Hujjatda davlat xizmatlarini ko‘rsatish sifati va samaradorligini baholashning asosiy mezonlari belgilangan. Ular quyidagilardan iborat:

  • xizmat ko‘rsatish sifati;
  • xizmatning o‘z vaqtida ko‘rsatilgani;
  • xizmatdan foydalanish imkoniyati.

Nizomga ko‘ra, baholovchi (fuqaro) davlat xizmatidan foydalanganidan keyin maxsus QR-kodni skaner qilib, belgilangan mezonlar asosida 1–5 orasida baho va fikrlarini qoldiradi.

Qayd etilishicha, 3 yoki undan past baho, shuningdek salbiy fikrlar davlat xizmatlari sifatini yaxshilash maqsadida vakolatli organlar hamda Adliya vazirligiga avtomatik ravishda yuboriladi. Shundan so‘ng, salbiy bahoga sabab bo‘lgan shart-sharoitlar vakolatli organlar tomonidan o‘rganilib, ularni bartaraf etish choralari ko‘riladi.

Baholash natijalari yaxshilanmasa, Adliya vazirligi mas’ul xodimlarni davlat xizmatlari ko‘rsatishdan chetlashtirish masalasini ko‘rib chiqish bo‘yicha vakolatli organga taqdimnoma kiritishi mumkin.

Shuningdek, baholash yakunlariga ko‘ra davr, vakolatli organ va hududlar (viloyatlar hamda tuman/shaharlar) kesimida reyting shakllantirilib, har chorak, yarim yil va yil yakunlari bo‘yicha keyingi oyning 15-sanasiga qadar YaIDXPda e’lon qilib borilishi belgilangan.