Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
G‘azo shahriga hujum boshlagan Isroil, Trampning ajabtovur bayonotlari va Ukraina bo‘ylab xavotirli tun – kun dayjesti
O‘tgan kun davomida jahonda ro‘y bergan eng asosiy voqea va yangiliklar sharhi bilan kundalik xabarnomada tanishtiramiz.
Isroil G‘azo shahriga hujum boshladi
Isroil Mudofaa Kuchlari 20 avgust kuni «Gidion aravalari» operatsiyasining ikkinchi bosqichi G‘azoda ishga tushirilganini ma’lum qildi. IDF so‘zchisi Isroil armiyasi G‘azo shahrida HAMASga zarba berish harakatlarini kuchaytirishini aytib, bu shaharni «harbiy tuzumning tayanchi» deb atadi. Uning aytishicha, Isroil kuchlari allaqachon G‘azo shahri chekkalarini egallab olgan va Zaytun mahallasida operatsiya o‘tkazmoqda. Bu hudud Falastin shimolidagi yuz minglab odamlarga uy bo‘lib kelmoqda.
The Guardian nashri Isroil armiyasining bayonoti Binyamin Netanyahu ofisining ma’lumoti bilan bir vaqtda chiqqanini bildirdi. Unda Netanyahu G‘azo shahrini egallash bo‘yicha ko‘p bora tahdid qilingan hujumni tezlashtirishga chaqirgan.
«G‘azo shahriga qarshi operatsiya rejalari tasdiqlanishidan oldin, bosh vazir Binyamin Netanyahu so‘nggi tayanchlarni qo‘lga olish va HAMASni tor-mor etish muddatlari qisqartirilishini topshirdi», deyiladi bayonotda. Isroil chorshanba kuni ertalab G‘azo shahriga hujum uchun yana 60 ming zaxiradagi askar chaqirilganini e’lon qilgandi.
Isroilning yangi urush rejasi xalqaro miqyosda keng qoralandi. Xususan, HAMAS G‘azo shahrini egallash rejalari sulh harakatlarga «ochiqchasiga bepisandlik» ekanini bildirdi.
«Bugun bosqinchi armiyaning G‘azo shahriga va uning qariyb bir million aholisi va ko‘chirilganlariga qarshi operatsiyani boshlash haqidagi e’loni vositachilar sa’y-harakatlariga ochiqdan ochiq bepisandlikni ko‘rsatmoqda», deyiladi HAMAS bayonotida.
Iordaniya tashqi ishlar vaziri Ayman Safadi chorshanba kuni Isroilning G‘azodagi hujumi Yaqin Sharqda tinchlik istiqbolini «butunlay yo‘q qilayotganini» aytdi. Fransiya prezidenti Emmanuel Makron ham bu fikrni takrorlab, rejalashtirilgan hujum «haqiqiy falokat» keltirib chiqarishini va mintaqani abadiy urush botqog‘iga tortishini ta’kidladi.
Germaniya hukumati matbuot kotibi Steffen Meyer esa: «Bu harakatlar qanday qilib barcha asirlarni ozod qilishga yoki sulhga olib kelishini tushunish tobora qiyinlashmoqda», dedi.
Isroil chorshanba kuni yana G‘arbiy Sohilda yirik noqonuniy posyolka qurish rejalari tasdiqlanganini ham ma’lum qildi. Isroilning o‘ng radikal moliya vaziri Betsalel Smotrichga ko‘ra, bu hududni ikki bo‘lakka bo‘lish — Falastin davlati istiqbolini butkul yo‘q qilishga qaratilgan.
Buyuk Britaniya bosh vaziri David Lammi agar bu reja amalga oshirilsa, «xalqaro huquqni ochiqchasiga buzadi va ikki davlat yechimini jiddiy ravishda izdan chiqaradi», dedi.
G‘azoda Isroil siyosati natijasida keng ko‘lamli ocharchilik yuzaga kelgani va genotsid ayblovlari fonida xalqaro jamoatchilikning keskin g‘azabiga qaramay, Isroil o‘z qarashlarini o‘zgartirmayapti. Shu paytda tobora ko‘proq davlatlar Falastin davlatini tan olish rejalarini e’lon qilmoqda. Shu kunga qadar Isroil hujumlari oqibatida G‘azoda 62 mingdan ortiq inson halok bo‘ldi, ularning 20 mingga yaqini bolalar.
