Jahon | 13:55 / 23.07.2025
4373
9 daqiqa o‘qiladi

JSST omboriga hujum qilgan Isroil, Ahmad ash-Shar’aga uyushtirilgan suiqasdlar va yana YuNeSKOdan chiqayotgan AQSh – kun dayjesti

O‘tgan kun davomida jahonda ro‘y bergan eng asosiy voqea va yangiliklar sharhi bilan kundalik xabarnomada tanishtiramiz.

 

Isroil G‘azodagi JSST xodimlari turar joyi va omboriga hujum qildi

Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti dushanba kuni Isroil harbiylari G‘azo sektoridagi Deir al-Balah shahrida joylashgan tashkilot xodimlari yashash joyi va asosiy omboriga hujum qilganini ma’lum qildi. Bu hujumlar JSSTning G‘azodagi faoliyatini jiddiy xavf ostiga qo‘ygan.

JSST bayonotida aytilishicha, tashkilot xodimlari yashaydigan bino uch marotaba bombardimon qilingan, aviazarbalar yong‘in chiqishiga va katta zarar yetishiga olib kelgan. Bu holat xodimlar va ularning oilalari, jumladan bolalar hayotini xavf ostiga qo‘ygan.

JSST ikki nafar xodimi va ularning ikki oila a’zosining hibsga olinganini bildirdi. Ularning uch nafari keyinchalik qo‘yib yuborilgan, biroq bitta xodim hali ham hibsda qolmoqda. Tashkilot bosh direktori Tedros Adxanom «JSST xodimining darhol ozod qilinishini va barcha xodimlar xavfsizligini ta’minlashni» talab qildi.

Dushanba kuni Isroil tanklari ilk bor Deir al-Balahning janubiy va sharqiy hududlariga kirib bordi. Isroil rasmiylariga ko‘ra, bu hududda garovga olinganlar bo‘lishi mumkin. Hududga kirgan tanklar uylar va masjidlarga o‘q uzgan.

G‘azo Sog‘liqni saqlash vazirligi o‘zining kundalik yangilanishida, o‘tgan 24 soat ichida Isroil zarbalari va o‘q uzishlari natijasida kamida 130 falastinlik halok bo‘lganini, yana 1 000 dan ortig‘i yaralanganini bildirdi — bu so‘nggi haftalardagi eng yuqori ko‘rsatkichlardan biridir.

Deir al-Balah shahri 21 oydan buyon davom etayotgan urushda G‘azodagi asosiy insonparvarlik markazi bo‘lib qolmoqda. G‘azo sog‘liqni saqlash rasmiylari yaqin kunlarda ochlikdan «ommaviy o‘limlar» xavfi haqida ogohlantirmoqda.

BMT bosh kotibi Antoniu Guterrish G‘azoda gumanitar ahvolning keskin yomonlashgani haqida «og‘ir xavotirda» ekanini bildirgan. «Bu yerda hayotni saqlab qolayotgan so‘nggi chiziqlar uzilmoqda».

Isroil 2023 yil oktyabridan buyon G‘azoda olib borayotgan genotsid ko‘rinishidagi urushi natijasida 59 mingdan ortiq falastinliklar halok bo‘ldi, yuz minglab insonlar jarohatlandi.

AQSh yana YuNeSKOdan chiqmoqchi

Amerika Qo‘shma Shtatlari 2026 yil 31 dekabrdan boshlab BMTning Ta’lim, fan va madaniyat bo‘yicha tashkiloti – YuNESKOdan chiqishini rasman e’lon qildi. Oq uy matbuot kotibi o‘rinbosari Anna Kelli ma’lum qilishicha, prezident Donald Tramp shunday qaror qabul qilgan.

Uning so‘zlariga ko‘ra, ushbu qaror AQSh prezidenti tomonidan YuNeSKO «noyabr oyida amerikaliklar ovoz bergan sog‘lom fikr va siyosatga mutlaqo zid bo‘lgan qarama-qarshi, ixtilofli madaniy va ijtimoiy loyihalarni» qo‘llab-quvvatlagani uchun qabul qilingan.

Oq uy vakilining ta’kidlashicha, Tramp ma’muriyati YuNeSKO tashkilotini «falastinparast va xitoyparast» deb biladi.

YuNESKO Bosh direktori Odri Azuley Tramp ma’muriyatining yana tashkilotni tark etish qaroridan «chuqur afsusda» ekanini bildirdi.

«Bu qaror ko‘p tomonlama hamkorlik asoslarini inkor etadi. Har qancha afsusli bo‘lmasin, bu qaror kutilgan va YuNESKO bunga tayyor edi», — dedi Azuley.

Uning aytishicha, chiqishga sabab bo‘lgan omillar so‘nggi yetti yilda sezilarli darajada o‘zgarmagan bo‘lsada, tashkilotdagi siyosiy muhit va YuNESKOning kelishuvga asoslangan yondashuvi yaxshilangan.

Azuleyning aytishicha, AQSh hissasi hozirda YuNESKO budjetining atigi 8 foizini tashkil etadi, bu boshqa ayrim BMT agentliklaridagi 40 foizli ulushdan ancha kam. Shu bilan birga, YuNESKOning umumiy budjeti oxirgi yillarda barqaror o‘sib bormoqda.

AQSh YuNeSKO tarkibidan chiqishini 2017 yil oktyabrida, Trampning birinchi prezidentlik muddati paytida ham e’lon qilgan edi. Shu vaqtda ma’muriyatdagilar bu qarorni tashkilotning Isroilga qarshi siyosati va YuNeSKO tashkilotini isloh qilish zarurati bilan izohlagandi. Jo Bayden 2021 yilda prezidentlik lavozimiga kirishganidan keyin Trampning bu qarorini bekor qildi.

OAV: Ahmad ash-Shar’aga nisbatan uch marta suiqasd uyushtirildi

Suriya prezidenti Ahmad ash-Shar’a so‘nggi yetti oy ichida kamida uch marta suiqasdga urinish nishoniga aylandi. Bu haqda Isroilning «Yediot» gazetasi o‘z manbalariga tayanib xabar berdi.

Xabarda aytilishicha, hujumlardan biri Turkiya xavfsizlik kuchlarining aralashuvi natijasida oldi olingan.

Xususan, birinchi suiqasdga urinish Damashqdagi Qasr al-Shaab saroyi yaqinida sodir bo‘lgan. Turkiya maxsus xizmatlari tezkor harakat qilgan va gumonlanuvchilarni zararsizlantirishga muvaffaq bo‘lgan.

Ikkinchi suiqasd esa Iordaniya bilan chegaradosh Dera shahri yaqinida tayyorlangan. Ahmad ash-Shar’a bu mintaqaga tashrif buyurgan vaqtda ikki gumonlanuvchi aniqlangan. Suriya va Turkiya xavfsizlik kuchlarining hamkorlikdagi sa’y-harakatlari orqali prezident kortejining yo‘nalishi o‘zgartirilgan va hujumning oldi olingan. Bu hodisa jamoatchilikka ochiqlanmagan.

Uchinchi — va eng jiddiy — suiqasd urinish Damashqda, prezidentning doimiy harakatlanadigan yo‘nalishida tayyorlangan qurolli pistirma shaklida amalga oshirilgan. Turkiya va Suriya razvedka xizmati hodisalardan oldin hujum tayyorgarligini aniqlashga muvaffaq bo‘lgan.

Isroil va arab manbalarining ta’kidlashicha, prezident Ahmad ash-Shar’a suiqasdlarga oid ma’lumotlarni oshkor etmaslikni buyurgan. Bu orqali jamoatchilik orasida vahima tarqalishining oldini olish va raqib kuchlarga bu hodisalarni siyosiy maqsadlarda ishlatish imkonini bermaslikka harakat qilingan.

Eronda iPhoneʼlar kiberhujumga uchragani ma’lum bo‘ldi

Apple kompaniyasi Isroil bilan urushdan oldingi oyda eronliklarga smartfonlari kiberhujumga uchragani haqida ogohlantirish yuborgan. Bu haqda Ostindagi Mian Grup inson huquqlari tashkilotining yangi tadqiqotiga tayanib, Bloomberg xabar berdi.

Tadqiqotchilar 2025 yil birinchi yarmida Apple kompaniyasidan kibertahdid haqida xabarnoma olgan bir qancha eronliklarni aniqladi va ular umumiy nishonlarning faqat kichik qismi bo‘lishi mumkin. Shvetsiyada joylashgan kiberxavfsizlik tadqiqotchisi va DarkCell kompaniyasi asoschisi Hamid Kashfiy ham josuslik dasturiy ta’minoti qurboni bo‘lgan eronliklarning yana bir guruhini aniqladi.

Hujumlar Eron ichida ham, xorijda yashovchi eronliklarga qarshi ham uyushtirilgan va bunday ilg‘or kiber-razvedka vositalaridan foydalanishning birinchi oshkor namunasi deyilmoqda. Hujumlar ortida kim turgani noma’lum. Mian Grup ma’lumotlariga ko‘ra, qurbonlar orasida mamlakat ichidagi ikki eronlik dissident va Yevropada yashovchi Eron fuqaroligiga ega IT-mutaxassisi bo‘lgan — ularning iPhoneʼlari josuslik dasturiy ta’minotini o‘rnatish obektiga aylangan.

Kashfiy 12 nafar qurbonni topdi — ularning barchasi Eron ichida bo‘lib, mamlakatning texnologiya sohasida yoki hukumat uchun ishlagan. Hujumlar «favqulodda kamdan kam uchraydigan» va «millionlab dollar qiymatli» deb ta’riflangan.

Rossiyaga qarshi sanksiyalar Xitoy va YeI munosabatlariga zarba berdi

Xitoy Savdo vazirligi Yevropa Ittifoqining Rossiyaga qarshi yangi sanksiyalari Pekin va Bryussel munosabatlariga salbiy ta’sir ko‘rsatayotganini ma’lum qildi. Gap 18 iyul kuni Rossiyaning Ukrainaga qarshi davom etayotgan tajovuzi munosabati bilan Yevropa Ittifoqida qabul qilingan Moskvaga qarshi cheklov choralarining 18-paketi haqida ketmoqda.

«Yevropa Ittifoqining harakatlari Xitoy va YeI rahbarlari o‘rtasida erishilgan kelishuvlarga zid keladi hamda Xitoy va YeI o‘rtasidagi savdo munosabatlari va moliyaviy hamkorlikka jiddiy salbiy ta’sir ko‘rsatadi», — dedi vazirlik vakili Pekinda jurnalistlarga.

Bryussel tomonidan kiritilgan cheklovlar Rossiyaning «soyadagi» floti 105 tankeriga ta’sir qildi. Rossiya neftining narxi bir barrel uchun 47,6 dollargacha pasaytirildi. Xitoyning ikkita banki ham sanksiyalar ro‘yxatiga kiritilgan. Yevropa Ittifoqi ma’lumotlariga ko‘ra, ushbu moliya institutlari kriptovaluta operatsiyalari bilan shug‘ullangan, bu esa Moskvaga qarshi sanksiyalar samaradorligiga putur yetkazgan.

Paket Rossiya harbiy-sanoat kompleksiga to‘g‘ridan to‘g‘ri yoki bilvosita yordam ko‘rsatuvchi yoki sanksiyalardan qochishda ishtirok etuvchilar ro‘yxatiga 26 ta tashkilotni qo‘shdi. Ulardan yettitasi Xitoy va Hongkongda joylashgan.

Фаррух Абсаттаров
Tayyorlagan Фаррух Абсаттаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid