Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Qirg‘izistondagi cho‘qqida qolib ketgan rossiyalik alpinistni evakuatsiya qilish bo‘yicha uchinchi urinish ham to‘xtatildi
Yetti ming metr balandlikda - kuchli shamol va tunda harorat –30 darajagacha pasaygan. Oyog‘ini sindirib olgan Natalya Nagovitsina o‘tgan 11 kun ichida tirik qolganiga umid yo‘q.
«Xon-Tangri bilan qolish» filmidan skrinshot
Qirg‘izistonda rossiyalik Natalya Nagovitsinaning G‘alaba cho‘qqisidan evakuatsiya qilish operatsiyasi yakunlandi, dedi 23 avgust kuni «Izvestiya» gazetasiga bergan izohida «Yujniy Inilchek» alpinistlar lageri boshlig‘i Dmitriy Grekov. Uning so‘zlariga ko‘ra, Nagovitsina qolib ketgan balandlikdan 1955 yildan beri hech kimni qutqarishning iloji bo‘lmagan.
22 avgust kuni ham Qirg‘iziston FVV matbuot xizmati qutqaruvchilar Nagovitsinaga yetib borishi mumkinligini istisno qilmagandi. Ammo ular bilan aloqa uzilgan, keyinroq boshqarma ob-havo sharoiti tufayli operatsiya majburiy ravishda to‘xtatilganini ma’lum qilgan. Alpinist Ilim Karipbekov TASS agentligiga bergan izohida ta’kidlashicha, qutqaruv guruhi 6,1 ming metr balandlikda to‘xtagan, Nagovitsina esa 7,2 ming metr balandlikda qolmoqda.
TASS agentligining Qirg‘iziston FVVdagi manbasi aniqlik kiritishicha, hozirda cho‘qqida kuchli shamol va qor bo‘roni kuzatilmoqda, kechalari esa havo harorati Tselsiy bo‘yicha –30 darajagacha pasaymoqda.
Vazirlik matbuot xizmati rahbari Adil Charigov «Izvestiya» nashriga ma’lum qilishicha, jarohatlangan rossiyalik ayolning tirik qolish ehtimoli deyarli yo‘q: «Barcha ekspertlarimiz u halok bo‘lganini taxmin qilishmoqda». Ushbu rasmiy formulirovkada yanglishgan: Nagovitsinaning o‘limi to‘g‘risidagi uzil-kesil xulosani faqat qutqaruvchilar yetib borib, tomirini ushlab ko‘rganidan keyingina berish mumkin. Alpinistning o‘limi haqidagi ma’lumotlarning yana bir manbasi – «Vecherniy Bishkek» nashri. Ismi oshkor etilmagan «ekspeditsiya rasmiylari» jurnalistlarga Nagovitsina «sovuq va charchoqdan vafot etgani»ni aytgan.
Shu bilan birga, Rossiya alpinizm federatsiyasi vitse-prezidenti Aleksandr Pyatnitsin TASSga bergan izohida hozircha Nagovitsinaning o‘limi haqida tasdiqlangan ma’lumot yo‘qligini ta’kidlagan: «Hozirda ob-havo sharoiti tufayli qidiruv ishlari to‘xtatilgan. Bundan keyin nima bo‘lishi ob-havoga, sharoitga bog‘liq. U tirikmi yoki yo‘qmi, noma’lum – shifokor uning oldiga bormagan. Buni qancha kutish kerakligi noma’lum».
Eslatib o‘tamiz, 47 yoshli Nagovitsina 12 avgust kuni G‘alaba cho‘qqisidan tushayotganda oyog‘ini sindirib olgan va cho‘qqida oziq-ovqatsiz va deyarli suvsiz qolib ketgan. Sherigi Roman Mokrinskiy unga birinchi yordamni ko‘rsatgan va yordam kuchlari olib kelish uchun pastga tushgan. Keyingi kuni ikki xorijlik alpinist Nagovitsinani pastga tushirishga urinib ko‘rgan. Ular ayolning oldiga yetib borishga muvaffaq bo‘lishgan, uni uxlash xaltasiga o‘rashgan, ammo uni tepada qoldirishga majbur bo‘lishgan. Keyinchalik ushbu alpinistlardan biri, Italiya fuqarosi Luka Sinigalining ahvoli keskin yomonlashgan va u 15 avgust kuni vafot etgan.
Alpinistni evakuatsiya qilishga navbatdagi urinish 16-17 avgust kunlari amalga oshirildi, biroq qutqaruvchilar guruhi bo‘lgan vertolyot turbulent zonaga tushib, avariyaviy qo‘nishni amalga oshirdi. Natijada ekipaj va mutaxassislarni boshqa vertolyotda evakuatsiya qilishga to‘g‘ri keldi. Jabrlanganlar shifoxonaga yetkazilgan.
19 avgust kuni Nagovitsina yotgan joyga uchuvchisiz uchish apparati uchirildi. Drondan olingan kadrlarga ko‘ra, o‘sha paytda Natalya hali tirik edi va yirtilgan chodirda bo‘lgan. Keyingi qutqaruv operatsiyasi ob-havo sharoiti tufayli bir necha bor kechiktirildi va oxir-oqibat to‘xtatildi.
Nagovitsinaning turmush o‘rtog‘i Sergey 2021 yilda Qirg‘izistondagi Xon-Tangri cho‘qqisida vafot etgan. «112» telegram-kanali ma’lumotiga ko‘ra, 6900 metr balandlikda alpinist insultga uchragan. Turmush o‘rtog‘iga hamrohlik qilgan Nagovitsina qutqaruvchilarning qistoviga qaramay, erini tog‘da yolg‘iz qoldirib, pastga tushishdan bosh tortadi. Yakunda Sergey halok bo‘ladi, Natalyani esa qutqarib qolishadi. Bir yil o‘tgach, u yana cho‘qqiga chiqadi va turmush o‘rtog‘i xotirasi uchun lavha o‘rnatadi.
«Xon-Tangri bilan qolish» filmidan skrinshot
Rejissyor Dmitriy Sinitsin bu voqeaga bag‘ishlab «Xon-Tangri bilan qolish» hujjatli filmini ishlagan.
TASS agentligining Qirg‘iziston Favqulodda vaziyatlar vazirligidagi manbasiga ko‘ra, endi qutqaruvchilarda Nagovitsina joylashgan nuqtaga yetib borish imkoniyati faqat 2026 yilning yozida paydo bo‘lishi mumkin.
Wikimedia Commomns
Mavzuga oid
18:03 / 11.12.2025
Qirg‘iziston o‘lim jazosini qaytarmaydi – Konstitutsiyaviy sud buni taqiqladi
18:30 / 08.12.2025
O‘zbekiston Qirg‘izistonning «Qambar Ota-1» GES qurilishini moliyalashtiradi
09:20 / 05.12.2025
Chegaradan noqonuniy olib o‘tilgan 1,1 mlrd so‘mlik oltin qo‘lga olindi
10:00 / 01.12.2025