Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Rossiya Axios'ning Putinning Eron bo‘yicha pozitsiyasi haqidagi ma’lumotini rad etdi
Rossiya prezidentining Eronni AQSh bilan kelishuv doirasida uranni boyitishdan voz kechishga yashirincha chaqirgani haqidagi Amerika nashrining ma’lumoti «maqsadli dezinformatsiya», deya ma’lum qildi Moskva.
Rossiya TIV Amerikaning Axios nashri Rossiya prezidenti Vladimir Putin AQSh bilan yangi «yadroviy bitim» tuzish uchun Eronni uran boyitishdan voz kechishga yashirincha chaqirgani haqida tarqatgan ma’lumotni «maqsadli dezinformatsiya» deb atadi.
Rossiya TIV ma’lumot «Eron yadro dasturi atrofidagi keskinlikni kuchaytirish»ni maqsad etganini taxmin qildi. Moskvaning ta’kidlashicha, u «doimiy va qayta-qayta» inqirozni «faqat siyosiy va diplomatik yo‘llar bilan» hal qilish zarurligini ta’kidlagan va «o‘zaro maqbul yechimlarni topishda yordam berishga tayyorligini» bildirgan.
12 iyul kungi Axios xabariga ko‘ra, Putin amerikalik hamkasbi Donald Trampga ham, Eron rasmiylariga ham Islom Respublikasi uranni boyitishdan butunlay voz kechishi haqidagi kelishuv g‘oyasini qo‘llab-quvvatlashini aytgan. Nashrning yozishicha, Putin so‘nggi bir necha hafta ichida bu masala bo‘yicha Tehronga «qayta-qayta» murojaat qilgan va bundan Isroil rasmiylari ham xabardor bo‘lgan.
2025 yil 13 iyunga o‘tar kechasi Isroil «Arslon isyoni» operatsiyasini boshladi: Isroil harbiy-havo kuchlari 12 kun davomida Eron yadroviy dasturi obektlari va Islom inqilobi muhofizlari korpusi qo‘mondonlik markazlarini bombardimon qildi. Eron Isroil hududiga javob zarbalarini berdi. AQSh 22 iyunga o‘tar kechasi Eronning Fordo, Natanz va Isfaxondagi yadroviy inshootlariga zarba berib, mojaroga qo‘shildi. 24 iyun kuni Isroil va Eron o‘t ochishni to‘xtatishga kelishib oldi.