Jamiyat | 20:00 / 16.08.2025
8070
5 daqiqa o‘qiladi

“Kassandra tamg‘asi” – tug‘ilmasidan yovuzlikka hukm etilganlar

Biz bu safar adabiyot afsonasi, qardosh qirg‘iz xalqining buyuk vakili Chingiz Aytmatov ijodi bilan “Besh daqiqa”mizni o‘tkazamiz.

Video thumbnail
{Yii::t(}
O'tkazib yuborish 6s

Aytmatovning “Kassandra tamg‘asi” yoxud o‘zbek tiliga “Oxirzamon nishonalari” deya tarjima qilingan murakkab romani o‘z vaqtida ham, bugun ham jiddiy bahs-munozaralarga, shov-shuvlarga sabab bo‘lib kelmoqda.

Roman voqealari o‘zini fazoviy rohib Filofey deb atay boshlagan, ya’ni Andrey Krilsov atrofida sodir bo‘ladi. U ilmga, ayniqsa, inson hayotining boshlanish sirlariga jiddiy qiziqib qoladi. Meditsina va genetika sohasida yuksak natijalarga erishgan olim insoniylik va ilmiy yovuzlik o‘rtasidagi chegarani yo‘qotadi.

U mahkuma ayollar bachadonida ota-onasi yo‘q, irsiy bog‘liqlikdan mutlaqo xoli “ikszurriyot”lar yetishtirish dasturini yaratadi. Hokimiyat bunday odamlarni “yangi tipdagi inson” sifatida ko‘radi. Yangi bir jamiyat qurish vositasi deb baholaydi. Ammo bu tajribalarning insoniy qiymati haqida o‘ylaganlarning barchasi olimdan yuz o‘girishadi.

Kassandra tamg‘asi” nima?

Krilsov kosmosda yolg‘iz qolib, tibbiy tadqiqot olib borar ekan, ulkan kashfiyot qiladi – “Kassandra tamg‘asi”ni ishga tushiradi. Unga ko‘ra, homiladorlikning dastlabki haftalarida ba’zi ayollarning peshonasida paydo bo‘ladigan dog‘ – aslida tug‘ilajak bolaning taqdiri yomon kechishidan darak beradi. Bunday homilalar go‘yoki “men tug‘ilmaslikni xohlayman” degandek signal yuboradi.

Filofey bu belgini butun jahonga oshkor qilib, tug‘ilishidanoq yovuzlik yo‘liga kirishi aniq bo‘lgan chaqaloqlar haqida ogohlantiradi. Buning ortidan ommaviy vahima, siyosiy bosim, namoyishlar boshlanadi. Unga homiylik qilgan amerikalik futurolog olim ham olomon tomonidan yo‘q qilinadi.

Yaratguvchining chegarasiga yaqin borishga uriniladi

Asar qahramoni Filofey “Stalin va Gitlerlar oxirzamonni tezlashtirib yubordi. Mana shunday insonlarni tug‘ilmasidanoq yo‘q qilish lozim”, degan mazmunda Rim papasiga maktub yozadi.

Asarda bu kashfiyotning ma’naviy-axloqiy bahsli tomonlari ko‘p. Agar tug‘ilishidan oldin taqdiri yomon bo‘lishi aniq bo‘lsa, bolani dunyoga keltirmaslik to‘g‘rimi? Bu savolga yozuvchi ham aniq javob bermaydi – qarorni o‘quvchining o‘ziga havola qiladi.

Filofey ushbu ixtirosi bilan insoniyatni ikkiga bo‘lib qo‘yadi.

Dunyo falokat yoqasiga kelib qoladi

Xo‘sh, nega “Kassandra tamg‘asi” yaratildi, nega insoniyat falokat yoqasiga kelib qoldi?

Aytmatov roman fonida oxirzamon belgilari deya tabiiy buzilishlar, klonlar, ekologik muammolarga o‘quvchi e’tiborini qaratadi.

Insoniyat xudbinligi va boylik vasvasasi bilan Yer yuzini halokat sari yetaklayotganini tasvirlaydi. Kitlar galasi o‘zini qirg‘oqqa otib joniga qasd qilishi, qushlar, hayvonlar go‘yo insonning adolatsizligiga isyon qilgandek butunlay g‘oyib bo‘lishini oxirzamon nishonasi sifatida ko‘rsatadi.

Uni eshitishmadi...

Filofey o‘zining ilmiy ishlari orqali yovuzlikka qarshi ogohlantirish berdi, ammo uni eshitishmadi. Uning xayolida agar insoniyat axloqsizlik, nafs, shafqatsizlikdan voz kechmasa, oxirzamon – tashqi kuchdan emas, insonning o‘zidagi yovuzlikdan keladi.

Oxirida olim barchasidan umidini uzib, o‘zini ochiq kosmosga tashlaydi. Bu – faqat bir olimning emas, balki inson aqli, vijdoni va kelajakka bo‘lgan ishonchining ham yo‘qolishi kabi ko‘rinadi.

Aytmatov bu asari orqali inson taraqqiyotni faqat texnologiyalar bilan emas, vijdon va kelajak oldidagi mas’uliyat bilan qurishi kerakligini esga soladi.

Bu kitobni “Besh daqiqa”da tushuntirib bo‘lmaydi. Yaxshisi, “Kassandra tamg‘asi”ni o‘zingiz o‘qing. Albatta o‘qing.

Ushbu kitobni quyidagi havola orqali yuklab olib, to‘liq audio shaklda eshitishingiz mumkin.

Isomiddin Po‘latov

Mavzuga oid