Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Rossiya avgustdan Ukraina bilan chegaradagi 20 ta o‘tish joyini yopadi
Rossiya bosh vaziri Mixail Mishustin 1 avgustdan boshlab Ukraina bilan chegaradagi 20 ta nazorat-o‘tkazish punktini yopib qo‘yish haqidagi hujjatni imzoladi. Ulardan 13 tasi avtomobil va 7 tasi temiryo‘l nazorat punktlaridir.
Rossiya hukumati 2025 yilning 1 avgustidan boshlab Ukraina bilan chegaradagi yigirmata nazorat-o‘tkazish punktini yopib qo‘yishni buyurdi. Ulardan 13 tasi avtomobil va 7 tasi temiryo‘l nazorat punktidir. Tegishli hujjatni 28 iyul, dushanba kuni Rossiya bosh vaziri Mixail Mishustin imzoladi.
TASS agentligining ta’kidlashicha, aslida yopilishi kerak bo‘lgan nazorat-o‘tkazish punktlari uzoq vaqt davomida ishlamayapti, «lekin 1995 yildan beri Rossiya va Ukraina o‘rtasidagi hukumatlararo kelishuvning bir qismi bo‘lgan holda qog‘ozda mavjud bo‘lib kelgan».
Rossiya vazirlar mahkamasi tomonidan yopilayotgan chegara punktlari Belgorod, Bryansk, Rostov, Voronej va Kursk viloyatlarida joylashgan. Ularning bir qismi Ukrainaning Rossiya Qurolli kuchlari tomonidan bosib olingan qismlari bilan chegaradadir.
Ukraina Davlat chegara xizmati rahbari Andrey Demchenko Rossiya rasmiylarining qaroriga javob qaytardi va «rossiyaliklarning mantig‘ini tushunish unga qiyin» ekanini ta’kidladi: «Nima uchun bosqinchi davlat keng ko‘lamli urushning to‘rtinchi yilida Ukraina bilan chegaradagi bir qator nazorat-o‘tkazish punktlari yopilganini e’lon qilishga qaror qildi».