Jahon | 07:36 / 01.08.2025
1476
2 daqiqa o‘qiladi

Ukrainalik qochqinlarga urush tugaguniga qadar AQShda qolishga ruxsat beriladi

AQSh prezidenti Donald Tramp ukrainalik qochqinlarga urush oxirigacha o‘z mamlakatida qolishga ruxsat berishi mumkinligini aytdi. Qochqinlar Uniting for Ukraine dasturi doirasida AQShda bo‘lib turibdi.

Foto: REUTERS

AQSh prezidenti Donald Tramp ukrainalik qochqinlarga Rossiyaning Ukrainaga qarshi boshlagan urushi tugaguniga qadar AQShda qolishga ruxsat berishini aytdi. «Biz buni qilamiz. Bizga Ukrainadan ko‘plab odamlar keldi va biz ular bilan ishlayapmiz», dedi Tramp Vashingtonda DW muxbirining savoliga javob berar ekan.

2022 yil fevralida Rossiyaning Ukrainaga qarshi urushi boshlanganidan so‘ng, Qo‘shma Shtatlar Uniting for Ukraine (U4U)dasturi doirasida ukrainaliklarga boshpana berishni boshladi. Dastur AQShda homiylari bor ukrainaliklarga mamlakatga kirish imkonini beradi. Iyun oyida Amerikaning Forbes jurnali ushbu dastur doirasida 236 000 dan ortiq homiylik arizalari ma’qullangani va 187 000 dan ortiq ukrainaliklar Qo‘shma Shtatlarga kelganini xabar qildi.

Mart oyida, Trampning ikkinchi prezidentlik muddati boshida Reuters agentligi, manbalarga ko‘ra, AQSh hukumati 2022 yildan keyin mamlakatga kelgan 240 mingga yaqin ukrainalik qochqinni qonuniy maqomidan mahrum qilishni rejalashtirayotgani haqida xabar bergan edi. Oq uy Reuters ma’lumotini feyk deb atadi.

Aprel oyida Ukrainadan kelgan qochqinlar AQSh Ichki xavfsizlik vazirligidan mamlakatni tark etish so‘ralgan elektron xat oldi. Keyinroq idora xat noto‘g‘ri yuborilganini ma’lum qildi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid