Jahon | 13:59 / 15.08.2025
5670
9 daqiqa o‘qiladi

Belgorod o‘qqa tutilishi, Baydenni sudga bermoqchi bo‘layotgan Melaniya va Sudanda epidemiya – kun dayjesti

O‘tgan kun davomida jahonda ro‘y bergan eng asosiy voqea va yangiliklar sharhi bilan kundalik xabarnomada tanishtiramiz.

Video thumbnail
{Yii::t(}
O'tkazib yuborish 6s

Rossiya bo‘ylab dronlar hujumi

14 avgust tongida Rostov-Don shahri markazidagi ko‘p qavatli uyga uchuvchisiz uchar qurilma kelib urilgan. Rostov oblasti gubernatori vazifasini bajaruvchi Yuriy Slyusarning so‘zlariga ko‘ra, hujum natijasida 13 kishi jarohatlangan, shundan ikki nafari bolalar. Yaralanganlarning olti nafari shifoxonaga yotqizilgan, kamida ikki nafari og‘ir ahvolda.

Telman va Lermontov ko‘chalari hududidagi 10 ta uyga zarar yetgan – ularning oynalari singan va balkonlari shikastlangan. Telegram-kanallarda kamida bitta uyning tomi qisman shikastlangani aks etgan fotosuratlar e’lon qilindi. Uylardan 212 kishi evakuatsiya qilindi.

Ukraina qurolli kuchlari Rostovdagi Janubiy harbiy okrug shtabini nishonga olgan, ammo dron shahar markazi ustida yo‘nalishini keskin o‘zgartirgan, bunga katta ehtimol bilan radioelektron kurash vositalari ishga tushgani sabab bo‘lgan.

Belgorod shahri esa qatorasiga ikkinchi kun zarbalar ostida qoldi. Gubernator Vyacheslav Gladkovning xabar berishicha, kun davomida to‘rt marta dronlar oblast ma’muriyati binosiga uchib kelgan.

Shu kuni shahar ustida ko‘plab dronlar uchib yurgan, harbiylar shahar markaziga olib boruvchi yo‘llarni to‘sib qo‘ygan. Tarmoqlarda yo‘lda harakatlanayotgan avtomobilga dron urilgani, shuningdek, savdo markazlaridan biriga ketma-ket dronlar hujum uyushtirgani aks etgan kadrlar tarqalgan.

Shuningdek, Volgograd neftni qayta ishlash zavodiga dronlar orqali zarba berilgan va hududda yong‘in chiqqan.

Alyaska sammiti arafasi

Bu vaqtda Rossiya–Ukraina urushini tinch yo‘l bilan hal qilish yo‘lida navbatdagi bosqich – Alyaskada o‘tadigan AQSh–Rossiya sammitiga tayyorgarlik ko‘rilmoqda. Ayni vaqtda muzokaralar o‘tadigan Ankorij shahriga Rossiyadan ilk samolyot kelib qo‘ngan. Moskvadagi Vnukovo aeroportidan uchgan Il-96 samolyoti bortida katta ehtimol bilan Putin va Tramp uchrashuviga tayyorgarlik ko‘rish bilan shug‘ullanuvchi «guruhlardan birining vakillari» bo‘lgan.

Uchrashuv Ankorijdagi Elmendorf-Richardson harbiy bazasida mahalliy vaqt bilan 15 avgust kuni soat 11:30 da, Toshkent vaqti bilan 16 avgustga o‘tar kechasi boshlanadi.

Muzokaralar yakunida Tramp va Putin qo‘shma matbuot anjumani o‘tkazadi. RF prezidenti yordamchisi Yuriy Ushakovning aytishicha, muhokamalarning markaziy mavzusi «Ukraina inqirozini hal qilish» bo‘ladi, biroq prezidentlar Rossiya va AQSh o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy hamkorlik masalasiga ham to‘xtalib o‘tadi.

Bu sammit arafasida Yevropa yetakchilari Tramp bilan virtual muloqot o‘tkazdi. AQSh prezidenti Ukraina hududlari taqsimlanishi masalasini Ukraina ishtirokisiz muhokama qilmaslikka va’da bergan. U uchrashuvdagi maqsadi o‘t ochishni to‘xtatish ekanini aytgan. Uchrashuv muvaffaqiyatli o‘tsa, tezda Volodimir Zelenskiy ishtirokidagi navbatdagi muzokaralar tashkil etiladi.

Oq uydagi matbuot anjumanida Tramp Rossiyani tinchlik shartnomasini imzolashga ko‘ndirish uchun Yevropa hududidagi NATO qo‘shinlari tarkibini qisqartirishga rozi bo‘lishi mumkinligini istisno etmagan.

Melaniya Tramp Baydenning o‘g‘lini sudga berishi mumkin

AQSh birinchi xonimi Melaniya Tramp Hanter Baydenning Melaniyani Donald Tramp bilan tovlamachilik va pedofiliya ayblovlari bilan sudlangan marhum moliyachi Jyeffri Epshteyn tanishtirgani haqidagi so‘zlari uchun sud orqali 1 mlrd dollar undirish bilan tahdid qilmoqda.

Sobiq prezidentning o‘g‘li bu haqda shu oy boshida britaniyalik jurnalist Endryu Kallahanga bergan intervyusida aytgandi.

Hanter suhbat davomida moliyachi Jyeffri Epshteynga oid, hali e’lon qilinmagan hujjatlar Trampning qilmishlarini fosh qilishini aytgan.

Birinchi xonimning advokati Alexandro Brito Melaniya Trampga «ulkan moliyaviy va ma’naviy zarar yetkazilgani»ni ta’kidladi va Bayden aytgan so‘zlariga raddiya berishi hamda uzr so‘rashini talab qilib, aks holda sudga berilishini bildirdi.

Melaniya Tramp va Donald Tramp 2005 yilda turmush qurishgan. Ular 1998 yil noyabr oyida Nyu Yorkda model agentliklaridan birining egasi Paolo Dzampoli uyushtirgan kechada tanishganini aytib kelishadi.

Epshteyn va Tramp ilgari do‘st bo‘lishgan, lekin 2000-yillarda munosabatlari yomonlashgan.

Jyeffri Epshteyn 2019 yilda qamoqxonada vafot etgan.

Sudanda vabo epidemiyasi

Sudanning Darfur mintaqasida so‘nggi yillardagi eng yirik vabo epidemiyasi yuz bermoqda. Xususan, «Chegara bilmas shifokorlar» tashkilotiga ko‘ra, oxirgi bir hafta ichida mamlakatda 40 kishi ushbu kasallikdan vafot etdi.

Tashkilotning 14 avgust kuni bergan bayonotiga ko‘ra, urushdan eng ko‘p zarar ko‘rgan hudud — Darfur so‘nggi bir yil ichida boshlangan xolera tarqalishidan eng jiddiy talafot ko‘rmoqda. Birgina o‘tgan haftaning o‘zida shifokorlar qabuliga 2 300 dan ortiq bemor olib kelingan.

Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, 2023 yil avgustidan beri butun mamlakat bo‘ylab 99 700 dan ortiq vaboga chalinish holati va 2 470 o‘lim qayd etilgan. Vabo najas orqali ifloslangan oziq-ovqat yoki suv orqali yuqadi. U kuchli diareya, qusish va mushak tortishishini keltirib chiqaradi hamda davolanmagan taqdirda bir necha soat ichida o‘limga olib kelishi mumkin.

«Chegara bilmas shifokorlar» urush sabab millionlab kishilar uylarini tark etishga majbur bo‘lishi va toza ichimlik suv tanqisligi epidemiyani yanada kuchaytirganini ta’kidlamoqda.

Og‘ir sharoitlar tufayli ko‘plab oilalar ifloslangan manbalardan suv ichishga majbur, bu kasallik tarqalishini tezlashtirmoqda. Hatto yaqinda bir lagerdagi quduqdan odam jasadi topilgan, biroq ikki kundan so‘ng odamlar yana o‘sha suvni ichishga majbur bo‘lgan.

Kuchli yomg‘irlar suv manbalarini yanada ifloslantirib, kanalizatsiya tizimlarini ishdan chiqarmoqda. Urushdan qochayotganlar bilan birga kasallik nafaqat Sudan bo‘ylab, balki qo‘shni Chad va Janubiy Sudanga ham tarqalmoqda.

Trenddagi Labubu

Yaqinda Los-Anjyeles shahrida niqoblangan shaxslar o‘yinchoqlar do‘koniga kirib bir necha ming dollarlik Labubu qo‘g‘irchoqlarini o‘g‘irlab ketishgandi. Kuzatuv kameralaridagi yozuvlarga ko‘ra, ularni boshqa mahsulotlar qiziqtirmagan, ular faqat Labubu uchun kirishgan.

Labubu karikaturachi rassom Kasing Lung tomonidan yaratilgan. Bu o‘yinchoq qovog‘i soliq, ko‘zlari katta momiq quyonchalarga o‘xshaydi.

Do‘konlarda bitta qo‘g‘irchoq narxi 500 dollar turadi, ayrim cheklangan nusxada chiqarilganlari esa qo‘lda bir necha ming dollargacha sotilmoqda. Shuningdek, soxta Labubu’​​lar bozori ham rivojlanmoqda.

Shu kunlarda Xitoyning Pekin shahrida o‘tkazilgan auksionda Labubu qo‘g‘irchog‘ining noyob namunasi rekord darajadagi 150 ming dollarga sotilgani xabar qilingandi. Hozirda bunday rangli Labubu dunyodagi yagona nusxa hisoblanadi. Uning shakli polivinilxloriddan tayyorlangan.

Endi Hindistonda bir ayol Labubu’​​ni xitoy ma’budi deb o‘ylab, unga ibodat qila boshladi.

Tarqalgan videoda ayol Labubu oldida an’anaviy hind marosimlarini o‘tkazib, chuqur hurmat ko‘rsatayotganini ko‘rish mumkin. Xabar muallifining aytishicha, ayolning qizi onasiga Labubu Xitoy xudosi ekanini aytgan. Buni eshitgan ona darhol o‘yinchoqqa sig‘ina boshlagan.

Ijtimoiy tarmoqlarda keng tarqalgan mazkur video turli fikrlarga sabab bo‘lgan. Ayrim foydalanuvchilar madaniy chalkashlik ustidan kulishsa, boshqalari internetda noto‘g‘ri ma’lumotlar qanchalik tez tarqalayotganini eslatib o‘tishgan. Izohlar orasida chinakam e’tiqod hatto o‘yinchoqni ham ma’naviy e’zoz obektiga aylantira olishi haqidagi kinoyali va falsafiy mulohazalar ham uchraydi.

Madaniyatshunoslar bunday holatlar globallashuv va ijtimoiy tarmoqlar turli madaniyatlarning ramzlari va tasvirlarini qanday aralashtirib yuborishi, ba’zan kulgili yoki paradoksal vaziyatlarni keltirib chiqarishi mumkinligini ko‘rsatib berayotganini ta’kidlagan.

Mavzuga oid