Rossiya Ukrainaga bosqin va boshqa mamlakatlardan keluvchi migrantlarga qarshi kampaniya tufayli yuzaga kelgan ishchi kuchi taqchilligi sharoitida Shimoliy Koreyadan minglab ishchilar jalb etishni boshladi.
2018 yilga qadar ham Rossiyada ko‘plab shimoliy koreyaliklar ishlagan. Har yili ularga 12 mingdan 15 minggacha ishchi viza berilgan, ayrim pallalarda Rossiyada bir vaqtning o‘zida KXDR fuqarolari bo‘lgan 35 mingdan ortiq kishi ishlagan. Ammo 2017 yil oxirida BMT yangi yadroviy sinovlar tufayli KXDRga qarshi sanksiyalarni kuchaytiradi hamda boshqa mamlakatlarga shimoliy koreyalik ishchilarni yollashni taqiqlaydi, chunki Pxenyan ularning ish haqidan ma’lum qismini o‘ziga olardi. Shundan keyin boshqa davlatlar qatori Rossiya ham KXDRdan keladigan ishchi kuchidan voz kecha boshlagandi.
Ammo 2022 yilda Kim Chen In Ukrainaga qarshi urushda Vladimir Putinni qo‘llab-quvvatlab chiqqach, bu tendensiya ortga qaytadi. Shundan keyin Rossiya nafaqat KXDR qurollari va askarlaridan foydalanadi, balki shimoliy koreyaliklarni yoppasiga ishga yollash amaliyotini tiklaydi.
BBC’ning Janubiy Koreya razvedkasidagi manbasiga ko‘ra, 2024 yilda Shimoliy Koreyaning 10 mingdan ortiq fuqarosi ishlash uchun Rossiyaga borgan. Ular asosan qurilish ishlarida mehnat qilishadi, ammo ayrimlari to‘quv fabrikalari va «IT-markazlar»ga ham yuborilmoqda, deb yozadi nashr. Shimoliy koreyaliklar «Rossiyaning hamma joyida bor», deya tasdiqlaydi nashrning Janubiy Koreya razvedkasidagi manbasi. Uning so‘zlariga ko‘ra, 2025 yil oxiriga qadar Pxenyan Rossiyaga yanada ko‘proq ishchi jo‘natadi (xuddi askarlar kabi) va ularning jami soni 50 mingdan ortadi.
Shimoliy koreyaliklar allaqachon Ukraina qurolli kuchlari bosqinidan jabr ko‘rgan Kursk oblastini tiklash ishlariga kirishgan. Ular kelgusida Ukrainaning ishg‘ol etilgan hududlarini tiklash bo‘yicha loyihalarda ham ishlashi ehtimoli yuqori, degan BBC’ga janubiy koreyalik mulozimlardan biri anonim tarzda.
Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, 2022 yilda KXDRning 223 nafar fuqarosi Rossiyaga kirgan, bu miqdor 2023 yilda – 1117 nafar, 2024 yilda esa – 13 221 nafarni tashkil etgan. Ulardan sakkiz mingga yaqini talabalik vizasi bilan harakatlangan, biroq bu BMT taqiqini chetlab o‘tish uchun shunchaki hiyla, deydi Janubiy Koreya razvedkasidagi manbalar. «Rossiya ishchi kuchining keskin tanqisligini boshdan kechirmoqda va shimoliy koreyaliklar mukammal yechimni taklif qilmoqda. Ular arzon, mehnatsevar va muammo tug‘dirmaydi», – deydi Seuldagi Kunmin universiteti o‘qituvchisi, Shimoliy Koreya bo‘yicha yetakchi ekspert Andrey Lankov.










