Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Ukrainaga qo‘shin yuborishga tayyor Yevropa, sulhni o‘rganayotgan Isroil va Afg‘oniston uchun raqobat qilishga chaqirgan Mujohid – kun dayjesti
O‘tgan kun davomida jahonda ro‘y bergan eng asosiy voqea va yangiliklar sharhi bilan kundalik xabarnomada tanishtiramiz.
«Putin yaqin ikki haftada Zelenskiy bilan uchrashishga va’da berdi» – Oq uy
Oq uy matbuot kotibi Kerolin Levitt brifing o‘tkazib, Putin va Zelenskiy o‘rtasidagi uchrashuvga tayyorgarlik haqida ma’lumot berdi. Uning aytishicha, AQSh vitse-prezidenti J.D. Vens, davlat kotibi Marko Rubio va prezidentning maxsus vakili Stiv Uitkoff Putin va Zelenskiy uchrashuvini tezlashtirish uchun harakat qilmoqda.
«Putin va Zelenskiy muzokaralar stoli atrofiga o‘tirishga rozi bo‘ldi. Ularning uchrashuviga to‘laqonli tayyorgarlik ketmoqda. Putin yaqin ikki hafta ichida Zelenskiy bilan shaxsan uchrashishga va’da berdi. AQSh Rossiya bilan bo‘lajak uch tomonlama muzokaralarni o‘tkazish uchun ko‘plab ehtimoliy joylarni muhokama qilmoqda», dedi Oq uy so‘zchisi.
AFP nashrining yozishicha, Putin Zelenskiy bilan uchrashuvni Moskvada o‘tkazishni taklif qilgan. Bu taklif Tramp bilan suhbatda yangragan, lekin Zelenskiy Moskvaga borish taklifini rad etdi.
Fransiya prezidenti Emmanuel Makron uchrashuv Jyenevada bo‘lishi mumkinligini aytdi. Putinni hibsga olish uchun order bergan Xalqaro jinoiy sud a’zosi hisoblangan Shveytsariya hukumati esa Putinga safar vaqtida daxlsizlik berishga tayyorligini rasman e’lon qildi. G‘arb nashrlarida uchrashuv o‘tkazilishi mumkin bo‘lgan boshqa joylar qatorida Rim va Budapesht shaharlari ham tilga olinmoqda.
Bundan tashqari u Ukrainaga kafolatlar haqida gapirib, xavfsizlik kafolatlari doirasida Ukrainada AQSh qo‘shinlari bo‘lmasligini, lekin muvofiqlashtirish ishlarida yordam berilishini ma’lum qildi.
Buyuk Britaniya hukumati yaqin kunlarda Yevropa harbiy amaldorlari AQSh vakillari bilan uchrashib, Ukrainaga «xavfsizlikning ishonchli kafolatlarini ishlab chiqish» masalasini ko‘rib chiqadi.
Bloomberg manbalariga ko‘ra, birinchi bosqichda ukrainalik harbiylarni o‘qitish va shaxsiy tarkibni to‘ldirish orqali Ukraina armiyasini mustahkamlash ko‘zda tutilgan. Bu ish bilan asosan yevropalik harbiylardan iborat ko‘p millatli guruh shug‘ullanadi. Buyuk Britaniya va Fransiya esa front chizig‘idan uzoqda joylashtiriladigan yuzlab askarlarini Ukrainaga yuborishi kutilmoqda. Umuman olganda, Yevropaning 10 ga yaqin davlati Rossiya–Ukraina urushi tugaganidan keyin o‘z qo‘shinlarini Ukrainaga yuborishga tayyorligini bildirgan.
Isroil Hamas qabul qilgan sulhni ko‘rib chiqmoqda
Isroil hukumati Hamasning G‘azoda qolayotgan garovdagilarning yarmiga yaqinini ozod qilish evaziga 60 kunlik o‘t ochishni to‘xtatish bo‘yicha taklifiga bergan javobini o‘rganmoqda. Biroq Reuters manbalariga ko‘ra, Isroilda urushni tugatish uchun barcha garovdagilar ozod etilishi shart, degan qarash bor. Bosh vazir Benyamin Netanyahu yaqin orada sulh taklifi yuzasidan muhokama o‘tkazishi kutilmoqda, javob ikki kun ichida berilishi mumkin.
O‘tgan hafta Isroil sektorning markazidagi G‘azo shahrini egallash uchun hujum boshlashini e’lon qilgach, janglarni vaqtincha to‘xtatish harakatlari yangi sur’at oldi.
Misr va Qatar vositachilari AQSh qo‘llab-quvvatlayotgan sulh rejasi yuzasidan bilvosita muzokaralarni qayta boshlashga undamoqda. Hamas rasmiysiga ko‘ra, taklif doirasida Isroilda qamoqda bo‘lgan 200 nafar mahkum, shuningdek, noma’lum miqdordagi ayollar va voyaga yetmaganlar ozod qilinishi evaziga G‘azodan 10 tirik va 18 halok bo‘lgan garovdagilar qaytarilishi nazarda tutilgan.
Ikki nafar misrlik xavfsizlik manbasi bu tafsilotlarni tasdiqladi va Hamas yuzlab g‘azolik mahbuslarni ham ozod etishni so‘raganini qo‘shimcha qildi. Isroilning aytishicha, G‘azoda jami 50 nafar mahbus garovda qolmoqda, ulardan 20 nafari tirik.
Hamas rasmiysi Izzat ar-Rishiqning Reutersʼga aytishicha, ular rozi bo‘lgan sulh taklifi bu – vaqtinchalik kelishuv bo‘lib, keyinchalik urushni tugatish bo‘yicha muzokaralarga yo‘l ochadi. Oldingi bosqichlardan farqli ravishda, bu safar Hamas taklifni qo‘shimcha talablar qo‘ymasdan qabul qilgan.
Urushni tugatishga doir keng qamrovli bitimda esa hozirda G‘azoning 75 foizini nazorat qilayotgan Isroil qo‘shinlarining qisman chiqib ketishi va 2,2 million aholisi ocharchilikka yaqinlashayotgan anklavga ko‘proq humanitar yordam kiritilishi nazarda tutilgan.
Isroil siyosiy rahbariyati javobni muhokama qilayotgan bir paytda, mudofaa vaziri Isroil Kats seshanba kuni kechqurun G‘azo shahrini egallash rejalarini tasdiqlash uchun qo‘mondonlar bilan uchrashdi.
So‘nggi kunlarda minglab odamlar bo‘lajak Isroilning quruqlikdagi hujumidan qo‘rqib, vayronaga aylangan hududning g‘arb va janubiy qismiga qochgani aytilmoqda. Maydonda esa sulh yaqinlashayotganidan darak yo‘q: G‘azo sog‘liqni saqlash amaldorlariga ko‘ra, seshanba kunining o‘zida isroilliklarning o‘q uzishi, tank snaryadlari va havo hujumlari oqibatida kamida 20 falastinlik halok bo‘ldi.
Xitoy bosh diplomati Hindistonga keldi
Dehliga tashrif buyurgan Xitoy tashqi ishlar vaziri Van I Hindiston bilan aloqalar «hamkorlik yo‘liga qaytishda ijobiy tendensiyani namoyish etayotganini» bildirdi. Van I, shuningdek, Hindiston milliy xavfsizlik maslahatchisi Ajit Doval bilan chegaralar bo‘yicha 24-davra muzokaralarini o‘tkazmoqda.
Bu uning 2022 yildan buyon Hindistonga ilk tashrifi bo‘lib, ikki qo‘shni davlat o‘rtasidagi aloqalar 2019 yilda keskinlashgan edi. 2020 yil may oyida esa nizoli hudud Jammu va Kashmirning Ladakh mintaqasida yuz bergan to‘qnashuvlarda har ikki tomondan 24 nafar askar halok bo‘lgan edi.
Xitoy bosh diplomatining tashrifi, shuningdek, AQSh Hindiston o‘rtasidagi aloqalar keskinlashgan bir pallaga to‘g‘ri keldi. Vashington Nyu-Dehliga 50 foizlik ulkan boj joriy qilib, dunyodagi eng ko‘p aholiga ega davlatni «nohaq savdo» va Rossiya «harbiy mashinasini moliyalashtirish»da ayblamoqda.
Xitoy tashqi ishlar vaziri Van I «ikki tomon bir-birini «raqib yoki tahdid» sifatida emas, «hamkor sifatida ko‘rishi, o‘zlarining qimmatli resurslarini rivojlanishga yo‘naltirib, o‘zaro manfaatli hamkorlikni yo‘lga qo‘yishi» kerakligini ta’kidlagan.
Afg‘onistonda investitsiyalar bilan raqobat qilaylik — Mujohid
Boshqa mamlakatlar Afg‘onistonga nisbatan «yovuz niyatlardan» voz kechishi kerak, chunki «Kobul hech kimga dushmanlik qilmaydi va barcha bilan yaxshi munosabatlar» o‘rnatishni xohlaydi. Bu haqda Afg‘oniston mudofaa vaziri Muhammad Yoqub Mujohid mamlakat Mustaqillik kuni munosabati bilan bo‘lib o‘tgan marosimda bayonot berdi.
«Na ruslar, na xitoyliklar Afg‘oniston Amerikadan buyruq olib ularga qarshi harakat qiladi yoki hududini ularga qarshi ishlatishga ruxsat beradi, deb o‘ylaydi. Amerikaliklar ham Rossiya yoki Xitoy bu hududga kelib, undan ularga qarshi foydalanadi, deb ishonmaydi. Keling, savdo qilaylik. Keling, to‘qnashuv yo‘li bilan emas, balki to‘g‘onlar, yo‘llar, zavodlar qurish va elektrenergetika loyihalariga investitsiya kiritish orqali bir-birimiz bilan raqobat qilaylik», — deya Mujohidning so‘zlarini keltirmoqda mahalliy Amu TV.
Uning ta’kidlashicha, afg‘on xalqi bir necha bor mustaqilligini yo‘qotgan, ammo «Tolibon»ning hokimiyatga qaytishi mustaqillikning yangi shakli bo‘lgan. U «uchinchi marta yuz bergan voqeadan saboq olishga» chaqirdi va mamlakat aholisini «fitna va ixtiloflarni to‘xtatish uchun birlashishga» undadi.
«Tolibon» 2021 yil yozida Afg‘onistonda hokimiyatni egallagan edi. Hozircha Afg‘oniston Islom Amirligini rasman tan olgan yagona davlat Rossiya bo‘lib, Moskva toliblarni terrorchi tashkilotlar ro‘yxatidan chiqarib tashlagan. Bundan tashqari, toliblar Markaziy Osiyodagi qo‘shnilari bilan ham juda iliq munosabatlarga ega.
Mavzuga oid
15:07 / 06.12.2025
Makronning Xitoydan iltimosi, Putinning Modiga taklifi va Trampning shousiga aylangan FIFA tadbiri – kun dayjesti
16:20 / 05.12.2025
Hindistonga kelgan Putin, Trampning yana bir «g‘alabasi» va G‘azoda o‘ldirilgan «Isroilning odami» – kun dayjesti
15:03 / 04.12.2025
Rafah o‘tish punktini ochmoqchi bo‘lgan Isroil, Xitoyga kelgan Makron va yo‘qolgan samolyot qidiruvini boshlagan Malayziya – kun dayjesti
14:59 / 03.12.2025