Jahon | 03:01 / 16.08.2025
20616
5 daqiqa o‘qiladi

«Qachon bas qilasiz?» – Tramp va Putin AQShda uchrashdi

Tramp va Putin nihoyat uchrashdi. Hatto bitta mashinaga o‘tirib gaplashib ketishdi. Quyida Alyaskadagi uchrashuv haqida.

Video thumbnail
{Yii::t(}
O'tkazib yuborish 6s

Putin uzra «B-2»

Demak, Putinni Ankorij shahridagi aviabazada shaxsan Trampning o‘zi qizil yo‘lakda kutib oldi. Ikki prezident mamnun jilmaygan ko‘yi Amerika armiyasi qiruvchi samolyotlari oralab mashinalar tomon yo‘l olishdi. Bilasiz, Rossiya prezidenti qayerga borsa, o‘zining Aurus mashinasida yuradi, lekin bu gal Putin Trampning Cadillac'iga u bilan birga o‘tirib ketdi.

Putin Amerika qiruvchi samolyotlari uzra yurib ketayotganida uning ustidan Erondagi yadroviy obektlarga bunkerga qarshi bombalar tashlagan «B-2» bombardimonchisi va beshta F-22 qiruvchi samolyotlari uchib o‘tib ketdi. Aslida uchrashuv uchun bunaqa dabdabali patrulga ehtiyoj yo‘q. Aftidan, Tramp Putinga AQSh tog‘ ostidagi yadroviy obektni yo‘q qilganini eslatmoqchi bo‘lgan ko‘rinadi. Putin bu samolyotlar o‘tayotganda bir muddat ularga qarab qo‘ydi.

«Qachon bas qilasiz?»

Prezidentlar Alaska 2025 deb yozilgan yozuv oldida qo‘l berib suratga tushayotganida, amerikalik jurnalistlar Putinga savol berishni boshlab yuborishdi. «Prezident Putin, qachon Ukrainada tinch aholini o‘ldirishni bas qilasiz?» deb so‘radi jurnalist ayol. Putin esa uni eshitmayotganini aytdi.

Uchrashuv o‘tadigan zalda ham rossiyalik mehmonga shunday savollar berish davom ettirildi. Keyin tashkilotchilar bunaqa gaplashib bo‘lmaydi degan xulosaga kelib, jurnalistlarni chiqarib yuborishdi. Putin jurnalistlarning savollaridan ajablangani aks etgan surat allaqachon mashhur bo‘ldi.

Kreml jurnalistlar noqulay savollar bergani uchun (balki juda shovqin bo‘lgani uchundir) uchrashuv haqida dastlabki videolarni ovozsiz e’lon qildi.

Uchrashuv kutilganidek OAV uchun ochiq formatda boshlandi. Jurnalistlarni jim qilish oson bo‘lmadi. Ular birdaniga Putinga savol bergani sabab Rossiya prezidenti bu nima ahvol degan ko‘yi yelkasini qisib ham qo‘ydi. Jurnalistlar uchun ochiq formatdagi uchrashuvda har ikki tomondan uch kishi qatnashdi: Rossiya tomonidan Putin, uning maslahatchisi Yuriy Ushakov va Alyaskaga SSSR yozuvli sviterda borgan tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov; Amerika tomonidan Tramp, davlat kotibi Rubio va Trampning maxsus vakili Stiven Uitkoff.

Demak, rejalashtirilganidek ikki prezidentning jurnalistlar qarshisida, ularning savollariga bemalol javob berib gaplashishi amalga oshmadi. Shunaqa bo‘lishi ham aniq edi. Chunki aksar G‘arb nashrlari Vladimir Putinga to‘rt yil ichida ilk marta savol berish imkoniga ega bo‘ldi. Shu tariqa prezidentlar uchrashuvning yopiq qismiga yo‘l olishdi. Yopiq eshiklar ortida Rossiya va AQSh delegatsiyasi 6-7 soat davomida muloqot qilishi kutilmoqda.

Biz uchrashuv tafsilotlari haqida alohida video ham e’lon qilamiz. Hozircha Alyaskaga SSSR yozuvli sviterda borgan Rossiya tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrovning gaplarini keltirmoqchimiz. Undan juralistlar «Uchrashuvdan keyin Rossiyadan sanksiyalar yechilishi mumkinmi»? deb so‘rashdi. Lavrov esa o‘ziga xos kinoya usulida javob berdi: «Kimdandir albatta yechiladi, bu aniq». Bu gapning formulirovkasi juda qo‘pol bo‘ladi, shu uchun uni aytib o‘tirmayman. Rossiya tashqi ishlar vazirining gapirish tonidan boxabar bo‘lganlar bu gapning ma’nosini juda yaxshi tushundi.

Hozircha shu, azizlar. Biz ertalab uchrashuv tafsilotlariga yana to‘xtalamiz. Bizda tong otganda dastlabki tafsilotlar paydo bo‘lishni boshlasa kerak. Kun.uz'dan uzoqlashmang, bizning sahifalarga obuna bo‘ling.

O‘tkir Jalolxonov tayyorladi
Tasvirchi va montaj ustasi – Faxriddin Hotamov

Tayyorlagan:  Kun.uz Admin

Mavzuga oid