologik (RKB) mudofaa oliy harbiy muhandislik maktabini, shuningdek, Nijniy Novgorod oliy harbiy muhandislik maktabini yaratishga qaror qilindi. U yerga kursantlarni qabul qilishga tayyorgarlik ishlari yakuniga yetkazilmoqda, deyiladi ma’lumotda.

Kelgusi yilda yana uchta harbiy oliy ta’lim muassasasi — Chelyabinskda tank, Ulyanovskda aviatsiya va Novocherkasskda qo‘mondonlik aloqa maktablari ish boshlashi mumkin. 2027 yilda Moskva viloyatida uchuvchisiz tizim qo‘shinlari oliy harbiy maktabini, 2028 yilda Omsk oliy umumqo‘shin qo‘mondonlik bilim yurtini, 2029 yilda Krasnoyarsk havo mudofaa tizimi radioelektronika oliy harbiy maktabini, 2032 yilda esa Pushkin oliy umumqo‘shin (havo-kosmik mudofaa) maktabi ochilishi rejalashtirilgan, deb yozadi gazeta.

Bundan tashqari, Harbiy tibbiyot akademiyasining to‘rtta filiali, jumladan, Qrimdagi Sevastopolda, shuningdek, Samara, Novosibirsk va Xabarovskda ochilishi mumkin. 2034 yilda Tomsk oliy harbiy qo‘mondonlik aloqa maktabini ochish rejalashtirilgan. Nashrning qayd etishicha, bu shaharlardagi harbiy maktablarning aksariyati sovet davrida ham mavjud bo‘lgan, biroq keyinchalik yopilgan.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid