Jahon | 15:05 / 18.08.2025
6153
10 daqiqa o‘qiladi

Isroilda yirik namoyishlar, Vashingtonda to‘planayotgan Yevropa yetakchilari va Xitoy yordamiga ko‘z tikkan Eron – kun dayjesti

O‘tgan kun davomida jahonda ro‘y bergan eng asosiy voqea va yangiliklar sharhi bilan kundalik xabarnomada tanishtiramiz.

Video thumbnail
{Yii::t(}
O'tkazib yuborish 6s

Hamas bayonoti va Isroildagi namoyishlar

Yakshanba kuni o‘n minglab isroilliklar G‘azoda garovda saqlanayotganlar oilalarini qo‘llab-quvvatlash maqsadida ish tashlash hamda namoyishlarda qatnashdi. Ular bosh vazir Binyamin Netanyahudan urushni tugatish va qolgan asirlarni ozod etish bo‘yicha Hamas bilan kelishuvga erishishni talab qilmoqda.

Butun mamlakat bo‘ylab o‘tkazilgan namoyishlarda odamlar ko‘chalarni va shosse yo‘llarni, jumladan, Quddus va Tel-Avivni bog‘lovchi asosiy yo‘lni to‘sib qo‘ydi.

Isroil politsiyasi ma’lumotiga ko‘ra, tushgacha 38 namoyishchi qo‘lga olingan. Yo‘llarni to‘sib qo‘yganlarning ayrimlarini politsiya kuch bilan olib ketgan. Namoyishlar — Yamandan otilgan raketa xavfi haqidagi sirenalar yangragach, qisqa muddatga to‘xtagan.

Netanyahu esa «Hamasni mag‘lub etmasdan urushni tugatishga chaqirayotganlar faqatgina uning pozitsiyasini qattiqlashtirmoqda va garovdagilar ozod etilishini kechiktirmoqda», dedi.

Isroil hukumati yaqinda e’lon qilgan G‘azoni to‘liq egallash rejasi mamlakat ichida ham, tashqarida ham, jumladan, eng yaqin Yevropa ittifoqdoshlari tomonidan keskin tanqid ostiga olindi.

Yakshanba kuni Hamas Isroilning ushbu harakatlariga munosabat bildirib, G‘azo shahridan aholining ko‘chirib yuborish rejasini «yangi qirg‘in va ko‘chirish to‘lqini» deb atadi. Unga ko‘ra, bu rejadan hududdagi yuz minglab odamlar zarar ko‘radi.

Guruhning bayonotida aytilishicha, Isroil tomonidan G‘azoning janubiga chodirlar va boshqa boshpana vositalarini joylashtirish rejasi «ochiqchasiga aldov»dir.

«Insonparvarlik niqobi ostida chodirlarni joylashtirish – bu ochiq aldov bo‘lib, bosqinchi kuchlar amalga oshirishga hozirlanayotgan yovuz jinoyatni yashirish uchun qilingan bahona», deyiladi Hamas bayonotida.

Isroilning G‘azoda olib borayotgan genotsid ko‘rinishidagi urushi davomida 2023 yil oktyabr oyidan buyon 61 mingdan ortiq falastinlik o‘ldirilgan. 150 mingdan ortiq inson jarohatlangan.

Zelenskiy va Yevropa yetakchilari Vashingtonda to‘planmoqda

Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy 18 avgust kuni AQSh prezidenti Donald Tramp bilan uchrashish uchun Vashingtonga keldi. Tramp dastlab Zelenskiy bilan yakkama-yakka suhbatlashadi. Shundan so‘ng ularning suhbatiga Yevroittifoq siyosatchilari qo‘shilishi kutilmoqda.

Xususan, Zelenskiyga Yevropada Germaniya kansleri Fridrix Mers, Buyuk Britaniya bosh vaziri Kir Starmer, Fransiya prezidenti Emmanuel Makron va Italiya bosh vaziri Jorjiya Meloni hamrohlik qilishi kutilmoqda. Shuningdek, Finlandiya, Yevrokomissiya va NATO yetakchilari ham Oq uydagi uchrashuvda qatnashadi.

«Biz hammamiz bu urushni tez va ishonchli tarzda tugatishga qat’iy intilamiz. Tinchlik esa o‘tmishda bo‘lgani kabi emas, balki barqaror bo‘lishi kerak. O‘shanda Ukraina Qrim va Donbassning bir qismini berishga majbur bo‘lgandi, Putin esa bundan yangi hujum uchun tramplin sifatida foydalandi. Yoki 1994 yilda Ukrainaga «xavfsizlik kafolatlari» berilganida ular ishlamagan edi.

Hozir esa ukrainaliklar o‘z yeri, o‘z mustaqilligi uchun kurashmoqda. Rossiya o‘zi boshlab bergan bu urushni tugatishi shart. Va umid qilamanki, Amerikadagi, Yevropadagi do‘stlarimiz bilan birgalikdagi kuchimiz Rossiyani haqiqiy tinchlikka majbur qiladi», deb yozgan Zelenskiy.

Avvalroq Zelenskiy Tramp tomonidan e’lon qilingan tinchlikka erishish rejasining qator moddalari qabul qilinmasligini aytgandi.

Ukraina prezidentining so‘zlariga ko‘ra, avval o‘t ochishni to‘xtatish, keyin tinchlik kelishuvi ustida ishlash kerak. Tramp esa Rossiya prezidenti Vladimir Putinning o‘t ochishni to‘xtatish emas, birato‘la tinchlik kelishuvi tuzish to‘g‘risidagi taklifini ma’qullagandi.

Eslatib o‘tamiz, joriy yil 15 avgust kuni Alyaskada bo‘lib o‘tgan Donald Tramp va Vladimir Putin o‘rtasidagi uchrashuvdan so‘ng Rossiya-Ukraina urushi bo‘yicha muzokaralar yana jonlandi. Suhbatlar deyarli uch soat davom etgan bo‘lsa-da, hozircha aniq kelishuvlar yo‘q.

Axios nashrining yozishicha, Donald Tramp yevropaliklar bilan uchrashuvdan so‘ng — 22 avgust kuni Rossiya va Ukraina yetakchilari bilan uch tomonlama uchrashuv o‘tkazishni maqsad qilmoqda. Lekin hozircha ushbu xabarni tomonlarning hech biri tasdiqlamagan.

Ispaniya va Portugaliyadagi yong‘inlar

Ispaniya bo‘ylab 50 dan ortiq hududda yuzaga kelgan yirik yong‘inlar mamlakatni larzaga solmoqda. Yong‘inlar oqibatida 4 mingdan ziyod aholiga tunda ochiq havoda qolishga to‘g‘ri keldi.

Mahalliy hokimiyatlar ma’lumotlariga ko‘ra, Kastiliya va Leon hududida kamida 25 joyda, Galitsiyada 14 ta, Asturiyada 12 ta va janubdagi boshqa mintaqada bir nechta yong‘in davom etmoqda.

Faqat Kastiliya va Leonning o‘zida 3 250 kishi ko‘chirilgan bo‘lib, ular tunni uyidan tashqarida o‘tkazishga majbur bo‘lmoqda. Galitsiyada bir necha kundan beri davom etayotgan yong‘inlarda 47 ming gektardan ortiq yer maydoni allaqachon yonib ketgan.

Ourense atrofida yong‘inlardan zarar ko‘rgan yuzlab odamlar hozircha sport zallari, favqulodda turar joylar yoki qarindoshlarining uyidan boshpana topmoqda.

Yong‘inlarga qarshi kurashda Ispaniyaning Harbiy favqulodda vaziyatlar bo‘linmasi hamda Yevropa Ittifoqi tomonidan yuborilgan samolyotlar jalb etilgan.

