Jahon | 15:26 / 07.08.2025
4650
2 daqiqa o‘qiladi

Rubio: Rossiya Ukrainadagi sulhni hududiy mavzu bilan bog‘layapti

Uitkoff va Putinning Moskvadagi uchrashuvidan so‘ng, Qo‘shma Shtatlar Rossiya Ukrainadagi urushni qanday sharoitlarda tugatishga tayyorligini yaxshiroq tushundi, dedi AQSh Davlat departamenti rahbari.

Foto: Mandel Ngan / Reuters

Moskvaning pozitsiyasi shundan iboratki, Ukrainada o‘t ochishni to‘xtatish bo‘yicha har qanday kelishuvning asosiy elementlari hududiy mavzuni o‘z ichiga olgan masalalar bo‘ladi. Bu haqda 7 avgust, payshanbaga o‘tar kechasi, Rossiya prezidenti Vladimir Putin va AQSh prezidentining maxsus elchisi Stiv Uitkoffning Moskvadagi uchrashuvidan ko‘p o‘tmay, AQSh davlat kotibi Marko Rubio ma’lum qildi. Uning so‘zlariga ko‘ra, ushbu uchrashuvdan so‘ng Vashington Rossiya Ukrainada o‘t ochishni to‘xtatishga qanday sharoitlarda tayyor bo‘lishini «yaxshiroq tushunib yetdi». «Bizda urushni tugatish uchun Rossiya talab qiladigan narsalar haqida birinchi marta aniq misollar paydo bo‘ldi», dedi Rubio Fox Business telekanalidagi Kudlow dasturida.

Putin va Uitkoff o‘rtasidagi uchrashuvdan so‘ng, AP va dpa agentliklari AQSh va Germaniya hukumatlaridagi anonim manbalarga tayanib Donald Tramp Ukrainadagi urushni tugatish masalasini muhokama qilish uchun Vladimir Putin bilan uchrashmoqchi ekanligi va bu uchrashuv 11 avgust kuni boshlanadigan haftaning boshida bo‘lib o‘tishi mumkinligi haqida olgan ma’lumotlarini e’lon qildi.

Marko Rubio ushbu xabarlarga izoh berar ekan, Tramp va Putin uchrashuvi aynan shu sanada bo‘lib o‘tishi yoki bo‘lmasligini bilmasligiga ishora qildi. Hammasi tomonlar qanday o‘zgarishga erishganiga bog‘liq, deya tushuntirdi u. Bundan tashqari, bunday uchrashuv xavfsizligini ta’minlash uchun «ko‘p ish qilish kerak», deya qo‘shimcha qildi AQSh davlat kotibi.

Tramp va Putin o‘rtasidagi telefon suhbati hozircha Amerika davlati rahbarining rejasida yo‘q, deya aniqlik kiritdi Rubio.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid