Jahon | 11:32 / 11.08.2025
5071
3 daqiqa o‘qiladi

Alyaskadagi uchrashuv Putin uchun sinov – NATO bosh kotibi

Mark Ryutte AQSh va Rossiya rahbarlarining sammiti «Putin uchun sinov» ekanini aytdi. Shuningdek, Rossiya Ukrainaning o‘z taqdirini o‘zi belgilash huquqini tan olishi kerakligini ta’kidladi.

Foto: Reuters

NATO bosh kotibi Mark Ryutte Alyaskada AQSh prezidenti Donald Tramp va Rossiya prezidenti Vladimir Putin o‘rtasida bo‘lib o‘tadigan sammit Ukrainadagi urushni to‘xtatish yo‘lidagi muhim sinov bo‘lishini aytdi.

«Keyingi juma muhim bo‘ladi, chunki Putin bu dahshatli urushga nuqta qo‘ymoqchi ekani qanchalik jiddiyligi tekshiriladi. Keng ko‘lamli muzokaralarga kelganda, umid qilamizki, juma kuni bu jarayonda muhim qadam tashlanadi... Gap hudud haqida boradi. Gap, albatta, xavfsizlik kafolatlari haqida, shuningdek, Ukraina o‘z kelajagini o‘zi belgilashini, Ukraina o‘z geosiyosiy kelajagini o‘zi belgilaydigan suveren davlat bo‘lishi kerakligini tan olishning mutlaq zarurati haqida boradi - albatta, o‘z Qurolli kuchlari sonida hech qanday cheklovlarsiz. NATO uchun esa - sharqiy qanotda bo‘lish uchun hech qanday cheklovlarsiz», dedi Ryutte ABC News telekanaliga bergan intervyusida.

NATO bosh kotibi, shuningdek, Rossiya Ukrainaning urushdan oldingi hududi bir qismini nazorat qilayotganini tan oldi.

«Ushbu hududiy masalalarning barchasi haqida gap ketganda, tan olish haqida gap ketganda, masalan, Rossiya Ukrainaning bir qismini amalda nazorat qilayotgani haqidagi kelajakdagi kelishuvda, bu de-yure siyosiy tan olish emas, balki amalda tan olish bo‘lishi kerak», dedi u.

So‘nggi kunlarda Tramp ehtimoliy tinchlik kelishuvi doirasida «ayrim hududlarni almashishni» taklif qilgani haqida xabar berildi. Ammo Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy o‘t ochishni to‘xtatishga erishish uchun Ukrainaning har qanday hududlarini, xususan, sharqiy Donbassni berish imkoniyatini rad etdi va Kiyevni muzokaralarda ishtirokini ta’minlashga chaqirdi. Yevropaning bir qator davlatlari ham tinchlik muzokaralari Ukrainaning ishtirokisiz o‘tkazilmasligi kerakligini aytmoqda.

Сардор Юсупов
Tayyorlagan Сардор Юсупов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid