Jahon | 09:00 / 05.07.2025
2637
2 daqiqa o‘qiladi

Radikal isroilliklar Nablus hududidagi o‘nlab daraxtlarni yo‘q qildi

Ko‘chmanchilar G‘arbiy sohildagi falastinliklarga aholini ko‘chirish uchun bosimni kuchaytirmoqda.

Foto: AP

Falastin yerlarini egallab olgan isroillik ko‘chmanchilar Falastinning G‘arbiy sohildagi Nablus shahri hududidagi o‘nlab daraxtlarni ildizi bilan sug‘urib tashladi.

Falastinning WAFA rasmiy axborot agentligining xavfsizlik manbalariga tayanib xabar berishicha, noqonuniy «Yitsxar» aholi punktidan kelgan radikal isroilliklar Burin qishlog‘ining janubiy qismiga hujum qilib, Sufan oilasi uyi qarshisidagi o‘nlab daraxtlarni kesib tashlagan.

Bir necha kun oldin o‘sha ko‘chmanchilar oilaning uyiga tosh otib, yaqin atrofga chodir tikib qo‘ygan edi.

Isroillik ko‘chmanchilar Falastin qishloqlari va shaharlarida zo‘ravonlik harakatlarini davom ettirib, falastinliklarni o‘z yerlarini tark etishga majbur qilmoqda.

2023 yil 7 oktyabrda Isroilning G‘azo sektoriga gumanitar falokatga olib kelgan yirik zarbalari boshlanganidan buyon G‘arbiy sohildagi falastinliklarga ham bosim kuchaygan. Ayniqsa, 2025 yilning yanvar oyidan boshlab, radikal yahudiy guruhlarning falastinliklarga qarshi hujumlari, jumladan, mintaqa shimolidagi qochqinlar lagerlariga harbiy reydlar bilan parallel ravishda kuchaygan.

Mavzuga oid