O‘zbekiston | 23:17 / 15.08.2025
4186
7 daqiqa o‘qiladi

Qimmatlashgan AI-80, takomillashtiriladigan chiqindi tashib ketish xizmati va pora bilan ushlangan amaldorlar – mahalliy dayjest

Falastinning G‘azo sektoridan O‘zbekistonga kelgan va vaqtincha yashab turgan fuqarolarga ijtimoiy yordam ko‘rsatiladi, Shavkat Mirziyoyev chiqindilarni qayta ishlashni kengaytirish chora-tadbirlari bo‘yicha taqdimot bilan tanishdi, AYoQShlarda AI-80 benzini narxi ko‘tarildi, “Afrosiyob” poyezdiga nisbatan qo‘poruvchilik harakati sodir etgan temiryo‘lchilar qamaldi – shu va boshqa muhim xabarlar Kun.uzʼning mahalliy yangiliklar dayjestida.

Chiqindi tashib ketish xizmati takomillashtiriladi

Shavkat Mirziyoyev chiqindilarni qayta ishlashni kengaytirish chora-tadbirlari bo‘yicha taqdimot bilan tanishdi. Taqdimotda mutasaddilar sohadagi loyihalarning borishi va galdagi rejalar haqida axborot berdi.

Qayd qilinishicha, maishiy chiqindilarning to‘rtdan biri qog‘oz, plastik, rezina, shisha, to‘qimachilik qoldiqlariga to‘g‘ri keladi. Ularni qayta ishlab, 1 trillion so‘mlik mahsulot olish mumkinligi aytildi. Bundan tashqari, qayta ishlanmaydigan qurilish, kimyo, elektron, texnik va sanoat moylari bo‘yicha katta zaxira borligi ko‘rsatib o‘tilgan.

Chiqindini tashib ketish xizmatlari aholini rozi qiladigan darajada bo‘lishi kerakligi ta’kidlandi. Shu bois mahallaga chiqindi texnikasining kelish vaqti va harakatini onlayn ko‘rish imkoniyatini yaratish vazifasi qo‘yildi. Shuningdek, ijtimoiy muassasalar va mahallalarni chiqindi konteynerlari bilan to‘liq ta’minlash bo‘yicha ikki yillik dastur ishlab chiqilishi belgilandi.

O‘zbekistondagi falastinliklarning farzandlari ta’limga jalb etiladi

Falastinning G‘azo sektoridan O‘zbekistonga kelgan va vaqtincha yashab turgan fuqarolarga ijtimoiy yordam ko‘rsatiladi. Bu haqda prezident farmoni qabul qilindi.

Unga ko‘ra, falastinliklarning har bir oilasiga birlamchi zaruriy vositalar xaridi uchun bir martalik ko‘tarma pul to‘lab beriladi. Falastinliklarning oila a’zolariga shaxsiy hamrohlik qilish va individual ko‘mak berish maqsadida mahalladagi ijtimoiy xodim biriktiriladi.

Shuningdek, yashash manzillari bo‘yicha ularning farzandlari davlat maktabgacha ta’lim tashkilotlari va maktablarga joylashtiriladi. Falastinliklar davlat maktabgacha ta’lim tashkilotlarida bolalar ta’minoti uchun ota-onalar to‘lovidan 2028 yil 1 yanvarigacha ozod etiladi.

Bundan tashqari, falastinliklar yashash manzillari bo‘yicha oilaviy shifokor punktlari, oilaviy poliklinikalar va tuman (shahar) ko‘p tarmoqli markaziy poliklinikalarida hisobga qo‘yiladi. 2024 yil 26 dekabr kuni falastinlik oilalarning bir guruhi Rafahdan O‘zbekistonga evakuatsiya qilingandi. Ular davolanish va salomatligini tiklash uchun reabilitatsiya markazlari va shifoxonalarga joylashtirilgan.

Bandlik vazirligidan yangi “haftalik”

15 avgustdan boshlab, respublika bo‘yicha maktab va maktabgacha ta’lim muassasalarida «Majburiy mehnatga qarshi kurashish haftaligi» e’lon qilindi. Mehnat inspeksiyasi barcha ta’lim muassasalarida nazorat tadbirlari o‘tkazadi.

Bandlik vazirligiga ko‘ra, so‘nggi kunlarda o‘qituvchi va murabbiylarni majburiy mehnatga jalb etish holatlari bo‘yicha e’lon qilinayotgan xabarlar fuqarolarning mehnat huquqlari daxlsizligi xavf ostida ekanini ko‘rsatgan. Qayd qilinishicha, o‘qituvchi va murabbiylarni majburiy mehnatga jalb etish bo‘yicha 10 ga yaqin holatlar tasdig‘ini topib, aybdor mansabdor shaxslarga nisbatan ma’muriy javobgarlik choralari qo‘llangan.

Haftalik doirasida majburiy mehnatga yo‘l qo‘ygan ish beruvchilar va barcha mas’ul mansabdor shaxslarga nisbatan javobgarlik choralari ko‘riladi.

Qashqadaryo va Farg‘onada pora olgan amaldorlar ushlandi

DXX ikki viloyatda ishga kirish bilan bog‘liq korrupsiya holatlarini fosh etdi.

Shahrisabz tumani Favqulodda vaziyatlar bo‘limi boshlig‘i 2 nafar fuqaroni haydovchi sifatida ishga qabul qilinganidan foydalanib, go‘yoki ularning ishga kirishida ko‘maklashganini aytgan va 6 ming AQSh dollari talab qilgan. Davlat xavfsizlik xizmati va Bosh prokuratura huzuridagi departament xodimlari hamkorligida o‘tkazilgan tezkor tadbirda mazkur mansabdor shaxs 3,5 ming dollar olgan vaqtida ushlangan. Unga nisbatan qamoq ehtiyot chorasi qo‘llangan.

Marg‘ilon shahri Maktabgacha va maktab ta’limi bo‘limi bosh mutaxassisi esa davlat xususiy sherikchilik asosida bog‘cha ochishi uchun vazirlikda ishlovchi tanishlari orqali ruxsatnoma olib berish evaziga fuqarodan 2 ming dollar so‘ragan. U ushbu pulni olgan vaqtida tezkor tadbirda qo‘lga olingan.

AI-80 narxi yana qimmatlashdi

Qator AYoQShlarda AI-80 benzini narxi 9100 so‘mga ko‘tarildi. Shu tariqa o‘tgan yilning 1 yanvaridan beri ushbu markadagi benzin bahosining qimmatlashishi 50 foizga yetdi.

Xususan, O‘zbekistondagi eng yirik AYoQShlar tarmog‘i bo‘lmish Carvon shoxobchalarida 13 avgustdan boshlab AI-80 markali benzin oshirilgan narxda – 1 litri 9100 so‘mdan sotilyapti.

O‘tgan yili noyabrda Raqobat qo‘mitasi tomonidan birjada AI-80 benziniga boshlang‘ich narxdan 5 foizlik spred kiritilgan edi. Bu cheklov 10 iyundan boshlab bekor qilingach, birja savdolarida bu mahsulot narxi keskin osha boshladi. Xususan, 31 iyul kungi savdolarda o‘rtacha narx 10 mln 937 ming so‘mgacha chiqdi. Bu – spred amal qilgan so‘nggi kun 9 iyundagi o‘rtacha narxdan 15,6 foizga yuqori.

O‘zbekistonda sentabr oyidan boshlab AI-80 ishlab chiqarilishini butkul to‘xtatish rejalashtirilgan.

Qo‘poruvchilik harakati sodir etgan temiryo‘lchilar qamaldi

Samarqand viloyati Paxtachi tumanida «Afrosiyob» tezyurar poyezdiga nisbatan qo‘poruvchilik harakati sodir etgan temiryo‘lchilar uzoq muddatga ozodlikdan mahrum qilindi.

Bu ishni Navoiy shahrida yashovchi 37 yoshli va Karmanada yashovchi 33 yoshli temiryo‘lchilar o‘z rahbariyatiga e’tiroz sifatida sodir qilishgan. Ular jinoiy reja tuzib, 2025 yil 14 yanvar kuni kechki vaqt “Ziyovuddin-Navoiy” temiryo‘l bekatlari oralig‘ida og‘irligi 110 kg bo‘lgan temir-beton shpalni «Afrosiyob» elektropoyezdi harakatlanuvchi rels ustiga qo‘yib, voqea joyidan yashiringan. Oradan 15–20 daqiqa o‘tib, «Toshkent-Buxoro» yo‘nalishida 159 km/s tezlikda harakatlanayotgan, jami 148 nafar yo‘lovchisi bo‘lgan «Afrosiyob» tezyurar poyezdi temir-beton shpal bilan to‘qnashgan. Oqibatda poyezdning harakatlantiruvchi qismlariga jiddiy shikast yetgan.

Sud hukmi bilan ularning biriga 13 yil, ikkinchisiga esa 12 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan. Shuningdek, qo‘poruvchilik harakati natijasida jinoyatchilar tomonidan «Afrosiyob» poyezdiga 260 mln so‘m miqdorida zarar yetkazilgani bois, ushbu pul mablag‘i davlat hisobiga undirib olingan.

Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid