Jahon | 21:22 / 08.08.2025
7325
2 daqiqa o‘qiladi

Lukashenko navbatdagi prezidentlik saylovida qatnashmasligini aytdi

Shuningdek, o‘g‘li Nikolay ham prezident bo‘lmasligini ma’lum qildi.

Foto: Getty images

Belarus prezidenti Aleksandr Lukashenko yangi prezidentlik muddatiga nomzodini qo‘yishni rejalashtirmayotganini ma’lum qildi.

«Yo‘q, men hozir rejalashtirmayapman, rejalashtirmayapman», dedi u Amerikaning Time jurnaliga bergan intervyusida.

U o‘zini 80 yoshga yaqinlashayotgan Tramp bilan taqqosladi va undan yoshroq, shuningdek, yaxshi jismoniy holatda ekanini ta’kidladi.

Lukashenko G‘arb matbuotida o‘g‘li Nikolay Belarus prezidenti bo‘lishi mumkinligi haqida tarqalgan xabarlarga ham izoh berdi.

«Yo‘q, u voris emas. Nimani so‘ramoqchi bo‘lganingni bilardim. Yo‘q, yo‘q, yo‘q. Mana o‘zidan so‘ra - bu bilan uni qattiq xafa qilishing mumkin», dedi Belarus rahbari.

Lukashenkoning ta’kidlashicha, uning o‘g‘li Nikolay o‘zining siyosatini qo‘llab-quvvatlasa-da, «hamma narsani tushunadi va anglaydi», biroq «ma’lum darajada o‘ziga muxolifatchi» hisoblanadi.

Belarus prezidenti keyingi davlat rahbari boshqacha siyosat olib boradigan odam bo‘lishini istisno qilmadi.

«Faqat birdaniga hech narsani buzib qo‘ymasin, men qilganimdek, kuchlilarning yelkasiga tayanib, bor narsaga tayanib, mamlakatni xotirjam evolyutsion rivojlantirsin. Toki inqilobiy o‘zgarish bo‘lmasin», dedi u.

Lukashenko 1994 yildan buyon Belarus prezidenti hisoblanadi. 2025 yil mart oyida u yettinchi marta davlat rahbari lavozimiga kirishdi. Belarusda prezidentlik muddati 5 yil.

Lukashenkoning uch nafar o‘g‘li bor. Nikolay – ularning kichigi, 2004 yilda tug‘ilgan. Kattalari - Viktor va Dmitriy - mos ravishda 1975 va 1980 yilda tug‘ilgan.

Сардор Юсупов
Tayyorlagan Сардор Юсупов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid