Ko‘chmas mulk | 07:58 / 04.08.2025
2207
3 daqiqa o‘qiladi

Qurilish obektlarida QR kodli pasport o‘rnatiladi

Qurilish obektlarida QR kodli pasport o‘rnatish tartibi to‘g‘risidagi nizom loyihasi e’lon qilindi.

Foto: zsrf.ru

Nizom talablari hududiy nazorat inspeksiyalardan ro‘yxatdan o‘tgan barcha qurilish obektlariga nisbatan tatbiq etiladi. Nizom talablari davlat sirlari bilan bog‘liq bo‘lgan obektlarga nisbatan tatbiq etilmaydi.

QR kodli pasport hududiy nazorat inspeksiyalardan ro‘yxatdan o‘tgan kunda buyurtmachi tomonidan obektning kirish qismiga yoki barcha uchun ko‘rinadigan joyda o‘rnatiladi.

QR kodli pasport buyurtmachi tomonidan tayyorlanadi. Bunda, QR kodli pasportda quyidagi ma’lumotlar mavjud bo‘lishi lozim: obekt nomi va manzili; buyurtmachi tashkiloti nomi; loyiha tashkiloti nomi; pudratchi tashkiloti nomi; buyurtmachining texnik nazoratchisi familiyasi, ismi, sharifi va xizmat telefon raqamlari; loyihachining mualliflik nazoratchisi familiyasi, ismi, sharifi va xizmat telefon raqamlari; pudratchining ichki nazoratchisi familiyasi, ismi, sharifi va xizmat telefon raqamlari; qurilish muddati (boshlangan sana va yakunlash sanasi); obektning umumiy ko‘rinishlari; obektning qirqimi; obektning bosh tarxi; obektning bosh tarxi qaydnomasi; QR kod («Shaffof qurilish» milliy axborot tizimining «Qurilishda davlat nazorati» elektron platformasida aks etuvchi havola); hududiy nazorat inspeksiyadan ro‘yxatdan o‘tgan sanasi va raqami.

QR kodli pasport hududiy nazorat inspeksiyalaridan ro‘yxatdan o‘tgan kundan boshlab, obekt foydalanishga topshirilgunga qadar amalda bo‘lishi va taqdim etilishi shart. QR kodli pasport namlik va tashqi ta’sirlarga chidamli materialdan tayyorlangan bo‘lishi, umumiy o‘lchamlari 2400x1200 mm ni tashkil etishi hamda yer sathidan kamida 1 m balandlikda o‘rnatilishi lozim.

QR kodli pasportdagi ma’lumotlar «O‘zbekiston davlat tili haqida»gi qonunga muvofiq davlat tilida bayon etilishi lozim. QR kodli pasport tashqi ta’sirlar natijasida yaroqsiz holga kelib, QR kod orqali ma’lumotlarni o‘qish yoki ko‘rish imkoni bo‘lmasa, u yangilanib, qayta tiklanishi lozim. Bunda pasportni yangilash va qayta tiklash buyurtmachining majburiyatiga kiradi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid