Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Sanksiyalar Rossiya taraqqiyotini uzoq muddatga sekinlashtiradi - ekspertlar
Yevropa Ittifoqi Rossiyaga qarshi 19-sanksiyalar paketini tayyorlamoqda. Siyosiy tahlilchilarga ko‘ra, bunga qadar kiritilgan 18 ta paket kutilgan natijani bermayotgandek ko‘rinsa-da, aslida vaziyat rus propagandasi aytayotganidan ancha jiddiyroq. Xitoydan farqli ravishda, Rossiya o‘zining avtonom interneti va moliya tizimlariga ega mustaqil sivilizatsiya bo‘lolgani yo‘q.
— Yevropa Ittifoqining tashqi ishlar va xavfsizlik siyosati bo‘yicha oliy vakili Kaya Kallas Rossiyaga qarshi 19-sanksiyalar ustida ish olib borilayotganini aytdi. Bu galgi paketdan qanday natijalar kutish mumkin?
Abduvali Soyibnazarov: To‘g‘risini aytganda, hozirgacha 18 ta sanksiyalar paketi joriy etilganini ko‘rdik. Aslida bunday sanksiyalar Yevropa Ittifoqi va AQSh tomonidan boshqa mamlakatlarga nisbatan qo‘llanganda davlatning iqtisodiyoti, moliya tizimi va umumiy ahvolini izdan chiqarishi kerak edi. Ya’ni bu sanksiyalar Rossiyaga katta zarba berib, urushni to‘xtatishga majburlashi kerak edi. Lekin ming afsuski, Rossiya bu bosimlarni chetlab o‘tyapti. Albatta, bunga sabablardan biri – Rossiyaning ayrim ittifoqchilari borligi. Masalan, Xitoy Rossiyani eng faol qo‘llab-quvvatlayotgan davlatlardan biri. U Rossiyaga moliyaviy, iqtisodiy va hatto harbiy yordam ham ko‘rsatmoqda. Chunki Xitoy Rossiyaning bu urushda mag‘lubiyatga uchrashidan manfaatdor emas.
Qisqasini aytganda, Yevropa Ittifoqining sanksiyalari Rossiya iqtisodiyotini sindiradigan darajada ta’sir ko‘rsata olmayapti.
Kamoliddin Rabbimov: Rossiya sanksiyalarni to‘liq aylanib o‘tyapti, deb bo‘lmaydi. Vaziyatni bu darajada soddalashtirish kerak emas. Rossiya – sovet ittifoqi parchalanganidan keyin G‘arb bilan integratsiyalashgan, G‘arb sivilizatsiyasining tarkibiy qismi edi. Lekin 2007 yildan boshlab Vladimir Putin G‘arbga nisbatan tanqid va e’tirozlarini ochiq bayon eta boshladi. Agar Putinning yaqin atrofidagi uni qo‘llab-quvvatlovchi faylasuf va mafkurachilari qarashlariga e’tibor qaratadigan bo‘lsak, hozirgi Rossiyaning strategik maqsadi – dunyo hokimiyatida ustunlik qilayotgan G‘arbni, ayniqsa, AQSh va G‘arbiy Yevropani bu mavqeyidan tushirishdir. Rossiya G‘arbni zaiflashtirish uchun AQSh va G‘arbiy Yevropa o‘rtasida ziddiyat paydo qilishga urinmoqda. Biroq Rossiya, Xitoy singari o‘ziga xos, avtonom sivilizatsiya shakllantira olmasligini amalda ko‘rsatdi. U o‘z oldiga mustaqil internet, bank va to‘lov tizimlarini yaratish kabi maqsadlarni qo‘ygan edi. Ammo bu sohalarning birortasida to‘liq muvaffaqiyatga erisha olmadi.
Shu paytgacha Rossiyaga qarshi joriy etilgan 18 ta sanksiyalar paketi uni butunlay qulatmagan bo‘lsa-da, iqtisodiy jihatdan judayam holsizlantirdi. Bu sanksiyalar natijasida Rossiya iqtisodiyoti sekinlashdi, taraqqiyot modeli o‘zgardi. Bu o‘zgarishlarning salbiy oqibatlari 5, 10, hattoki 20 yildan keyin yaqqol ko‘zga tashlanadi.
Sanksiyalar ostida, masalan, Eron ham yiqilib tushgani yo‘q. Xuddi shunday, Shimoliy Koreya ham yashayapti, kuni o‘tyapti. Lekin ular raqobatbardosh davlatlar emas. Eronning raketalari zo‘r, lekin yaxshi aviatsiya va havo hujumidan mudofaa tizimlarini yarata olmaydi. Shimoliy Koreya bir amallab yadroviy qurolga erishgan, bu qurol Amerikaga uchib bormasligi mumkin, Janubiy Koreya bilan Yaponiyaga esa zarba bera oladi. Lekin taraqqiyot, inson potensialining rivojlangani nuqtayi nazaridan Shimoliy va Janubiy Koreya o‘rtasida bir asrlik farq bo‘lsa kerak. Vaholanki, ular ajralganiga bir asr bo‘lgani yo‘q hali.
Xulosa qilib aytganda, Rossiya hozircha katta davlat sifatida saqlanib turibdi, ammo uning iqtisodiy va ichki salohiyati zaiflashyapti. Bu zaiflik hozircha rasmiy propaganda vositalari orqali yashirilmoqda, lekin yaqin yillarda bu ichki muammolar ochiq yuzaga chiqishi muqarrar.
Shuhrat Rasul: Statistikaga e’tibor beraylik. 2022 yilda Rossiya iqtisodiyotiga umumiy valuta tushumi 374 milliard dollarni tashkil qilgan. 2023 yilda bu ko‘rsatkich 230 milliard dollargacha kamaygan. 2025 yil yakuniga qadar, prognozlarga ko‘ra, atigi 120 milliard dollar miqdorida valuta tushishi kutilmoqda. Ya’ni atigi ikki yil ichida valuta tushumi 374 milliarddan 120 milliardgacha qisqaryapti.
2025 yil uchun Rossiyaning harbiy budjeti 145 milliard dollar deb belgilangan. Olti oylik natijalarga ko‘ra, Rossiya budjetida 53 milliard dollarlik kamomad qayd etilgan. Yil yakunida kamomad 100 mlrd dollardan oshishi prognoz qilingan.
Tashqi qarz olish imkoniyati deyarli yo‘q, chunki xalqaro moliya bozorlari yopilgan. Ichki bozorda esa Rossiya davlat obligatsiyalari orqali qarz olishga harakat qilinyapti, lekin ular ham muvaffaqiyatsiz ketmoqda. Obligatsiyalarning foiz stavkalari 17-18 foiz atrofida bo‘lishiga qaramay, investorlar ishonchsizlik bilan qarashyapti.
Pulni tashqaridan ham, ichkaridan ham ololmasa, yagona chora – pul emissiyasi bo‘ladi. Bu esa o‘z navbatida inflatsiyani kuchaytiradi. Shu bois, katta ehtimol bilan joriy yil oxiriga kelib Rossiyada keskin inflyatsion jarayonlar boshlanishi mumkin. Bunga atigi to‘rt-besh oy vaqt qoldi xolos.
Suhbatni to‘liq shaklda YouTube'da tomosha qilishingiz mumkin.
NormuhammadAli Abdurahmonov suhbatlashdi.
Mavzuga oid
21:54 / 06.12.2025
Putin dengiz blokadasi bilan tahdid qildi. RF armiyasi bunga qodirmi?
15:53 / 05.12.2025
🔴 LIVE: Xitoy Rossiyaga ta’sir qiloladimi? | "Geosiyosat"
13:45 / 05.12.2025
Kipr: Ukraina YeI Kengashiga raislik davrida ustuvor yo‘nalish bo‘ladi
16:03 / 04.12.2025