Jahon | 21:14 / 09.07.2025
6014
2 daqiqa o‘qiladi

Ukrainada «Neptun» raketasiga oid maxfiy ma’lumotlarni o‘g‘irlashga uringan xitoylik josuslar ushlandi

Xitoylik ota-bola raketani ishlab chiqarishga aloqador Ukraina fuqarosini og‘dirib olishga uringan va shundan so‘ng maxsus xizmatlar kuzatuvi ostiga olingan.

Foto: Ukraina xavfsizlik xizmati

Kiyevda Ukrainaning «Neptun» raketasini ishlab chiqarishga aloqador maxfiy hujjatlarni mamlakatdan olib chiqib ketishga uringan ikki nafar xitoylik qo‘lga olindi. Bu haqda mamlakat xavfsizlik xizmati xabar berdi.

Maxsus xizmatlar ma’lumotlariga ko‘ra, «xitoylik josuslar»dan biri Kiyevdagi texnika universitetining 24 yoshli sobiq talabasi. U 2023 yilda o‘qishgan haydalgan bo‘lsa ham Kiyevda qolgan. Qo‘lga olingan ikkinchi shaxs — ushbu yigitning otasi bo‘lib, u «o‘g‘lining razvedka faoliyatini shaxsan muvofiqlashtirish uchun» Ukrainaga tez-tez kelib turgan.

Ukraina xavfsizlik xizmati versiyasiga ko‘ra, xitoylik talaba maxfiy materiallarni qo‘lga kiritish uchun qurollar ishlab chiqarishga aloqador Ukraina fuqarosini og‘dirib olishga uringan. Ammo u darhol kuzatuv ostiga olingan va texnik hujjatlarni topshirish vaqtida ushlangan. Shundan keyin uning otasini qo‘lga olish operatsiyasi amalga oshirilgan. Erkak hujjatlarni XXR maxsus xizmatlariga topshirishi kerak bo‘lgan.

Tintuv vaqtida har ikki shaxsning ham telefonlari olib qo‘yilgan, qurilmalarda ularning josuslik faoliyatini isbotlovchi ma’lumotlar mavjud. «Josuslik»da gumonlanayotgan shaxslar 15 yilgacha ozodlikdan mahrum etilishi mumkin. Xitoyning Kiyevdagi elchixonasi hozircha vaziyatga izoh bermadi. Reutersʼning yozishicha, Ukrainaga josuslikda ayblanib, XXR fuqarolarining hibsga olinishi 2022 yilda boshlangan Rossiya tajovuzidan beri birinchi marta sodir bo‘lmoqda.

Ukraina Qurolli kuchlari urush boshlangan beri uzoq masofaga mo‘ljallangan «Neptun» raketalaridan foydalanib kelyapti. Ular soatiga 900 kilometr tezlikda 300 kilometr masofaga ucha oladi. Ukrainalik harbiylar aynan «Neptun» yordamida 2022 yili Rossiya Qora dengiz flotining flagmani — «Moskva» raketa kreyserini yo‘q qilgandi.

Фозилбек Юсупов
Tayyorlagan Фозилбек Юсупов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid