Jahon | 23:46 / 30.07.2025
5717
3 daqiqa o‘qiladi

Xitoy AQSh tahdidiga qaramay, Rossiya neftini sotib olishdan voz kechmadi

Xitoy rasmiylari «o‘z energetika suverenitetini himoya qilishini» va neft sotib olish mamlakat ichki siyosatiga asoslanishini ma’lum qildi.

Foto: Reuters

Xitoy AQSh tomonidan keng ko‘lamli bojlar joriy etish tahdidi e’lon qilinishiga qaramay, Rossiya neftini sotib olishni to‘xtatishdan bosh tortdi. Bu haqda AQSh moliya vaziri Skott Bessent Stokholmda Xitoy bilan o‘tkazilgan ikki kunlik savdo muzokaralari yakunlari bo‘yicha ma’lum qildi, deb xabar berdi Reuters.

Xitoy rasmiylari Amerika tomoniga «o‘z energetika suverenitetini himoya qilishini» va neft sotib olish mamlakat ichki siyosatiga asoslanishini aytgan.

Bessent xitoylik hamkasblarini sanksiyalangan Rossiya neftini sotib olishni davom ettirish katta bojlar joriy etilishiga olib kelishidan ogohlantirgan. Shuningdek u Xitoyning sanksiya ostidagi Eron neftini sotib olish va Rossiyaga Ukrainaga qarshi urushni qo‘llab-quvvatlash uchun 15 milliard dollardan ortiq ikki maqsadli tovarlarni sotish davom etayotganidan noroziligini bildirgan.

AQSh Kongressi tomonidan qabul qilingan qonun Trampga Rossiya neftini sotib oluvchi mamlakatlar uchun 500 foizgacha boj joriy etish vakolatini beradi, bu esa, Bessent so‘zlariga ko‘ra, AQSh ittifoqchilarini Rossiyaning energiya daromadlarini to‘sib qo‘yish uchun xuddi shunday choralar ko‘rishga majbur qiladi.

Reuters nashriga ko‘ra, Xitoy Rossiya neftining eng yirik xaridori bo‘lib qolmoqda - kuniga taxminan 2 mln barrel, undan keyin Hindiston va Turkiya.

Shu bilan birga, AQSh prezidenti Donald Tramp Hindiston tovarlariga 25 foizlik bojlar, shuningdek, Amerika uchun «yuqori hind tariflari» va Nyu-Dehlining Moskva bilan savdo aloqalari tufayli qo‘shimcha jarimalar joriy etilishini e’lon qildi. Chora 2025 yil 1 avgustdan kuchga kiradi. Oq uy rahbari Truth Social ijtimoiy tarmog‘idagi bayonotida Hindistonni Rossiyadan harbiy texnika va energiya resurslarini sotib olgani uchun tanqid qilib, buni Ukrainadagi urushni to‘xtatish uchun to‘siq deb atagan.

Сардор Юсупов
Tayyorlagan Сардор Юсупов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid