Jahon | 22:35 / 03.07.2025
3275
2 daqiqa o‘qiladi

Fransiyada aviadispetcherlar ish tashlash e’lon qildi. Bu Yevropada 1,5 mingta reysning bekor qilinishiga olib keladi

Hisob-kitoblarga ko‘ra, bitta reysning bir daqiqaga kechikishi aviakompaniyalar uchun o‘rtacha 100 dollar, bekor qilingan parvoz esa 18,57 ming dollar zarar keltiradi.

Foto: AFP

Fransiyada bugun, 3 iyul kuni aviadispetcherlarning ish tashlashi boshlandi va u ikki kun davom etadi. Shu bois bugunning o‘zida Fransiyada 933 ta reys bekor qilindi. Bu haqda mamlakat Fuqarolik aviatsiyasi bosh boshqarmasiga tayanib, Le Figaro xabar berdi.

Yevropaning yetakchi aviakompaniyalari assotsiatsiyasi Airlines for Europe hisob-kitoblariga ko‘ra, ish tashlashlarning ikki kuni ichida 1,5 mingta reys bekor qilinadi va bu butun Yevropa bo‘ylab «salkam 300 ming yo‘lovchiga ta’sir ko‘rsatadi».

Fransiya transport vaziri Filipp Tabaroning ma’lum qilishicha, aviadispetcherlarning ish tashlashi aviakompaniyalarga «millionlab yevroga tushadi». Eurocontrol hisob-kitoblariga ko‘ra, bitta reysning bir daqiqaga kechikishi aviakompaniyalar uchun o‘rtacha 100 dollar, bekor qilingan parvoz esa 18,57 ming dollar zarar keltiradi.

Ish tashlashda Fransiya aviadispetcherlarining ikkita yirik kasaba uyushmasi ishtirok etmoqda. Ular dispetcherning ish joyida ekanini nazorat qiladigan yangi tizim joriy etilayotganidan norozi. Fuqarolik aviatsiyasi bosh boshqarmasi ma’lumotlariga ko‘ra, bugungi ish tashlashda kasaba uyushmalarining 26,2 foizi, ya’ni butun mamlakatdagi 272 nafar dispetcher ishtirok etyapti.

Фозилбек Юсупов
Tayyorlagan Фозилбек Юсупов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid