Moliya | 23:50 / 13.08.2025
6160
2 daqiqa o‘qiladi

Nasiya savdo: qulaylik ortidagi noqulayliklar

Oilaviy budjetni to‘g‘ri boshqarish – xotirjam hayot asoslaridan biri. Lekin so‘nggi yillarda nasiya savdo imkoniyatlarining keskin oshishi buni qiyinlashtirgandek. Bir qarashda nasiyaga xarid qilish qulay ko‘rinadi: kerakli maishiy texnikani yoki boshqa tovarni darhol olib, keyin asta-sekin to‘lash mumkin. Ammo bu qulaylik ortida yashirin moliyaviy xavflar ham bor.

Foto: Shutterstock

Nasiyaning asl narxi. Ko‘p holatlarda sotuvchi mahsulotni sotuvga qo‘yganda uning narxiga allaqachon foydasi qo‘shilgan bo‘lsa ham, nasiyaga berilgani uchun tabiiy ravishda qo‘shimcha foiz ham qo‘shadi. Natijada siz bir mahsulotga ikki marta to‘laysiz – biri sotuvchining foydasi, ikkinchisi nasiyaning ustamasi.

Tovarning qadrsizlanishi. Nasiya savdodagi eng xaridorgir maishiy texnikalar va elektronika vositalari vaqt o‘tishi bilan qiymatini yo‘qotadi. Nasiyaga olgan mahsulotingiz har oy arzonlashib boraveradi, ammo siz eski narxi va qo‘shimchasiga foizi bilan to‘lashda davom etaverasiz.

Boshqa sarflarning cheklanishi. Nasiya xaridida har oy belgilangan summani to‘lashingiz shart. Bu esa boshqa zarur xarajatlarni cheklaydi, kutilmagan holatlarda mablag‘ yetmasligi mumkin.

Nafs-u havoga berilish. Ko‘p hollarda nasiyaga xarid qilishning asl sababi haqiqatdan zarur ehtiyoj emas, balki dabdaba va orzu-havas bo‘ladi. Moliyaviy intizomning yo‘qligi bu holatni yanada rivojlantirishi mumkin.

Eslatma! Nasiyaga xarid qilish qisqa muddat uchun lazzatli bo‘lib ko‘rinsa-da uzoq muddatda moliyaviy erkinligingizni cheklaydi. Eng to‘g‘ri yo‘l – oilaviy budjetni intizom bilan jamg‘arish, faqat zarur narsalarni sotib olish va kutilmagan xarajatlarga tayyor turish.

Mavzuga oid