Trampdan ajabtovur bayonotlar
AQSh prezidenti Donald Tramp Fox News'ga bergan intervyusida o‘limidan so‘ng jannatga kirishni istayotganini va bunga Ukrainadagi urushni tugatish borasidagi sa’y-harakatlari yordam berishiga umid qilishini aytdi.
«Men bu urushning tugashini istayman. U yerda amerikalik askarlar halok bo‘lmayapti, asosan ruslar va ukrainlar jabr ko‘rmoqda. Agar men har hafta 7 ming kishining halok bo‘lmasligiga erishsam, ajoyib bo‘ladi», dedi u.
Tramp so‘zlariga ko‘ra, u jannatga kirishga umid qilmoqda, garchi «bu joyga loyiq bo‘lishni unchalik yaxshi uddalay olmayapti». «Ammo baribir jannatga kirishga erishsam, aynan shu [Ukrainadagi urushni tugatish] buning sabablaridan biri bo‘ladi», deb qo‘shimcha qildi Tramp.
Shuningdek, u avvalroq Hindiston va Pokiston o‘rtasidagi ziddiyatning avj olishini to‘xtatishga muvaffaq bo‘lganini eslatdi.
Tinib-tinchimagan Tramp — AQShning Meksika bilan chegarasidagi devorni qora rangga bo‘yashni buyurdi. AQSh prezidentining fikricha, qora bo‘yoq migrantlarning devorga chiqish istagini so‘ndiradi, chunki u juda issiq bo‘ladi.
AQSh ichki xavfsizlik vaziri Kristi Noemning aytishicha, ishchilar allaqachon devorning bir qismini bo‘yashni boshlagan, buyruq Trampdan kelgan.
«Biz butun chegara devorini qora rangga bo‘yamoqchimiz», dedi Noem jurnalistlarga. Shuningdek, devorning bir qismini o‘zi qora rangga bo‘yadi.
The Hill gazetasining yozishicha, Tramp birinchi muddatidayoq chegaradagi devorni qora rangga bo‘yamoqchi bo‘lgan. Noem, shuningdek, o‘zgarishlar migrantlarning AQShga noqonuniy yo‘llar bilan kelmasligiga yordam berishini aytdi. 2019 yilda Tramp Meksika bilan chegarada shunchaki beton devor emas, balki «badiiy bezatilgan» devor qurishga va’da bergandi.
Rossiya Ukraina bo‘ylab dron va raketalar bilan hujum qildi
21 avgustga o‘tar kechasi Rossiya armiyasi dronlar va raketalar bilan Ukraina shaharlariga kombinatsiyalashgan zarbalar berdi. Butun Ukraina bo‘ylab havo hujumi xavfi e’lon qilindi. Mahalliy OAVlarga ko‘ra, Rossiya armiyasi «Shaheed» dronlari, «Kinjal», «Kalibr», X-101 raketalari uchirgan, ko‘plab nishonlar mamlakatning g‘arbiy hududlariga yo‘naltirilgan.
Xususan, Rossiya qo‘shinlari Zakarpate viloyatidagi Mukachevo shahriga zarba berdi. Nishonga shahardagi korxonalardan biri olingan. Hodisa joyida yong‘in chiqqan, zarba oqibatida 12 kishi jarohat olgani ma’lum.
Bundan tashqari, rossiyaliklar Ukrainaning eng g‘arbiy Lvov shahrini raketalar va «Shaheed»lar bilan nishonga oldi. Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, zarbalar oqibatida odamlar jabrlangan. Bu haqda shahar hokimi Andrey Sadoviy ma’lum qildi.
«Lvovda shovqinli tun bo‘ldi. Dushman dronlar va raketalar bilan kombinatsiyalangan hujum uyushtirdi. Yana bir oy avvalgidek Elena Stepanovna ko‘chasiga zarba tushdi. Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, jabrlanganlar bor», — dedi mer. Uning so‘zlariga ko‘ra, portlash to‘lqini o‘nlab uylar tomlari va derazalariga zarar yetkazgan. U barcha xizmatlar voqea joyida ishlayotganini ta’kidladi.
Xitoy Afg‘onistonni «Bir kamar, bir yo‘l»ga qo‘shmoqchi
Xitoy tashqi ishlar vaziri Van I Kobulga tashrifi davomida Afg‘oniston tashqi ishlar vaziri Amir Xon Muttaqiy bilan muzokaralar o‘tkazdi. Van I tomonlar Kobul va Pekin turli sohalardagi hamkorlikni kengaytirish istagida ekanini qayd etgan.
Xabar qilinishicha, Van I Xitoy Afg‘onistonda geologiya-razvedka va qazilmalar qazib olishda hamkorlik qilishga qiziqayotganini bildirdi. Shuningdek, muzokaralarda Kobulga Xitoyning «Bir kamar, bir yo‘l» loyihasiga rasman qo‘shilish taklifi haqida so‘z borgan.
Xitoyning «Bir kamar, bir yo‘l» tashabbusi bu – 2013 yilda Xitoy prezidenti Si Jinping tomonidan ilgari surilgan ulkan xalqaro infratuzilma va savdo loyihasi. Maqsad – qadimiy Ipak yo‘lini zamonaviy sharoitda qayta tiklab, Osiyo, Yevropa, Afrika va boshqa mintaqalarni transport va savdo aloqalar orqali bog‘lash. Xitoyning eksport yo‘llarini kengaytirish. Ayrim tahlilchilar Xitoy davlat banki asosiy moliyaviy ta’minotchisi bo‘lgan bu loyihani «qarz tuzog‘i» ham deb atagan.
Ichida sichqon va pashshalar bo‘lgan sun’iy yo‘ldosh uchirildi
Qozog‘istonning Boyqo‘ng‘ir kosmodromidan uchirilgan "Soyuz-2.1b" raketasi 75 ta sichqon va 1,5 mingta chivinlar joylashtirilgan «Bion-M»2 sun’iy yo‘ldoshini orbitaga chiqarib qo‘ydi.
RIA Novostining yozishicha, raketa chorshanba kuni Moskva vaqti bilan soat 20:13 da start oldi. Sun’iy yo‘ldoshni orbitaga chiqarish jarayoni 9 daqiqa 23 soniya davom etdi.
«Kosmik kemaning uchinchi bosqich dvigateli o‘chirildi. Kosmik apparatdan ajralish amalga oshdi. 'Bion-Mʼ2 — Yerning sun’iy yo‘ldosh orbitasiga chiqarildi», – dedi kuzatuv punktidagi diktor.
Apparat keng qiyalikdagi, balandligi 370–380 kilometr bo‘lgan yuqori kenglikdagi orbitaga olib chiqildi. «Bion-M»2 bortida o‘tkaziladigan tajribalar davomida olimlar ushbu orbitaning biologik xavfsizligini tekshiradi. Chunki bu hududda kosmik radiatsiya ko‘proq va geomagnit muhit ham boshqacha. Parvoz 30 sutkaga mo‘ljallangan.
«Bion-M»2 germetik qaytish apparatidan iborat bo‘lib, uning ichida va tashqarisida ilmiy asbob-uskunalar joylashtirilgan. Shuningdek, u asboblar va agregatlar bo‘limlari, ajratish vositalari platformasi hamda quyosh batareyalariga ega. Sichqon va drozofila pashshalari bilan bir qatorda unda dorivor o‘simliklar, urug‘lar, suvo‘tlar, mikroorganizmlar, hayvon va odam ildiz hujayralari ham joylashtirilgan.
Mavzuga oid
15:07 / 06.12.2025
Makronning Xitoydan iltimosi, Putinning Modiga taklifi va Trampning shousiga aylangan FIFA tadbiri – kun dayjesti
16:20 / 05.12.2025
Hindistonga kelgan Putin, Trampning yana bir «g‘alabasi» va G‘azoda o‘ldirilgan «Isroilning odami» – kun dayjesti
15:03 / 04.12.2025
Rafah o‘tish punktini ochmoqchi bo‘lgan Isroil, Xitoyga kelgan Makron va yo‘qolgan samolyot qidiruvini boshlagan Malayziya – kun dayjesti
14:59 / 03.12.2025