Jahon | 18:21 / 06.08.2025
5921
2 daqiqa o‘qiladi

Putin va Uitkoff Ukraina inqirozi va ikki tomonlama munosabatlarni muhokama qildi

Rossiya prezidenti va AQSh prezidentining maxsus vakili Moskvada uchrashdi.

Foto: AP

Rossiya prezidenti Vladimir Putin va AQSh prezidentining maxsus vakili Stiven Uitkoff Ukraina inqirozi, shuningdek, AQSh va Rossiya o‘rtasidagi strategik hamkorlikni rivojlantirish istiqbollarini muhokama qildi, dedi jurnalistlarga prezident yordamchisi Yuriy Ushakov.

«Mavzularni aytadigan bo‘lsak, birinchi navbatda, albatta, bu Ukraina inqirozi. Ikkinchi mavzu - AQSh va Rossiya o‘rtasidagi strategik hamkorlikni rivojlantirish istiqbollari», dedi u.

«Biz tomondan, xususan, Ukraina masalasida ba’zi signallar berildi. Tegishli signallar prezident Trampdan ham olindi», deb qo‘shimcha qildi u aniqlik kiritmasdan.

Ushakov yakunlangan suhbatni «juda foydali va konstruktiv» deb atadi.

«Hozir vaziyat shundayki, prezident to‘liq ma’lumotga ega, ya’ni signallarimiz, prezident Trampning signallari. Trampga esa bu uchrashuv natijalari haqida hali xabar berilmagan. Shuning uchun batafsil izoh berishdan o‘zimni tiygan bo‘lardim. Ko‘ramiz, Uitkoff Trampga bugun bo‘lib o‘tgan suhbat haqida qachon xabar bera oladi. Shundan so‘ng, shubhasiz, biz izohlarni yanada muhimroq narsalar bilan to‘ldirishimiz mumkin», dedi Ushakov.

Uitkoff Moskvaga Donald Tramp Putinga qo‘ygan ultimatum muddati tugashidan ikki kun oldin bordi. U Rossiya prezidentidan 8 avgustgacha o‘t ochishni to‘xtatishga rozi bo‘lishni talab qilmoqda, aks holda AQSh Rossiya neftini sotib oluvchilar uchun bojlar joriy etishi mumkin.

 

Сардор Юсупов
Tayyorlagan Сардор Юсупов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid