Jahon | 19:50 / 13.07.2025
4422
2 daqiqa o‘qiladi

AQSh bosh prokurori Trampga qarshi ishlarga aloqador 20 dan ortiq xodimni ishdan bo‘shatdi

Ishdan bo‘shatilganlarning barchasi Trampga qarshi ikkita - hokimiyatni egallashga urinish va maxfiy ma’lumotlarni saqlash bo‘yicha ishlarni tergov qilgan sobiq maxsus prokuror Jyek Smit jamoasida bo‘lgan.

Foto: The New York Times

AQSh bosh prokurori Pem Bondi Adliya vazirligining Donald Trampga qarshi tergov bo‘yicha ish olib borgan 20 dan ortiq xodimini ishdan bo‘shatdi, deb xabar beradi Reuters.

Ishdan bo‘shatilganlar orasida advokatlar va yordamchi xodimlar ham bor. Ularning kamida ikki nafari prokuror bo‘lib, Florida va Shimoliy Karolinada ishlagan.

Agentlikning qayd etishicha, ishdan bo‘shatilganlarning barchasi Trampga qarshi ikkita — hokimiyatni egallashga urinish va maxfiy ma’lumotlarni saqlash bo‘yicha ishlarni tergov qilgan sobiq maxsus prokuror Jyek Smit jamoasida bo‘lgan.

Ta’kidlanishicha, bu Trampga qarshi ishlar ustida faoliyat yuritgan Adliya vazirligi xodimlarining birinchi marta ommaviy bo‘shatilishi emas. Yanvar oxirlarida Adliya vazirligiga vaqtincha rahbarlik qilgan Jyeyms Makgenri 14 nafar advokatni ishdan olgandi.

Reuters hisob-kitoblariga ko‘ra, Smit jamoasida ishlagani uchun bo‘shatilgan xodimlar soni 37 kishiga yetgan. Vazirlikning yana 15 xodimi ishdan olinishi kutilmoqda.

2025 yil yanvarda maxsus prokuror Jyek Smit iste’foga chiqqandi. Donald Tramp 2024 yil noyabrda prezidentlik saylovlarida g‘alaba qozongach, Smit Vashingtondagi federal sudyaga Trampga qarshi barcha ayblovlarni olib tashlash bo‘yicha iltimosnoma kiritgan. Maxsus prokuror Trampning inauguratsiyasi oldidan barcha ayblovlarni olib tashlashga urinayotganini ma’lum qilgandi, chunki AQSh Adliya vazirligi amaldagi prezidentni ta’qib qila olmaydi.

Smit o‘zining tergoviga oid hisobotida agar Tramp prezidentlik saylovlarida g‘alaba qozonmaganida, unga nisbatan hokimiyatni egallashga urinish ishi bo‘yicha ayblov e’lon qilingan bo‘lishini yozgan.

Фозилбек Юсупов
Tayyorlagan Фозилбек Юсупов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid