Jahon | 10:43 / 04.08.2025
2759
2 daqiqa o‘qiladi

Tramp: Maxsus elchi Uitkoff 6 yoki 7 avgust kuni Rossiyaga tashrif buyuradi

AQSh maxsus vakili va Rossiya rahbariyati o‘rtasidagi muzokaralar 6 yoki 7 avgust kuni bo‘lib o‘tadi, dedi Donald Tramp. Agar Moskva Ukrainada tinchlik o‘rnatishdan bosh torsa, Vashington sanksiyalar joriy qiladi, deb va’da berdi respublikachi.

Foto: IMAGO/ITAR-TASS

AQSh prezidentining maxsus elchisi Stiven Uitkoff 6 yoki 7 avgust kuni Rossiya rahbariyati bilan muzokaralar o‘tkazish uchun Rossiyaga tashrif buyuradi. Bu haqda AQSh prezidenti Donald Tramp 3 avgust, yakshanba kuni jurnalistlarga ma’lum qildi.

Trampning so‘zlariga ko‘ra, Uitkoff hozirda bor e’tiborini G‘azo sektoriga qaratgan. «U, ehtimol, kelasi hafta, chorshanba yoki payshanba kuni Rossiyaga ketadi. Ular uni ko‘rishni istadi, uchrashuvga taklif qildi. Demak, nima bo‘lishini ko‘ramiz», — dedi Tramp.

Agar Rossiya Ukrainada tinchlik o‘rnatishdan bosh torsa nima bo‘ladi, degan savolga Tramp shunday javob berdi: «Demak, sanksiyalar bo‘ladi. Lekin ular sanksiyalarni aylanib o‘tishga juda usta. Shunday qilib, nima bo‘lishini ko‘ramiz».

AQSh prezidentining so‘zlariga ko‘ra, sanksiyalardan qochish uchun Moskva «odamlar o‘limini to‘xtatish maqsadida bitim tuzishi» kerak. «Biz ko‘plab mamlakatlarning urush olib borishini to‘xtatdik», dedi Tramp Hindiston va Pokiston, Kambodja va Tailand, Kongo Demokratik Respublikasi va Ruandani misol sifatida keltirib. «Biz bu urushni ham to‘xtatamiz va kimdir buni qilishi kerak», dedi respublikachi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid