Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Dunyodagi eng yirik Norvegiya suveren fondi Isroil aktivlarini sotishni boshladi
Ushbu choralar favqulodda holatlar munosabati bilan qabul qilindi. G‘azodagi vaziyat – jiddiy gumanitar inqirozdir, dedi fond rahbari.
Norvegiya davlat pensiya jamg‘armasi G‘azo sektoridagi vaziyat tufayli Isroilning 11 ta kompaniyasiga sarmoya kiritishdan voz kechdi va Isroildagi barcha tashqi boshqaruvchilar bilan shartnomalarni bekor qildi.
11 avgust kuni e’lon qilingan bayonotda aytilishicha, iyun oyi holatiga ko‘ra, tashkilot Isroilning 61 ta kompaniyasiga sarmoya kiritgan, ulardan 11 tasi fond e’tibor qaratadigan indeksga kirmaydi. Jamg‘armaning Isroildagi barcha sarmoyalari indeksga kiritilgan kompaniyalar bilan cheklanadi, ammo bu kompaniyalar ham yangi sarmoyalarni olmaydi.
«Ushbu choralar favqulodda holatlar munosabati bilan qabul qilindi. G‘azodagi vaziyat – jiddiy gumanitar inqirozdir. Biz so‘nggi paytlarda G‘arbiy Sohil va G‘azo sektoridagi sharoitlar yomonlashgan, urush holatida bo‘lgan mamlakatda ishlayotgan kompaniyalarga sarmoya kiritgandik», dedi fond rahbari Nikolay Tangen.
Bloomberg nashrining ta’kidlashicha, Norvegiya moliya vaziri Yyens Stoltenberg avgust oyi boshida Isroilga kiritilgan barcha investitsiyalarni qayta ko‘rib chiqishni buyurgan. Bu Aftenposten gazetasi suveren jamg‘arma portfeliga kiruvchi Bet Shemesh Engines kompaniyasi G‘azo sektoriga hujumlar uchun ishlatiladigan qiruvchi samolyotlarga xizmat ko‘rsatayotgani haqida xabar berganidan keyin sodir bo‘ldi.
Norvegiya davlat pensiya jamg‘armasi dunyodagi eng yirik suveren jamg‘arma bo‘lib, qiymati qariyb ikki trillion dollarni tashkil etadi. U neft sotishdan tushgan qo‘shimcha daromadlar hisobiga to‘ldiriladi. Fondga jahon aksiyalarining taxminan 1,5 foizi tegishli.
Uzoq vaqt davomida jamg‘arma siyosatdan chetda qolishga harakat qildi. Shu bilan birga, 2022 yilda jamg‘arma Rossiya qo‘shinlarining Ukrainaga keng ko‘lamli bostirib kirishi tufayli o‘zining Rossiya aktivlarini sotishga qaror qildi.
Norvegiya 2024 yil may oyida Falastinni davlat sifatida tan oldi. Norvegiya rasmiylari Isroilni G‘azo sektoriga yuborilayotgan gumanitar yordamni cheklamaslikka bir necha bor chaqirgan.