Shuningdek, Portugaliya ham hozirda 78 faol yong‘in o‘chog‘iga kurash olib bormoqda. Ulardan sakkiztasi yirik yong‘in hisoblanadi. Portugaliya Favqulodda vaziyatlar va fuqaro muhofazasi milliy boshqarmasi ma’lumotiga ko‘ra, mamlakat bo‘ylab 5 mingdan ortiq o‘t o‘chiruvchi 42 ta samolyot va 305 ta yer texnikasi yordamida yong‘inlarni o‘chirish ishlariga jalb qilingan.

Pokistonda musson yomg‘irlari

Pokistonda kuchli yomg‘irlar sabab yuzaga kelgan sel va ko‘chkilar oqibatida halok bo‘lganlar soni 351 nafarga yetdi. Bu haqda Geo News portaliga tayanib Anadolu nashri xabar bermoqda.

Xayber Paxtunxva viloyatida 328 kishi halok bo‘lgan va yana ko‘plab odamlar jarohatlangan. Shimoliy Gilgit-Baltistonda 12 kishi, Kashmir hududida esa 11 kishi hayotdan ko‘z yumgan.

Eng ko‘p zararlangan hududlarda qutqaruv ishlari davom etayotgan bo‘lsa-da, rasmiylar qurbonlar soni ortishidan xavotirda. Kuchli sel va ko‘chkilar uylar, savdo maskanlari va infratuzilmalarni vayron qilgan.

Xayber viloyati hukumati o‘limlar soni oshgani ortidan barcha suv-to‘fondan zarar ko‘rgan hududlarda favqulodda holat e’lon qildi. Uchta armiya bataloni va 300 nafar fuqarolik mudofaasi ko‘ngillilari tomonidan qutqaruv ishlari olib borilmoqda. Zarar ko‘rganlarga oziq-ovqat, chodir va adyollar yetkazilmoqda.

Pokiston Milliy Favqulodda vaziyatlarni boshqarish boshqarmasi esa juma kunidan 10 sentabrgacha davom etadigan navbatdagi musson yomg‘irlari to‘lqini haqida ogohlantirdi.

Mussonlar odatda iyundan sentabrgacha davom etadi va Janubiy Osiyo, jumladan Pokistonda ham vayronagarchiliklarga sabab bo‘ladi. Ammo so‘nggi yillarda iqlim o‘zgarishi ularning kutilmagan va yanada kuchliroq bo‘lishiga olib kelmoqda.

Eron Xitoy yordami bilan raketa salohiyatini tiklashni ko‘zlamoqda

Eron Isroil bilan bo‘lgan 12 kunlik urushdan keyin o‘z mudofaa salohiyatini faol ravishda tiklamoqda. Asosiy e’tibor yangi havo hujumidan mudofaa tizimlari va raketa qurollarini rivojlantirishga qaratilgan. Bu haqda G‘arb razvedka xizmatlari ma’lumotlariga tayanib Isroilning Ynet nashri yozmoqda.

Isroil bilan 12 kunlik urush Eronda — o‘zining raketa arsenali Isroilga strategik bosim o‘tkazishning bosh vositasi ekani haqidagi tushunchani kuchaytirgan. Shu bilan birga, yadroviy qurol ishlab chiqishdan farqli o‘laroq, Eronning ballistik raketalar yaratishi xalqaro shartnomalar bilan cheklanmagan.

G‘arb maxsus xizmatlari Eron va Xitoy o‘rtasida harbiy hamkorlikning qayta tiklanayotgan belgilarini qayd etdi. 2024 yil oktyabr oyidagi mojarodan keyin Pekin Tehronga ayrim jihozlarni yetkazib bergan, endilikda esa razvedka baholariga ko‘ra, Xitoy Eronning raketa imkoniyatlarini tiklash va modernizatsiya qilishda muhim rol o‘ynashi mumkin.

Xitoy raketalar yoki ularning qismlarini yetkazib berish niyatini tasdiqlamagan, biroq bu masala muhokama qilinayotganining o‘zi Isroilda jiddiy tashvish uyg‘otmoqda. Isroil rasmiylari Xitoyning aniq niyati ayon emasligini ta’kidlab, Pekinga tegishli signal yuborilganini bildirgan.

Mavzuga oid