Jahon | 09:35 / 06.08.2025
1673
2 daqiqa o‘qiladi

Rossiyada yil boshidan buyon 99 nafar top-amaldor korrupsiyada ayblandi

«Novaya gazeta Yevropa» hisob-kitobiga ko‘ra, 2025 yilda mansabdor shaxslarga nisbatan korrupsiya bo‘yicha jinoyat ishlari soni rekord darajaga yaqinlashmoqda.

Foto: Yuriy Kochetkov / EPA

2025 yil boshidan beri Rossiyada kamida 99 deputat va yuqori martabali amaldorga nisbatan korrupsiya ayblovi bo‘yicha jinoiy ta’qiblar boshlangan, deb hisoblaydi «Novaya gazeta Yevropa». Gazetaning xabar berishicha, bir yildan kamroq vaqt ichida jinoyat ishlari soni 2024 yil (122 ta holat) ko‘rsatkichlariga yaqinlashib qoldi va butun 2021 yilga nisbatan (53 ta holat) deyarli ikki baravar ko‘p.

«Novaya gazeta Yevropa» o‘z hisob-kitoblarida federal va mintaqaviy vazirlik va idoralar rahbarlarining o‘rinbosarlaridan past bo‘lmagan mansabdor shaxslarga, shuningdek, viloyatlar poytaxtlari merlari va ularning o‘rinbosarlariga nisbatan jinoiy ishlarni hisobga oldi. Ma’lum bo‘lishicha, ularga nisbatan har oyda o‘rtacha 14 ta jinoyat ishi qo‘zg‘atiladi.

Shu bilan birga, jurnalistlar faqat deputatlar va mansabdor shaxslarning jinoiy javobgarlikka tortilishini hisobga olgan, davlat korxonalari va davlat muassasalari rahbarlari esa hisob-kitoblarga kiritilmagan. Idora mansabdor shaxslari orasida eng ko‘p jinoiy ishlar huquqni muhofaza qilish organlari xodimlariga nisbatan ochilgan – jinoiy ishlarning 28 foizi. Keyingi o‘rinlarda qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi – 18 foiz, iqtisodiyot va sanoat – 11 foiz, transport va atrof-muhitni boshqarish – har biri 8 foiz.

Oxirgi 10,5 yil ichida yuqori martabali amaldorlar hibsga olinishining deyarli yarmi Rossiyaning Ukrainaga bostirib kirishi boshlanganidan beri 3,5 yil ichida sodir bo‘lgan. Shu bilan birga, eng yuqori darajadagi hibsga olingan federal amaldorlar soni — vazirlardan tortib departament boshliqlari va ularning o‘rinbosarlarigacha — urushdan oldingi ko‘rsatkichlardan oshib ketdi, deb hisoblaydi "Novaya gazeta Yevropa".

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid