Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Yadroviy kemalarini harakatga keltirgan Tramp, «Oreshnik» bilan maqtangan Putin va Isroilga qurol embargosi – kun dayjesti
O‘tgan kun davomida jahonda ro‘y bergan eng asosiy voqea va yangiliklar sharhi bilan kundalik xabarnomada tanishtiramiz.
Uitkoff uchun G‘azoda uyushtirilgan «sahna»
1 avgust kuni AQSh prezidentining Yaqin Sharq bo‘yicha maxsus vakili Stiv Uitkoff dastlab Isroilga, so‘ngra G‘azodagi Gaza Humanitarian Foundation tomonidan boshqarilayotgan yordam markaziga tashrif buyurdi. Uitkoffning tashrifi G‘azoda boshlangan ocharchilik va Isroilga ortayotgan xalqaro bosim vaqtiga to‘g‘ri keldi.
«Bugun biz G‘azoda besh soatdan ortiq vaqt o‘tkazdik — joylardagi holatni o‘rganib, vaziyatni baholadik. GHF va boshqa tashkilotlar bilan uchrashdik. Tashrifdan maqsad - AQSh prezidentiga G‘azodagi humanitar vaziyat haqida aniq tushuncha berish va aholiga oziq-ovqat, tibbiy yordam yetkazish bo‘yicha reja ishlab chiqishga ko‘maklashish edi», deb yozdi Uitkoff.
Al-Jazeera nashrining yozishicha, aslida tashrifning asosiy maqsadi, AQShning G‘azodagi vaziyat, ayniqsa falastinliklarning ocharchilikdan aziyat chekayotgan holatiga befarq emasligini namoyish etish bo‘lishi mumkin. Chunki oldinroq Trampning o‘zi ham G‘azoda dahshatli ocharchilik borligini tan olgan edi.
BMTning sobiq Bosh kotib o‘rinbosari va favqulodda yordam koordinatori Martin Griffitz, G‘azodagi ko‘plab xorijiy nashr muxbirlari va huquq faollari, bu tashrifni «sahnalashtirilgan propaganda tomoshasi» deya baholamoqda.
«Hammasi silliq va madaniyatli ko‘rinadi: na zo‘ravonlik, na ko‘zni achishtiruvchi gaz, na o‘q ovozi va na qurbonlar bor, hattoki odamlarning to‘poloni ham yo‘q. Bu tomoshaning maqsadi aniq — haqiqatni yo‘q qilish, minglab videolarda hujjatlashtirilgan voqealarni rad etish», deydi faollar.
Bundan tashqari, Uitkoff kelgan vaqtda yordam punktlari atrofida doim turadigan tanklar va snayperlar hududdan olib chiqib ketilgan. Xon Yunusdagi Nasser shifoxonasida ishlayotgan amerikalik pediatr Tom Adamkevich esa AQSh maxsus vakili Stiv Uitkoffni shifoxonaga tashrif buyurishga va ocharchilikning haqiqiy ko‘lamini o‘z ko‘zi bilan ko‘rishga chaqirdi.
G‘azoliklarning Al-Jazeera'ga aytishicha, Uitkoffning tashrifi «ko‘chirilgan, ruhiy zarba olgan va och» odamlar uchun hech qanday umid bermaydi. Bu yerda yashayotganlar «nega u birinchi kuni kelmadi va bu markazlardagi davom etayotgan vahshiyliklarga chek qo‘ymadi?» deya savol bermoqda.
BMTning inson huquqlari bo‘yicha idorasining ma’lum qilishicha, may oyidan beri G‘azodagi aynan ushbu markazda yordam kutayotgan 1 373 nafar falastinlik halok bo‘lgan. «Bu o‘ldirishlarning aksariyati Isroil armiyasi tomonidan sodir etilgan», — deyiladi BMT bayonotida.
Putin va Lukashenkoning intervyusi
Rossiya prezidenti Vladimir Putin va Belarus prezidenti Aleksandr Lukashenko Rossiyaning Valaam orolida uchrashib, oliy darajadagi muzokaralarni o‘tkazdi. Shundan so‘ng 1 avgust kuni skameykada o‘tirgan holda jurnalistlarning savollariga javob qaytardi.
Asosiy mavzu Ukrainadagi urush bo‘ldi. Lukashenko ukrainaliklarni Rossiya bilan shoshilinch sulh tuzishga chaqirdi. Putin Rossiyaning Ukrainadagi maqsadlari o‘zgarishsiz qolganini aytdi.
«Muzokaralar har doim muhim. Kimningdir hafsalasi pir bo‘lishiga kelsak, hafsala pir bo‘lishi ortiqcha umidlardan kelib chiqadi. Rossiyaning 2024 yil yozida e’lon qilgan maqsadlari o‘zgarishsiz qoldi», dedi Putin. Shuningdek, u yangi «Oreshnik» raketasi seriyali ishlab chiqarilayotganini aytdi.
«Bizda ʼOreshnikʼ majmuasi — ya’ni birinchi seriyali raketa ishlab chiqarildi. Va u allaqachon qo‘shinlarga topshirildi. Endi seriyali ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yildi», — dedi Putin.
Lukashenko esa Yevropani sanoatsizlashtirish allaqachon boshlanganini aytdi.
«Aytishlaricha, amerikaliklarning maqsadi shunday emish. Ular esa biz bilan birga bo‘lishi kerak edi – Yevropa Ittifoqi va Rossiya qudratli kuch bo‘lardi. Bu Xitoydan ham dahshatliroq kuch bo‘lardi», dedi Belarus rahbari. Putin esa Yevropa Ittifoqida umuman suverenitet yo‘qligini aytdi.
Shuningdek, Lukashenko Ukraina endi shosha-pisha Rossiyadan sulh so‘rashi kerakligini, aks holda, rossiyaliklar asta-sekin barchasini g‘ajib, egallab, mag‘lub etib, oldinga siljishini aytib tahdid qildi.
Ibrohim kelishuvlari kengayishi mumkin
AQSh prezidenti ma’muriyati Ozarboyjon va ayrim Markaziy Osiyo davlatlarini Isroil bilan munosabatlarni normallashtirishga qaratilgan «Ibrohim kelishuvlari«ga qo‘shish imkoniyatini muhokama qilmoqda. Bu haqda vaziyatdan xabardor bo‘lgan Reuters nashrining besh manbasi ma’lum qilgan. Maqsad – ushbu mamlakatlarning Isroil bilan mavjud aloqalarini chuqurlashtirish.
Ozarboyjon hamda barcha Markaziy Osiyo davlatlari allaqachon Isroil bilan diplomatik munosabatlarga ega. Nashr manbalariga ko‘ra, shu bois ularning kelishuvlarga qo‘shilishi asosan ramziy ahamiyatga ega bo‘lib, savdo va harbiy hamkorlik kabi sohalarda aloqalarni mustahkamlashga qaratiladi.
G‘azodagi qurbonlar sonining keskin oshishi, ocharchilik va Isroil tomonidan yordam yo‘llarining to‘silishi arab dunyosidagi g‘azabni kuchaytirdi va yangi davlatlarini «Ibrohim kelishuvlari»ga jalb etishni qiyinlashtirdi. Xususan, Saudiya Arabistoni Falastin davlatchiligi tan olinmaguncha Isroilni tan olmasligini aytdi.
AQSh Davlat departamenti izoh so‘ralganda aniq mamlakatlarni tilga olmadi, biroq «Ibrohim kelishuvlari»ni kengaytirish Trampning asosiy tashqi siyosiy maqsadlaridan biri ekanini bildirdi. «Biz ko‘proq davlatlarni qo‘shish ustida ishlayapmiz», dedi bir AQSh rasmiysi.
Reutersʼning yozishicha, Oq uy, Isroil TIV, Ozarboyjon hukumati va Vashingtondagi Qozog‘iston elchixonasi bu masalada izoh bermagan. Kun.uz ushbu masala yuzasidan O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligiga so‘rov yubordi.
Ma’lumot uchun «Ibrohim kelishuvlari« dastlab 2020–2021 yillarda, Trampning birinchi prezidentlik davrida, AQSh vositachiligida tuzilgan. U orqali to‘rtta davlat — BAA, Bahrayn, Marokash va Sudan Isroil bilan diplomatik aloqalarni normallashtirishga rozi bo‘lgan edi. Endilikda yangi bosqichda bu kelishuvlar AQSh va Isroilning yumshoq kuchini kengaytirish vositasi sifatida ko‘rilmoqda.
Tramp va Medvedev bahsi
AQSh prezidenti Donald Tramp Rossiya Xavfsizlik kengashi raisi o‘rinbosari Dmitriy Medvedevning provokatsion bayonotlari tufayli «tegishli hududlarga» ikkita yadroviy suvosti kemasini yuborishni buyurdi. Bu haqda Amerika yetakchisi o‘zining ijtimoiy tarmog‘ida ma’lum qildi.
Trampning tushuntirishicha, bunday qarorni har ehtimolga qarshi, «agar bu ahmoqona va gijgijlovchi bayonotlar shunchaki oddiy so‘zlar bo‘lib chiqmasa» qabul qilgan.
«So‘zlar katta ahamiyatga ega va ko‘pincha kutilmagan oqibatlarga olib keladi. Umid qilamanki, bu safar shungacha yetib bormaydi», deb yozdi u.
Dmitriy Medvedev AQSh prezidentiga nisbatan ko‘plab bayonotlarni bergan. Ammo Tramp uning aynan qaysi bayonotlariga e’tibor qaratganini aytmadi.
Avvalroq, Tramp va Medvedev ijtimoiy tarmoqlarda tortishib qolgan: Oq uy rahbari Dmitriy Medvedevni «omadsiz» deb atagandi. Rossiyaning sobiq prezidenti esa Trampga yadroviy qurol bilan tahdid qilgan.
Sloveniya Isroilga qurol embargosini joriy qildi
Sloveniya «Isroil bilan har qanday qurol savdosini, shuningdek o‘z hududi orqali harbiy texnika eksporti va tranzitini» taqiqlagan Yevroittifoqning ilk davlati bo‘ldi.
«Ichki kelishmovchiliklar va bo‘linishlar sababli Yevropa Ittifoqi hozircha bu vazifani bajarolmayapti. Natija esa sharmandali: G‘azoda insonlar ichimlik suv va oziq-ovqatdan mahrum holda halok bo‘lmoqda. Bunday vaziyatda har qanday mas’ul davlat o‘z zimmasiga javobgarlik olib, choralar ko‘rishi shart», deyiladi Sloveniya hukumatining bayonotida.
Shuningdek, Robert Golob hukumati Isroilga nisbatan boshqa milliy choralarni ham ishlab chiqishini bildirdi.
O‘tgan oyda Sloveniya «genotsidga da’vat qiluvchi bayonotlar» bergan Isroilning milliy xavfsizlik va moliya vazirlarini «persona non grata» deb e’lon qilgan edi. 2024 yilda Sloveniya parlamenti Falastin davlatini ham tan olgan.
Tramp: Hindiston Rossiyadan neft xarid qilishni to‘xtatdi
AQSh prezidenti Donald Tramp juma kuni Hindiston endilikda Rossiyadan neft xarid qilmayotganini eshitganini aytib, bu qarorni «yaxshi qadam» deb atadi.
«Eshitishimcha, Hindiston endi Rossiyadan neft sotib olmaydi», — dedi Tramp Oq uyda jurnalistlarga. «Shunday eshitdim. To‘g‘rimi-yo‘qmi, aniq bilmayman, lekin bu yaxshi qadam. Voqealar qanday rivojlanishini ko‘ramiz», — deya qo‘shimcha qildi u.
Tramp ilgari ham Hindistonni nohaq savdo siyosati, shuningdek, Rossiya bilan energetika va qurol-yarog‘ bo‘yicha chuqur aloqalarda ayblab kelgan.
«Shu sababli Hindiston 1 avgustdan boshlab 25 foizlik boj va qo‘shimcha jazo to‘laydi», — deb yozgandi u o‘z ijtimoiy tarmog‘ida.
Tramp bu «jazo» tafsilotlarini ochiqlamagan bo‘lsa-da, Hindistonning yuqori boj stavkalari va Rossiyaga yaqin munosabatlarini tanqid ostiga oldi.
«Hindiston bizning do‘stimiz, ammo yillar davomida biz ular bilan unchalik katta hajmda savdo qilmaganmiz, chunki ularning boj tariflari juda yuqori, dunyodagi eng yuqorilardan biri», — deb yozdi Tramp.
Mavzuga oid
14:40 / 12.06.2026
Trampning «ajoyib kelishuvi» va Meksikada boshlangan futbol bayrami – kun dayjesti
16:14 / 11.06.2026
Yaqin Sharqda urush harakatlari tiklanyapti, Pokiston yana qo‘shnisini bombaladi – kun dayjesti
14:23 / 10.06.2026
Ho‘rmuzda urib tushirilgan «Apache» va Dog‘istonda katta portlash – kun dayjesti
15:29 / 09.06.2026