O‘zbekiston | 22:00 / 08.08.2025
2843
3 daqiqa o‘qiladi

Toshkentda bu yil 374 km elektr tarmog‘i, 11 ta nimstansiya va 62 ta transformator yangilanadi

Shavkat Mirziyoyev huzurida Toshkent shahrida energetika tizimining barqarorligini ta’minlash chora-tadbirlari bo‘yicha axborot berildi.

Qayd qilinishicha, shaharda bir yil ichida 12 mingta yangi quvvat, savdo va servis majmualari ishga tushgan. Bularning barchasi energiyaga talabni oshiradi. Shuni hisobga olib, oxirgi ikki yilda Toshkentda elektr ta’minotini yaxshilash uchun 2 trillion 800 milliard so‘m yo‘naltirilgan. 36 ta podstansiya, 665 ta transformator, 2 ming kilometrdan ziyod tarmoq yangilangan.

Ta’kidlanishicha, 46 ta nimstansiya va 207 ta transformator ortiqcha yuklama bilan ishlayapti. Yil boshidan beri poytaxtda elektr iste’molchilari 40 mingtaga ko‘paygan, talab 6 foiz o‘sgan. Shu bilan birga, ilgari yozdagi jazirama kunlar davomiyligi bir haftadan oshmagan bo‘lsa, bu yil 20 kungacha cho‘zilgan. Oqibatda iyul oyida Toshkent shahrida iste’mol miqdori 900 million kilovatt-soatdan oshgan.

Taqdimotda energetika vaziri poytaxtdagi har bir tuman va mahallalar kesimida rejalarni bayon qildi.

Unga ko‘ra, bu yil birinchi bosqichda 374 kilometr tarmoq, 11 ta nimstansiya, 62 ta transformatorni yangilash ko‘zda tutilgan. Kelasi yil yana 788 kilometr tarmoq, 35 ta nimstansiya va 145 ta transformator modernizatsiya qilinadi.

Prezident kuz-qish mavsumiga oz fursat qolganiga e’tibor qaratib, bu yilgi rejani 1 noyabrgacha yakunlash zarurligini ta’kidladi.

2027 yilgacha yirik korxonalar va turizm maskanlarida 752 megavattli quyosh stansiyasi hamda 812 megavattli saqlash quvvatlarini tashkil etish rejalashtirilgan.

Mutasaddilar atom energetikasi yo‘nalishidagi ishlar haqida ham axborot berdi. Yurtimizda kichik quvvatli atom elektr stansiyasi qurish bo‘yicha ish olib borilmoqda. Bo‘lajak stansiyaning har bir bosqichi – loyihalashtirishdan to bitgunga qadar Xalqaro atom energiyasi agentligining qat’iy nazorati ostida bo‘ladi, eng ilg‘or xavfsizlik talablari tatbiq etiladi.

Prezident rejadagi inshootlarni sifat va muddatga amal qilgan holda ishga tushirib, barqaror energiya quvvatlarini yaratish bo‘yicha ko‘rsatmalar berdi. Vazirlar Mahkamasiga energiya samaradorlikni oshirish masalasini har hafta muhokama qilib borish topshirildi.

Сардор Юсупов
Tayyorlagan Сардор Юсупов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid