Jahon | 16:00 / 17.08.2025
18303
9 daqiqa o‘qiladi

Putinning talablari va takliflari haqida hozirgacha nimalar ma’lum?

Alyaskadagi uchrashuvdan buyon ikki kun o‘tdi. Hamon rasmiy ma’lumot yo‘q, ammo OAV asosiy narsani aniqlab bo‘lganga o‘xshaydi: Putin Donbassni topshirishni, shuningdek, Qrimni Rossiyaniki deb tan olishni hamda sanksiyalarning bir qismini olib tashlashni talab qilmoqda. Moskva buning evaziga Sumi va Xarkiv oblastlarining bosib olingan qismlarini qaytarishga tayyor.

Foto: Andrew Harnik / Getty Images

Vladimir Putin Ukrainadan Donbassdan qo‘shinlarni to‘liq olib chiqishni talab qilmoqda. Bloomberg manbalariga ko‘ra, bu haqda AQSh prezidenti Donald Tramp Putin bilan muzokaralardan so‘ng Volodimir Zelenskiy va Yevropa yetakchilari bilan telefon orqali muloqoti chog‘ida aytib o‘tgan. Nashr maqolasidan ma’lum bo‘lishicha, gap Donetsk va Luhansk oblastlari haqida ketmoqda; Rossiya endi Zaporijjya va Xerson oblastlarining o‘z nazoratida bo‘lmagan qismlarini berishni talab qilmayapti.

Financial Times manbalariga ko‘ra, muzokaralar chog‘ida Putin Ukrainaning Donbassdan voz kechishi uning asosiy talablaridan biri ekani, agar bu talab bajarilsa, u front chizig‘ining qolgan qismini muzlatib qo‘yishga rozi bo‘lishini (bu Rossiya tomonidan qisman ishg‘ol etilgan Xerson va Zaporijjya oblastlarining bir qismini Rossiya nazorati ostida qoldiradi) ma’lum qilgan.

Shu bilan birga, FT manbalariga ko‘ra, Putin mojaroning «asl sabablari», jumladan, NATOning sharqqa kengayishi masalasini bartaraf etish talabidan ham voz kechmasligini ma’lum qilgan.

Putin Tramp bilan uchrashuvda sanksiyalarning bir qismini bekor qilishni hamda Qrimni Rossiya hududi sifatida tan olishni talab qilgan. Reuters agentligi Qrimni aynan kim Rossiyaniki deb tan olishi kerakligi tushunarsizligini qayd etgan – faqat AQShmi yoki G‘arb davlatlari va Ukraina ham.

Reuters suhbatdoshlariga ko‘ra, Putin Rossiyaga qarshi sanksiyalarning hech bo‘lmaganda bir qismi bekor qilinishini ham istaydi. Aynan qaysi sanksiyalar haqida gap ketayotganiga oydinlik kiritilmagan – Amerikaniki yoki Yevropaniki.

Reuters g‘arbdagi boshqa nashrlar ortidan Putin ukrain qo‘shinlarini Donetsk va Luhansk oblastlarida olib chiqishni talab qilayotgani, buning evaziga Rossiya Zaporijjya va Xerson oblastlaridagi front chizig‘ini hozirgi holatida muzlatishga rozi bo‘lishini xabar qilgan. Shu bilan birga, agentlik manbalari RF prezidenti Ukrainaga Sumi oblasti shimolida hamda Xarkiv oblastining shimoli-sharqida rus qo‘shinlari tomonidan egallab olingan hududlarni qaytarishga rozi ekanini tasdiqlagan.

Ukrainadagi DeepState proyektiga ko‘ra, Rossiya Sumi va Xarkiv oblastlarida jami 440 kilometr kvadrat atrofidagi hududni o‘z nazoratida ushlab turibdi. Ukraina esa Donbass hududida nazorat qilayotgan hududlar hajmi 6600 kilometr kvadratni tashkil etadi.

Bundan tashqari, Putin Tramp bilan sammitda Rossiya Ukrainada rus tiliga rasmiy til maqomi berilishini talab qilishini aytgan. Shuningdek, Ukraina hukumati mamlakatda Rus pravoslav cherkovining (Ukraina pravoslav cherkovi Moskva patriarxati) erkin faoliyat yuritishiga ruxsat berishi kerak bo‘ladi.

Donald Tramp muzokaralardan so‘ng Fox News telekanaliga bergan intervyusida «endi hamma narsa prezident Zelenskiyga bog‘liqligi»ni aytdi. Amerika prezidenti ehtimoliy kelishuv mazmunini ommaga oshkor qilmadi, biroq, taxminlarga ko‘ra, gap Ukraina tomonidan hududiy yon berishlar haqida ketmoqda – FT ma’lumotlariga ko‘ra, Zelenskiy va Yevropa yetakchilari bilan o‘tkazilgan qo‘ng‘iroqlashuvda Tramp Ukraina o‘z yerlari haqida mustaqil qaror qabul qilishi kerakligini ta’kidlagan.

Yaqinda Putinning Stiven Uitkoff bilan uchrashuvidan keyin Zelenskiy «ukrainlar o‘z yerlarini bosqinchiga sovg‘a qilmasligi»ni aytgandi. Ankorijdagi muzokaralardan keyingi bayonotlarida esa u bu mavzuga to‘xtalmadi. Biroq, Reuters manbasiga ko‘ra, Zelenskiy Tramp bilan telefon orqali muloqot chog‘ida front chizig‘ini muzlatish evaziga Donbassdan voz kechish taklifini rad etgan.

Tramp Zelenskiy va Yevropa yetakchilari bilan qo‘ng‘iroqlashuv chog‘ida ularni Moskvadan zudlik bilan o‘t ochishni to‘xtatishni talab qilishni bas qilishga chaqirgan, deb yozmoqda FT. Holbuki Putin bilan uchrashuvgacha Tramp agar Alyaskadagi muzokaralar o‘t ochishni to‘xtatishga olib kelmaydigan bo‘lsa, bundan qoniqmasligi, bu holatda «juda jiddiy oqibatlar» bo‘lishini aytgandi. Ammo sammitdan so‘ng u «ko‘p hollarda bajarilmaydigan vaqtinchalik sulhlar» emas, balki tinchlik shartnomasi borasida kelishuv zarurligi haqida gapirgan Putinning pozitsiyasiga qo‘shilishini bildirdi.

CNN jurnalisti Kler Sebastyanning fikricha, Trampning ritorikasidagi o‘zgarish Putinga qo‘l keladi, chunki u harbiy harakatlarni to‘xtatmasdan muzokaralar jarayonini olib borishga imkon beradi. Bunday baholash asosli ekanini Rossiyaning sobiq prezidenti Dmitriy Medvedevning so‘zlari ham bilvosita tasdiqlaydi – u sammitning «muhim» natijasi sifatida «muzokaralar avvaldan shartlar qo‘ymasdan va maxsus harbiy amaliyotni davom ettirgan holda ham o‘tkazilishi mumkinligi»ni ta’kidlagan.

AQSh G‘arbning boshqa davlatlari bilan birgalikda Ukrainaga xavfsizlik kafolatlarini berishga tayyor, dedi Yevropa yetakchilari Tramp bilan suhbatdan so‘ng. Italiya bosh vaziri Jorja Meloni aynan kafolatlar mavzusini Ankorijdagi muzokaralarning «eng qiziqarli yangiligi» deb atadi. Uning so‘zlariga ko‘ra, gap NATOni tashkil etish to‘g‘risidagi shartnomaning beshinchi moddasidan «ilhomlangan» kafolatlar haqida ketmoqda.

Italiya bosh vaziri Jorjia Meloni Ankorijdagi muzokaralardagi «eng qiziqarli yangilik» sifatida aynan xavfsizlik kafolatlari masalasini atadi. Uning so‘zlariga ko‘ra, bu kafolatlar NATOni tuzish to‘g‘risidagi shartnomaning beshinchi moddasidan «ilhomlangan».

«Bu taklifning boshlang‘ich nuqtasi – kollektiv xavfsizlik to‘g‘risidagi moddadagi shartlarni shakllantirish bo‘lib, u Ukrainaga yangi hujum yuz bergan taqdirda o‘z hamkorlari, jumladan AQSh tomonidan yordam olish imkonini beradi», – dedi Meloni. Shaxsini sir tutishni so‘ragan yevropalik mulozimlardan biri CNN bilan suhbatda aytishicha, bu kafolatlarda NATO tashkiloti to‘g‘ridan to‘g‘ri ishtirok etmaydi.

Tramp Putin bilan G‘arbning Ukrainaga shunday kafolatlar berish niyatini to‘g‘ridan to‘g‘ri muhokama qilganmi yoki yo‘qmi – buni Melonining so‘zlaridan bilib bo‘lmaydi, ammo Ankorijda o‘tkazilgan matbuot anjumanida Putin «Tramp bilan xavfsizlik masalasida to‘liq kelishgani, jumladan Ukraina xavfsizligi ham ta’minlanishi shart ekani» haqida gapirdi va Rossiya bu masala bo‘yicha «ishlashga tayyorligi»ni ma’lum qildi. Agence France-Presse diplomatik manbaga tayanib yozishicha, AQSh tomonidan taklif qilingan «beshinchi moddaga o‘xshash, ammo NATOsiz» kafolatlar konsepsiyasi «taxminan Putin bilan kelishilgan». Shunga o‘xshash ma’lumotni «Ukrainskaya pravda» nashrining anonim manbasi ham tasdiqlagan.

Zelenskiy 18 avgust kuni Vashingtonda Tramp bilan uchrashadi. Yevrokomissiya raisi Ursula fon der Lyayyen Ukraina rahbari bilan birga Amerikaga borishini tasdiqladi, ularga Yevropaning boshqa yetakchilari, jumladan, Fransiya prezidenti Emmanuel Makron ham qo‘shilishi kutilmoqda. Ukraina prezidenti bunday uchrashuv o‘tkazilishini qo‘llab-quvvatlashini aytdi; Yevropalik anonim amaldorning so‘zlariga ko‘ra, Tramp Ankorijdagi sammitni Putin uch tomonlama muzokaralarga rozi ekanga ishongan holda tark etgan, deb yozadi CNN. Shu bilan birga, Putinning yordamchisi Yuriy Ushakov Ankorijdagi muzokaralarda bunday uchrashuv o‘tkazish mavzusi ko‘tarilmaganini aytgan.

Zelenskiy shanba kuni kunning ikkinchi yarmida bergan bayonotida, Rossiya yaqin kunlarda «ukrain pozitsiyalariga bosim va zarbalarni kuchaytirishga urinishi»ni kutayotganini bildirdi. Uning fikricha, bu «muzokaralar uchun ko‘proq siyosiy foyda beradigan vaziyat yaratish»ga qaratilgan bo‘ladi. Zelenskiy ukrain harbiylari Donetsk oblastining «eng qiyin uchastkalaridan biri – Dobropilya va Pokrovsk yo‘nalishida» ikki kundan beri muvaffaqiyat qozonayotganini ta’kidlagan. Avgust o‘rtalarida Rossiya armiyasi Pokrovskning shimoli-sharqidagi ukrain mudofaa chiziqlarini yorib o‘tgani haqida ma’lumotlar paydo bo‘lgandi.

Mavzuga oid