Jahon | 21:42 / 19.08.2025
15863
2 daqiqa o‘qiladi

AFP: Putin Zelenskiy bilan Moskvada uchrashishni taklif qildi. Ukraina prezidenti rad etdi

Shveytsariya esa Putin Zelenskiy bilan muzokaralar uchun Jyenevaga keladigan bo‘lsa, uni hibsga olmaslikka va’da bermoqda.

Foto: BFM TV

Rossiya Federatsiyasi prezidenti Vladimir Putin Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy bilan uchrashuvni Moskvada o‘tkazishni taklif qildi. Bu haqda Agence France-Presse manbalarga asoslanib xabar bermoqda.

Agentlik ma’lumotiga ko‘ra, ushbu taklif AQSh prezidenti Donald Tramp bilan 18 avgust kuni bo‘lib o‘tgan telefon muloqoti chog‘ida bildirilgan – bu Tramp, Zelenskiy va Yevropa rahbarlarining Oq uydagi uchrashuvi davomida sodir bo‘lgan.

AFP manbalariga ko‘ra, Zelenskiy Moskvaga borish taklifini rad etgan.

Tramp Zelenskiy bilan muzokara va Putin bilan qo‘ng‘iroqlashuvdan keyin ularning uchrashuviga tayyorgarlik boshlanganini aytdi.

Fransiya prezidenti Emmanuel Makron uchrashuv Jyenevada bo‘lishi mumkinligini aytdi. Putinni hibsga olish uchun order bergan Xalqaro jinoiy sud a’zosi hisoblangan Shveytsariya hukumati esa Putinga safar vaqtida daxlsizlik berishga tayyorligini rasman e’lon qildi.

Ushbu mamlakat TIV rahbari Inyatsio Kassisning aniqlik kiritishicha, «muayyan sharoitlarda» Putinga Shveytsariyaga tashrif buyurishga ruxsat beriladi. Uning tushuntirishicha, o‘tgan yili Shveytsariya hukumati xalqaro hibsga olish orderi ostida bo‘lgan shaxslarga immunitet berish qoidalarini belgilagan. «Agar bu shaxs shaxsiy ishlari bilan emas, balki tinchlik konferensiyasiga kelgan bo‘lsa», –- dedi u.

G‘arb nashrlarida uchrashuv o‘tkazilishi mumkin bo‘lgan boshqa joylar qatorida Rim va Budapesht shaharlari ham tilga olinmoqda.

RF tomoni Putinning Zelenskiy bilan uchrashishga roziligini rasman tasdiqlamadi. Prezident yordamchisi Yuriy Ushakov faqatgina Putin va Tramp muloqotida Rossiya va Ukraina o‘rtasidagi ikki tomonlama muzokaralarning darajasini oshirish g‘oyasini muhokama qilganini aytib o‘tgandi.

Азиз Қаршиев
Tayyorlagan Азиз Қаршиев
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid