2025 yil yanvar-iyul oylarida O‘zbekistonning tashqi savdo aylanmasi 44,4 mlrd dollarni tashkil etdi. Bu 2024 yilning mos davriga nisbatan 7,37 mlrd dollarga yoki 19,9 foizga ko‘p.

Bunda eksport hajmi 20,1 mlrd dollar (+34,8 foiz), import hajmi esa 24,3 mlrd dollar (+9,9 foiz) bo‘lgan. Tashqi savdo salbiy saldosi esa 4,2 mlrd dollargacha qisqargan.

Hisobot davrida tashqi savdo aylanmasining salmoqli qismi Xitoy (18,2 foiz), Rossiya (16,1) Qozog‘iston (5,9 foiz), Turkiya (3,6 foiz) va Janubiy Koreya (2,2 foiz) bilan qayd etilgan.
Dastlabki 7 oylikda yirik hamkor davlatlardan Litva (-46,9 foiz), Turkmaniston (-22,5 foiz), Janubiy Koreya (-17,7 foiz), AQSh (-8,7 foiz) va Turkiya (-6,5 foiz) bilan savdo aylanmasi miqdori qisqargan. BAA (+71,4 foiz), Hindiston (+57,1 foiz), Afg‘oniston (+50,9 foiz), Niderlandiya (+45,8 foiz), Belarus (+28,4 foiz), Pokiston (+25,9 foiz), Germaniya (+24,5 foiz), Xitoy (+17,9 foiz), Qozog‘iston (+15,9 foiz) va Fransiya (+15 foiz) kabi davlatlar bilan esa umumiy savdo hajmi sezilarli miqdorda oshgan.
Eksport
Hisobot davrida 7,6 mlrd dollarlik (+80,9 foiz) oltin sotilgan. Bu umumiy eksportning 37,7 foizini tashkil etadi. Shuningdek, eksport tarkibida sanoat tovarlari (11,1 foiz), oziq-ovqat mahsulotlari va tirik hayvonlar (7,5 foiz), kimyoviy vositalar (5,8 foiz), mineral yoqilg‘ilar (4,4 foiz) va turli xil tayyor buyumlar (4,3 foiz) ham sezilarli ulushga ega bo‘lgan.

Tashqi savdo aylanmasida tovarlar va xizmatlar eksporti bo‘yicha asosiy hamkorlar Rossiya (12,3 foiz), XXR (5,5 foiz), Qozog‘iston (4 foiz), Afg‘oniston (3,7 foiz), Turkiya (3 foiz), Fransiya (2,6 foiz), BAA (1,8 foiz), Qirg‘iz Respublikasi (1,6 foiz) Tojikiston (1,4 foiz) va Pokiston (1,2 foiz) kabi davlatlar bo‘lgan. Ularning umumiy eksportdagi ulushi 37 foizni tashkil etadi.















