Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
2024 yil G‘azoda insonparvarlik yordami tarqatuvchi 181 nafar xodim o‘ldirildi – BMT
2024 yilda dunyo bo‘ylab humanitar yordam ko‘rsatuvchi 383 nafar xodim halok bo‘ldi. BMT Bosh kotibi o‘rinbosari Tom Fletcherning aytishicha, ularning deyarli yarmi G‘azo va bosib olingan Falastin hududlariga to‘g‘ri keladi. Joriy yil G‘azoda yuz bergan fojiada esa Isroil askarlari aniq belgilariga ega transport vositalarida ketayotgan 15 nafar shifokor va tezkor yordam xodimini otib tashlagan edi.
Foto: UN OCHA
2024 yilda butun dunyoda 383 nafar humanitar yordam tarqatuvchi xodimlar o‘ldirilgan, ularning deyarli yarmi 181 kishi G‘azoda halok bo‘ldi. Bu haqda Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh kotibining humanitar masalalar bo‘yicha o‘rinbosari va favqulodda yordam muvofiqlashtiruvchisi Tom Fletcher ma’lum qildi.
«O‘ldirilganlar soni bir yil avvalgiga nisbatan 31 foizga oshgan, bunga «G‘azodagi tinimsiz mojaro sabab bo‘ldi. U yerda 181 humanitar xodim halok bo‘ldi, Sudanda esa 60 kishi hayotdan ko‘z yumdi», dedi Fletcher Jahon humanitar xodimlari kuni munosabati bilan o‘tkazilgan yig‘ilishda. BMT rasmiysi bunday holatga xalqaro hamjamiyatning «harakatsizligi va befarqligini» sharmandali, deya baholadi.
«Bitta humanitar hamkasbimizga uyushtirilgan hujumning o‘zi ham barchamizga va xizmat qilayotgan odamlarga qilingan hujumdir. Javobgarliksiz davom etayotgan bu miqyosdagi hujumlar xalqaro hamjamiyatning befarqligi va harakatsizligiga sharmandali ayblovdir», deya Fletcherning so‘zlarini keltirmoqda Al-Jazeera nashri.
BMT ma’lumotiga ko‘ra, halok bo‘lganlarning aksariyati turli xalqaro, davlat va nodavlat tashkilotlarning mahalliy xodimlari bo‘lib, ular o‘z xizmat vazifacini bajarish va insonparvarlik yordami ko‘rsatish chog‘ida yoki o‘z uylarida hujumga uchragan.
«Biz, humanitar hamjamiyat sifatida, yana bir bor, hokimiyat va ta’sir egalarini insoniyat uchun harakat qilishga, tinch aholiga va yordam xodimlariga himoya berishga, jinoyatchilarni javobgarlikka tortishga chorlaymiz», dedi Fletcher.
Joriy yilning o‘zida esa 265 nafar humanitar yordam ko‘rsatuvchi xodimlar halok bo‘ldi. Ushbu raqamlar AQSh moliyalashtiradigan Humanitar yordam xodimlari xavfsizligi ma’lumotlar bazasi – «Aid Worker Security Database»da keltirilgan, deb yozmoqda Reuters.
2025 yilda humanitar xodimlarga qilingan eng yirik hujumlardan biri 23 mart tongida G‘azoning janubiy Rafah shahrida yuz berdi: Isroil askarlari aniq belgilariga ega transport vositalarida ketayotgan 15 nafar shifokor va tezkor yordam xodimini otib tashladi.
Isroil armiyasi jasadlar va tez yordam mashinalarini buldozerlar bilan bosib, ommaviy qabrga ko‘mdi. BMT va qutqaruvchilar voqea joyiga faqat bir hafta o‘tgach kira oldi. Isroil armiyasi keyinroq bu voqealar «operatsion tushunmovchilik» va «buyruqlarni buzish» oqibatida yuz berganini ma’lum qildi.
«Humanitar xodimlar va ularning faoliyatiga hujumlar – xalqaro humanitar huquqni buzadi va urush hamda ofat zonalarida qolib ketgan millionlab odamlar hayotini saqlab qolayotgan «yo‘llar»ni izdan chiqaradi. Yordam xodimlariga qarshi zo‘ravonlik muqarrar emas. U tugashi kerak», dedi BMT rasmiysi.
Boshqa hududlar
Bundan tashqari, Isroil o‘tgan yili Hizbulloh bilan urush qilgan Livanda 20 nafar humanitar yordam xodimi halok bo‘ldi. 2023 yilda esa Livanda bunday qurbonlar yo‘q edi.
Efiopiya va Suriyada o‘ldirilganlar soni 14 nafardan bo‘ldi, bu 2023 yilga nisbatan deyarli ikki barobar ko‘p. Ukrainada esa 2024 yilda 13 nafar humanitar yordam xodimi o‘ldirilgan, bu 2023 yildagi 6 nafardan ikki baravar ko‘p.
Bundan tashqari, BMTning Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti (JSST) shu yilning o‘zida 16 hududda 800 dan ortiq tibbiy muassasaga uyushtirilgan hujumlarni tasdiqladi. Ularda 1 110 dan ortiq tibbiyot xodimlari va bemorlar o‘ldirilgan, yuzlab odamlar jarohatlangan.
«Har bir hujum uzoq muddatli zarar keltiradi, butun jamoalarni eng zarur paytda hayot saqlovchi yordamdan mahrum qiladi, sog‘liqni saqlash xodimlarini xavf ostiga qo‘yadi va allaqachon tang bo‘lib turgan tizimlarini yanada zaiflashtiradi», dedi JSST.
Reuters nashrining yozishicha, yordam xodimlari xalqaro humanitar huquq doirasida himoyaga ega. Ammo mutaxassislar bunday ishlarning sudgacha yetib borishi juda kamligini ta’kidlaydi. Sabablardan biri — humanitar tashkilotlarning kelajakda hududlarga kira olishini ta’minlash va niyatni isbotlashdagi qiyinchiliklardir.
Mavzuga oid
16:58 / 04.12.2025
G‘azo vayronalari orasida 54 juftlik uchun ommaviy to‘y o‘tkazildi – fotolar
13:17 / 29.11.2025
Isroil kuchlari qurolsiz va taslim bo‘lgan ikki falastinlikni otib o‘ldirdi (video)
16:03 / 26.11.2025
Hamas so‘nggi jasadlardan birini qaytardi
18:36 / 25.11.2025