Jahon | 13:41 / 23.08.2025
9235
11 daqiqa o‘qiladi

Rossiyaga yana tahdid qilgan Tramp, G‘azoda boshlangan ocharchilik va Kiyev markaziga «Oreshnik» bilan zarba berishga rozi bo‘lmagan Putin – kun dayjesti

O‘tgan kun davomida jahonda ro‘y bergan eng asosiy voqea va yangiliklar sharhi bilan kundalik xabarnomada tanishtiramiz.

Video thumbnail
{Yii::t(}
O'tkazib yuborish 6s

G‘azo shahrida rasman ocharchilik boshlandi

G‘azo shahri va uning atrofidagi hududlarda rasmiy ravishda ocharchilik boshlangani aniqlandi va bu holat kengayib borishi kutilmoqda. Bu xulosani 22 avgust kuni BMT qo‘llovidagi IPC kuzatuv tashkiloti e’lon qildi. Mazkur baho sektorga ko‘proq yordam kirishiga ruxsat berish uchun Isroilga bosimini kuchaytirishi kutilmoqda.

IPC ma’lumotiga ko‘ra 514 ming kishi, ya’ni G‘azodagi falastinliklarning chorak qismi ocharchilikdan aziyat chekmoqda. Bu ko‘rsatkich sentabr oxiriga borib 641 ming nafarga yetishi kutilmoqda. Ularning 280 ming nafari G‘azo shahri hududini qamrab oluvchi shimoliy qismda joylashgan. Reuters nashrining yozishicha, bu IPC tomonidan Afrikadan tashqarida ilk bor ocharchilik qayd etilishi bo‘ldi.

Isroil bu hisobotni tarafkash deb rad etdi. Isroil Tashqi ishlar vazirligi IPC tadqiqoti asosan Hamas taqdim etgan qisman ma’lumotlarga asoslanganini, yaqin orada kiritilgan oziq-ovqat yuklari hisobga olinmaganini aytmoqda.

Hudud ocharchilik sifatida tasniflanishi uchun — aholining kamida 20 foizi o‘ta keskin oziq-ovqat tanqisligidan aziyat chekishi, har uch bola ichidan biri og‘ir darajada to‘yib ovqatlanmasligi va har kuni har 10 ming kishidan kamida ikki nafari ochlik yoki ovqatlanish yetishmovchiligi hamda kasalliklardan vafot etishi kerak.

BMT bosh kotibi Antoniu Guterrish G‘azodagi ocharchilikni «inson qo‘li bilan yaratilgan falokat, axloqiy ayblov va insoniyatning o‘z vazifasini bajarmagani» deb atadi. BMTning inson huquqlari bo‘yicha oliy komissari Volker Turk esa G‘azodagi ocharchilik Isroil hukumati harakatlari natijasi ekanini ta’kidladi va ochlikdan o‘lim urush jinoyatiga tenglashishini aytdi.

Isroil ayni vaqtda barcha G‘azoga kirish nuqtalarini nazorat qiladi. BMT esa uzoq vaqtdan beri yordam G‘azoga kirishi va urush hududi bo‘ylab tarqatilishida to‘siqlar mavjudligidan shikoyat qilib keladi.

Xalqaro bosimlarga qaramay Isroil G‘azo shahrida yangi urush boshlagan. Al-Jazeera nashrining tibbiy manbalarga tayanib ma’lum qilishicha, kecha kun davomida Isroilning G‘azoga uyushtirgan hujumlari oqibatida kamida 65 nafar falastinlik halok bo‘lgan. Ulardan 37 nafari G‘azo shahrida o‘ldirilgan, bu yerda Isroil kengroq rejalashtirilgan hujum oldidan zarbalarni kuchaytirmoqda.

Isroilning havo hujumi G‘azo shahridagi Shayx Radvan mahallasidagi bir maktabni nishonga olgan. Bu hududda o‘nlab falastinliklar maktab hovlisida qurilgan vaqtinchalik chodirlarda boshpana izlayotgan edi. Falastin sog‘liqni saqlash vazirligining juma kuni ma’lum qilishicha, hujum oqibatida kamida 12 nafar tinch fuqaro halok bo‘lgan.

Tramp yana Rossiyaga sanksiyalar bilan tahdid qildi

AQSh prezidenti Donald Tramp 22 avgust kuni yana Rossiyaga qarshi sanksiyalar qo‘llash bilan tahdidni yangiladi. Uning aytishicha, agar ikki hafta ichida Ukrainada tinchlik yo‘lidagi kelishuv bo‘yicha hech qanday siljish bo‘lmasa, yangi choralar ko‘riladi.

«Men qaror qabul qilaman va bu juda muhim qaror bo‘ladi. Bu – yoki ulkan sanksiyalar, yoki ulkan tariflar, yoki ikkalasi birgalikda bo‘ladi. Yoki biz umuman hech narsa qilmaymiz va 'bu sizning janjalingizʼ deymiz», – dedi Tramp.

Tramp shu hafta Ukrainadagi Amerika zavodiga Rossiya uyushtirgan hujumidan norozi ekanini bildirdi. Hujum natijasida yong‘in chiqib, zavod ishchilaridan ayrimlari jarohatlangan. «Men bundan xursand emasman va umuman bu urushga aloqador hech narsadan xursand emasman», – dedi Tramp Oq uyda jurnalistlarga.

Zelenskiy bir necha bor Putin bilan yuzma-yuz uchrashuv bo‘lishini talab qilib kelmoqda, chunki uning so‘zlariga ko‘ra, urushni tugatish bo‘yicha muzokara qilishning yagona yo‘li shudir. Zelenskiyga ko‘ra, bunday uchrashuvga Rossiya tomoni to‘sqinlik qilmoqda. Rossiya bosh diplomati Sergey Lavrov esa bunday uchrashuv uchun kun tartibi tayyor emasligini bildirdi.

Lavrovning fikrlariga javoban va keyingi qadamlar haqida so‘ralganda Tramp jurnalistlarga juma kuni shunday dedi: «Xo‘sh, ko‘ramiz. Putin va Zelenskiy birga ishlashadimi-yo‘qmi, buni ko‘ramiz. Bu biroz moy va sirka aralashgandek holat».

Rossiya 2022 yilda Ukrainaga qarshi boshlagan keng ko‘lamli bosqini oqibatida minglab ukrainalik tinch aholi halok bo‘ldi. Tahlilchilarning hisob-kitoblariga ko‘ra, ikki tomonning umumiy yo‘qotishlari bir milliondan oshgan, bu o‘ldirilgan yoki yaralangan askarlar. Hozir ham janglar to‘xtamayapti, har ikki tomon energetika inshootlariga ham hujum qilmoqda.

Qiyinlashayotgan AQSh vizasi

AQSh Davlat departamenti 21 avgust kuni amaldagi Amerika vizasiga ega bo‘lgan 55 milliondan ortiq xorijlikning migratsiya qonunchiligini buzish ehtimoli bo‘yicha tekshirayotganini ma’lum qildi.

APning yozishicha, davlat departamenti AQSh vizalari egalarining qoidalarga muvofiqligini «doimiy ravishda» tekshirib turadi. Xususan, idora viza muddati o‘tgan-o‘tmaganini, shaxsning jinoyatchilik yoki terrorizmga aloqadorligini o‘rganadi. Agar chet ellik bu talablarni buzgan bo‘lsa, uning vizasi bekor qilinadi. Agar u AQSh hududida bo‘lsa, mamlakatdan chiqarib yuboriladi.

Donald Trampning 2025 yil yanvaridagi inauguratsiyasidan beri idora o‘tgan yilning shu davriga nisbatan ikki baravar ko‘p vizani bekor qilgan. Shu bilan birga, bekor qilingan talaba vizasi soni to‘rt baravar oshgan.

Bundan tashqari, davlat kotibi Marko Rubio AQSh — xorijlik yuk mashinalari haydovchilariga ishchi viza berishni zudlik bilan to‘xtatishini ma’lum qildi.

«AQSh yo‘llarida tirkamali ulkan yuk mashinalarini boshqaruvchi xorijlik haydovchilar sonining ko‘payib borayotgani amerikaliklar hayotini xavf ostiga qo‘ymoqda va amerikalik haydovchilarning daromadlariga putur yetkazmoqda», - deb yozdi Rubio.

Ma’lumotlarga ko‘ra, ayrim xorijliklarga AQShga kirish uchun viza olishda qo‘shimcha 15 ming dollargacha garov puli kerak bo‘ladi. Garov puli xorij fuqarosi AQShdan o‘z vaqtida chiqib ketayotganida qaytarib beriladi.

Lukashenko: Putin «Oreshnik» bilan Ukraina prezidenti ofisiga zarba berishga rozi bo‘lmagan

Belarus prezidenti Aleksandr Lukashenko 22 avgust kuni AQSh prezidenti Donald Tramp bilan telefon orqali suhbatida muhokama qilingan tinchlik rejasini bayon qildi. Belarus rahbarining aytishicha, avvalo «havo sulhi» o‘rnatish va to‘qnashuv chizig‘ida o‘t ochishni to‘xtatish haqida bo‘lishi mumkin.

«Ya’ni raketalar, dronlar bir tomonga ham, boshqa tomonga ham uchmaydi. Bu juda muhim. Rossiya uchun ham muhim. O‘zingiz ko‘ryapsiz, aerodromlarga zarba berilsa, Rossiya ichidagi neft bazalari portlatilsa, turar joylarga, zavodlarga zarba berilsa – bundan Rossiya uchun hech qanday foyda yo‘q. Putin buni mendan kam tushunmaydi. Demak, Rossiyaga bunday urush kerak emas. Ukrainaga ham shunday. Ular Oreshnik bilan yirik zavodga, yer ostida 8–10 qavatli obektga zarba bergach, ukrainlar tushundi: bu jiddiy. Axir ular Kiyevdagi ma’muriy binolar joylashgan Bankovaya ko‘chasiga ham zarba berishlari mumkin edi», – dedi Belarus yetakchisi.

Uning qayd etishicha, Rossiya tomonida mojaroni keskin kuchaytirish imkoniyati bo‘lgan, chunki ular yangi qurol – «Oreshnik» majmuasini Kiyev rejimi uchun sezilarli obektlarga ishlatishi mumkin edi. Ammo bu amalga oshirilmagan.

«Insayder ma’lumot sizlarga: Rossiyada bunday rejalari bo‘lgan odamlar bor edi (kimligini aytmayman). Putin esa: 'Hech qachon!ʼ dedi. Ular 'Oreshnikʼ bilan qaror qabul qilish markazlariga zarba berishga tayyor edi. Agar urishganda, u yerda hech narsa qolmas edi», – dedi Lukashenko.

Uning ta’kidlashicha, tinchlikka erishish uchun bir necha bosqichdan o‘tish lozim. Eng asosiysi esa – janglarni to‘xtatish va odamlar o‘limiga chek qo‘yishdir.

Niderlandiya tashqi ishlar vaziri Isroil tufayli iste’foga chiqdi

Niderlandiya tashqi ishlar vaziri Kaspar Veldkamp Isroilga qarshi qo‘shimcha choralar haqidagi takliflari koalitsiya hamkorlari tomonidan rad etilgach, iste’foga chiqdi.

Mahalliy xabarlarga ko‘ra, Veldkamp hukumat allaqachon muhim qadamlar qo‘yganini aytgan, biroq u G‘azo shahri va G‘arbiy Sohildagi vaziyat yuzasidan yanada keskinroq choralar ko‘rishga majbur bo‘lganini his qilgan. Uning aytishicha, koalitsiyadagi ikki partiya yangi choralarni qo‘llashga qarshi chiqqani bois o‘z rejalari amalga oshishiga ishonchi qolmagan va iste’fo berishga qaror qilgan.

Veldkampning iste’fosi, u parlamentga Isroilga qarshi «zarur» deb atagan choralarni kiritishga va’da berganidan keyin yuz berdi.

Veldkampning iste’fosidan so‘ng, Niderlandiya siyosiy partiyasi NSC o‘zining barcha vazir va davlat kotiblarini vaqtinchalik hukumatdan chiqardi. NSC yetakchisi va bosh vazir o‘rinbosari Eddi van Xyum shunday dedi: «Isroil hukumati harakatlari xalqaro shartnomalarni buzmoqda. Endi chiziq tortilishi kerak. Hukumatda qolishimiz ishonchli bo‘lmay qoldi».

Bu iste’folar ichki ishlar, ta’lim va sog‘liqni saqlash kabi muhim vazirliklarni rahbarsiz qoldirdi va bosh vazir Dik Sxoofning allaqachon zaif vaqtinchalik hukumatida noaniqlikni yanada kuchaytirdi.

O‘tgan yilning noyabrida Xalqaro jinoiy sud (ICC) Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyahu va sobiq mudofaa vaziri Yoav Gallantga G‘azodagi urush bilan bog‘liq urush jinoyatlari va insoniyatga qarshi jinoyatlar uchun hibsga olish orderini chiqargan edi. Isroil, shuningdek, anklavdagi urushi uchun Xalqaro sud palatasida genotsid ishida javobgar sifatida ham ko‘rilmoqda. 

Mavzuga oid