Jahon | 11:57 / 21.08.2025
4963
3 daqiqa o‘qiladi

Kim Chen In Kursk viloyatini ozod qilishda ishtirok etgan harbiylarni taqdirladi

KXDR armiyasi «dunyodagi eng qudratli armiya obro‘sini mustahkamladi, bu haqda barchaga aniq tushuncha berdi», dedi Kim Chen In.

Foto: KCNA

KXDR yetakchisi Kim Chen In Rossiyaning Kursk viloyatini ozod qilish operatsiyasida ishtirok etgan zobitlarini qabul qildi, deb xabar berdi Koreya Markaziy axborot agentligi.

Kim Chen In Koreya xalq armiyasining xorijiy operativ bo‘limi qo‘mondonlarining ma’ruzasini tingladi va ularning Kursk viloyatidagi janglardagi ishtirokini yuqori baholadi. Harbiylar «xorijiy jangovar operatsiyalardagi o‘lmas jasoratlari uchun» davlat mukofotlarini topshirish marosimida ishtirok etdi.

«Bizning armiyamiz – qahramon. Chunki armiyamiz qahramon xalqimiz uchun jonini fido qiladigan, o‘zi tarbiyalab voyaga yetkazgan o‘g‘lonlardan iborat. Armiyamiz o‘zining noyob fazilatlarini to‘la namoyon etdi. Bu natija uning dunyodagi eng qudratli armiya unvoni va obro‘-e’tiborini mustahkamladi, bu haqda barchaga aniq tushuncha berdi. Bizning armiyamiz hozir qilishi kerak bo‘lgan ishlarni qilmoqda. Kelajakda ham shunday qiladi», dedi Shimoliy Koreya rahbari.

Rossiya prezidenti Vladimir Putin va Kim Chen In 2024 yil iyun oyida Keng qamrovli sheriklik to‘g‘risidagi shartnomani imzolagan edi. Kuzda tomonlar ushbu hujjatni ratifikatsiya qildi. Uning to‘rtinchi moddasida bir yoki bir necha davlatning qurolli hujumi tufayli tomonlardan biri urush holatiga tushib qolsa», barcha mavjud vositalar orqali zudlik bilan harbiy yordam ko‘rsatish nazarda tutilgan.

Keyinroq Kim Chen In Shimoliy Koreya harbiylarining Kursk viloyatidagi operatsiyadagi ishtirokini «Koreya va Rossiya o‘rtasidagi an’anaviy do‘stlik va birdamlikni mustahkamlash bo‘yicha muqaddas missiya» deb atadi. Pxenyanda ular sharafiga jangovar shon-sharaf yodgorligi paydo bo‘ladi.

Kim Chen In o‘tgan oyda Moskvaning Ukrainadagi mojarodagi harakatlarini «so‘zsiz» qo‘llab-quvvatlashini tasdiqladi va Putin boshchiligidagi Rossiya «albatta g‘alaba qozonishiga» ishonch bildirdi.

Сардор Юсупов
Tayyorlagan Сардор Юсупов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid