Jahon | 22:37 / 10.08.2025
2536
2 daqiqa o‘qiladi

Mers "bir necha haftadan beri" Trampdan Rossiyaga qarshi sanksiyalarni kuchaytirishni so‘rayotganini aytdi

Kanslerning fikricha, Alyaskada bo‘lib o‘tadigan muzokaralar natijasiga ko‘ra "Rossiya bu urush davom etishi mumkin emasligini tushunib yetmasa", u holda unga nisbatan bosimni kuchaytirish kerak bo‘ladi. 

Foto: AFP

Germaniya kansleri Fridrix Mers "bir necha haftadan beri" AQSh prezidenti Donald Trampni Rossiyaga qarshi sanksiyalarni kuchaytirishga chaqirayotganini aytdi. 

"Amerikaliklar sanksiyalar haqida e’lon qilishdi, ammo bu sanksiyalar hali kuchga kirmadi. Agarda ular amalga oshganida edi, bu Rossiya iqtisodiyotiga sezilarli ta’sir ko‘rsatgan bo‘lardi. Men bir necha haftadan buyon AQSh prezidentini shunday qilishga chaqirmoqdaman", - dedi Mers ARD telekanaliga bergan intervyusida.

Kanslerning fikricha, Alyaskada bo‘lib o‘tadigan muzokaralar natijasiga ko‘ra "Rossiya bu urush davom etishi mumkin emasligini tushunib yetmasa", u holda unga nisbatan bosimni kuchaytirish kerak bo‘ladi. 

Avvalroq Tramp 15 avgust kuni AQShning Alyaska shtatida Putin bilan uchrashishini ma’lum qilgandi. Rossiya prezidentining yordamchisi Yuriy Ushakov bu ma’lumotni tasdiqladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, Putin va Tramp "Ukraina inqirozini uzoq muddatga hal qilish yo‘llarini muhokama qilishga e’tibor qaratishadi".

Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid