Jahon | 11:09 / 15.07.2025
1474
2 daqiqa o‘qiladi

Mers Trampning Ukraina uchun qurol bo‘yicha tashabbusini olqishladi

«Prezident Tramp muhim tashabbus bilan chiqdi», - dedi Germaniya kansleri Fridrix Mers AQSh prezidentining Ukrainaga Yevropa davlatlari hisobidan qurol yetkazib berish haqidagi g‘oyasi bo‘yicha.

Foto: NATO/UPI Photo/Newscom/picture alliance

Germaniya kansleri Fridrix Mers AQSh prezidenti Donald Trampning Yevropa davlatlari hisobidan Ukrainaga qurol yetkazib berish g‘oyasini olqishladi. «Prezident Tramp bugun muhim tashabbus bilan chiqdi: agar yevropalik hamkorlar moliyalashtirsa, AQSh Ukrainani katta miqdorda qurol-yarog‘ bilan ta’minlaydi», — deb yozdi Mers 14 iyul, dushanba kuni o‘zining X  akkauntida.

Uning so‘zlariga ko‘ra, bu tashabbusni Tramp bilan «so‘nggi kunlarda» muhokama qilgan va Amerika prezidentini Germaniya «bunda hal qiluvchi rol o‘ynashiga» ishontirgan. «Biz buni o‘z manfaatlarimiz yo‘lida qilyapmiz. Bu Ukrainaga Rossiya bombardimonlari dahshatidan o‘zini himoya qilishga yordam beradi. Bu Moskvaga bosimni kuchaytirishning yagona yo‘li, natijada u nihoyat tinchlik muzokaralariga rozi bo‘ladi», deb davom etdi federal kansler.

Jurnalistlarning AQSh va uning ittifoqchilari Ukrainaga Patriot havo mudofaa tizimlarini yetkazib berishni rejalashtiryaptimi, degan savoliga Donald Tramp 14 iyul kuni NATO bosh kotibi Mark Ryutte bilan uchrashuvda bu «bir necha kun ichida» amalga oshishini aytdi.

«Bizda 17 ta Patriot tizimini yetkazib berishga tayyorlanayotgan bitta mamlakat bor. Ularga kerak bo‘lmaydi. Shuning uchun biz bu 17 tasining aksariyati qayerga ketishini kelishib olamiz. Ular urush tomoniga boradi», — deya qo‘shimcha qildi Tramp.

Uning so‘zlariga ko‘ra, Patriot bo‘yicha bitimda ushbu tizimlarga ega bo‘lgan bir qancha davlatlar ishtirok etadi. Ular uni «almashtiradi», dedi Tramp. «Ukraina haqiqatda katta miqdorda harbiy texnika oladi: havo mudofaasi ham, raketalar va o‘q-dorilar ham», — dedi Ryutte.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid