Jahon | 13:12 / 28.07.2025
2510
2 daqiqa o‘qiladi

Suriyada Asad hokimiyatdan ag‘darilganidan keyin birinchi saylovlar o‘tkaziladi

Suriya parlamentiga saylovlar Damashq kutganidan ertaroq, sentabr oyida bo‘lib o‘tadi. Bunga G‘arb ta’siri sabab bo‘lishi mumkin, deb yozadi OAV.

Foto: Omar Haj Kadour/AFP

15—20 sentabr kunlari Suriyada mahalliy parlament — Xalq kengashi (Majlis ash-Shab)ga muddatidan oldin saylovlar bo‘lib o‘tadi. Bu haqda 27 iyul, yakshanba kuni Suriyaning Sana davlat axborot agentligi mamlakatning iyun oyida tuzilgan saylov komissiyasi raisi Muhammad Taha al-Ahmadga tayanib xabar berdi.

Bir kun avval al-Ahmad Suriya prezidenti Ahmad al-Shar’aga (Muhammad al-Julani nomi bilan ham tanilgan) o‘tish davridagi prezidentlikka saylovlar o‘tkazish rejalarini taqdim etgan edi. Suriya saylov komissiyasi rahbarining so‘zlariga ko‘ra, al-Shar’a tegishli farmonni imzolaganidan so‘ng uch hafta ichida Suriyada saylov organlari tuziladi, shundan so‘ng nomzodlar ariza topshirishi va debatlar o‘tkazishi mumkin bo‘ladi.

Rejaga ko‘ra, Respublika xalq kengashi tarkibiga 210 nafar deputat kiradi. Biroq ularning faqat uchdan ikki qismi fuqarolarning ovoz berish natijalariga ko‘ra tanlanadi – qolgan 70 nafari mamlakat prezidenti tomonidan tayinlanadi. O‘tish davrida parlament Suriya uchun yangi qonunchilikni shakllantirishga mas’ul bo‘ladi va mamlakat uchun doimiy konstitutsiya yaratishga yordam beradi.

Mart oyida al-Shar’a o‘tish davri uchun konstitutsiyaviy deklaratsiyani imzoladi — unga ko‘ra, muvaqqat parlament vakolat muddati dastlab uch yil bo‘ladi, shundan so‘ng organ qayta saylanishi mumkin. Shu bilan birga, Xalq kengashi davlat rahbarini lavozimidan chetlashtirish yoki uning vakolatlarini cheklash huquqiga ega bo‘ladi. Shu bilan birga, hujjatda dastlabki bosqichda oliy ijro etuvchi hokimiyatni faqat prezident amalga oshirishi belgilab qo‘yilgan.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid