Jahon | 14:57 / 25.08.2025
8165
10 daqiqa o‘qiladi

Yamanga zarba bergan Isroil, halokatli to‘fonni «kutayotgan» Vetnam va Kursk AESiga urilgan ukrain dronlari – kun dayjesti

O‘tgan kun davomida jahonda ro‘y bergan eng asosiy voqea va yangiliklar sharhi bilan kundalik xabarnomada tanishtiramiz.

Video thumbnail
{Yii::t(}
O'tkazib yuborish 6s

Isroil G‘azo shahrida mingdan ortiq binoni vayron qildi

Isroil avgust oyining boshida G‘azo shahriga kirishni boshlaganidan buyon shaharning Zaytun va Sabra mahallalarida 1 mingdan ortiq binoni butunlay vayron qildi, natijada yuzlab odamlar vayrona ostida qolib ketdi, Bu haqda Falastin Fuqaro mudofaasiga tayanib, Al-Jazeera nashri xabar bermoqda.

Idora bayonotida aytilishicha, davom etayotgan o‘q uzishlar va yo‘llarning to‘silib qolishi ko‘plab qutqaruv va yordam operatsiyalarini amalga oshirishga xalaqit bermoqda. Favqulodda xizmat xodimlari hanuz yo‘qolganlar haqida ko‘plab xabarlarni olmoqda, ammo javob bera olmayapti, shifoxonalar esa hujumlar oqibatida haddan tashqari to‘lib ketgan, deyiladi bayonotda.

«G‘azo sektorida hech qanday xavfsiz joy yo‘q — na shimolda, na janubda. O‘q uzishlar odamlarning uylarini, boshpanalarini, hatto ular ko‘chirilgan lagerlarni ham nishonga olmoqda».

Ayni kunlarda Isroil tanklari Sabra mahallasiga kirib kelishda davom etmoqda, Isroil G‘azo shahrini to‘liq egallash harakatini olib bormoqda va bu jarayon deyarli 1 million falastinlikni janubga majburan ko‘chirishga sabab bo‘lmoqda.

Fuqarolar Mudofaasi idorasining bayonoti huquq himoyachilari orasida avvaldan mavjud bo‘lgan xavotirlarni tasdiqlagan: Isroil G‘azo shahrini ham, Rafahdagi kabi, butunlay buzib tashlashni rejalashtirmoqda. Bu esa barcha falastinliklarni G‘azodan majburan chiqarib yuborishga qaratilgan kampaniya sifatida talqin qilinmoqda.

Yakshanba kuni Isroilning G‘azoga uyushtirgan hujumlari oqibatida kamida 51 kishi halok bo‘lgan. Ulardan 27 nafari G‘azo shahrida, yana 24 nafari esa yordam olishga uringanlar orasida bo‘lgan. Ochlik oqibatida yana 8 kishi vafot etgan. 2023 yil oktabr oyidan buyon G‘azoda halok bo‘lganlar soni 62 ming kishidan ortib ketdi.

BMT va hukumatlarning Isroil oldida ojizligi dunyoning ko‘plab davlatida Isroilga qarshi namoyishlarga olib kelmoqda. Xususan, yakshanba kuni Avstraliya, Buyuk Britaniya, Malayziya, Keniya, Belgiya, Senegal va Shvetsiyada o‘n minglab namoyishchilar ochlik va o‘lim yoqasida qolgan falastinliklarni qutqarish choralarini talab qilib namoyish o‘tkazishdi.

Avstraliyaning o‘zida 40 dan ortiq norozilik namoyishlari bo‘lib o‘tgan. Malayziya poytaxti Kuala-Lumpurda o‘tkazilgan miting esa G‘azoga humanitar yordam olib boradigan faollar guruhini shakllantirish uchun boshlang‘ich nuqta bo‘lib xizmat qilishi aytilmoqda.

NATO Ukrainaga harbiy kontingent jo‘natmasligi ma’lum qilindi

NATO doirasida Ukrainaga harbiy kontingent jo‘natish masalasi muhokama qilinmayapti, deb ma’lum qildi alyans harbiy qo‘mitasi raisi Juzeppe Kavo Dragone.

«Bunday masalalar xalqaro siyosat va Moskva bilan muzokaralarning bir qismi hisoblanadi. Biz bularni NATOda umuman muhokama qilmadik, hattoki bu masalalarga shama ham qilinmadi», — dedi Dragone Italiya nashriga bergan intervyusida. Uning qayd etishicha, «harbiy kontingent masalasi alohida mamlakatlar tomonidan ikki tomonlama asosda ko‘tarilgan bo‘lishi mumkin».

Avvalroq Bloomberg nashri Buyuk Britaniya va Fransiya boshchiligidagi o‘nlab Yevropa davlatlari Ukrainaga o‘z askarlarini yuborishni muhokama qilayotganini xabar bergandi.

NATO bosh kotibi Mark Ryutte esa Kiyevdagi Zelenskiy bilan qo‘shma matbuot anjumanida «Putin bilan ehtimoliy uchrashuv bo‘lgunga qadar Ukraina «aniq do‘stlar kuchiga» ega bo‘lishi kerak»ligini aytdi. «Va biz hozir aynan shu narsa ustida ishlayapmiz», deb qo‘shimcha qildi alyans bosh kotibi.

Ryuttening so‘zlariga ko‘ra, NATO va Qo‘shma Shtatlar bunday kafolatlarni taqdim etishda ishtirok etadi. Lekin asosiy planda Ukraina armiyasining o‘zi kuchaytiriladi.

18 avgust kuni Tramp AQSh qo‘shinlarini Ukrainaga yuborishga tayyorligini ma’lum qildi. Ammo bir kun o‘tgach, bu niyatidan voz kechib, buning o‘rniga Yevropa qo‘shinlariga havodan yordam berishga tayyorligini aytdi.

Isroil Yamanga zarbalar berdi

24 avgust kuni Isroil zarbalari Yaman poytaxti Sanoga zarbalar berdi. Isroil armiyasi ushbu hujum Xusiylar tomonidan otilgan raketalarga javob tarzida amalga oshirilgani ma’lum qildi.

IDF ma’lumotiga ko‘ra, hujum qilingan nishonlar orasida prezident saroyi joylashgan harbiy majmua, ikki elektr stansiyasi va yonilg‘i saqlash ombori bo‘lgan. Xusiylar sog‘liqni saqlash vazirligi vakili ma’lum qilishicha, yakuniy hisobda 6 kishi o‘lgan va 86 kishi yaralangan.

Juma kuni Xusiylar o‘zlarining so‘nggi hujumida Isroilga qarata ballistik raketa uchirilganini aytib, buni G‘azodagi falastinliklarga qo‘llab-quvvatlov sifatida izohlagan. Yakshanba kuni Isroil Harbiy-havo kuchlari rasmiysi raketa ehtimoliy ravishda «ta’sir paytida portlashi uchun mo‘ljallangan bir necha kichik jangovar qismlar»ni olib kelganini ma’lum qildi. Uning so‘zlariga ko‘ra, bu Yaman hududidan ilk bor bunday turdagi raketa uchirilishi bo‘ldi.

Isroilning 2023 yil oktyabrida Hamasga qarshi urush boshlaganidan beri, Eron bilan ittifoqdagi husiylar Qizil dengizdagi kemalarga hujum qilib kelmoqda. Ular buni falastinliklarga birdamlik sifatida ta’riflashadi. Shuningdek, ular tez-tez Isroilga qarata raketa otadi, biroq ko‘pchiligi urib tushirilgan. Isroil bunga javoban Yaman hududidagi xusiy nazorati ostidagi hududlarga, jumladan strategik ahamiyatga ega Hudayda portiga zarbalar yo‘llab kelmoqda.

Yakshanba kuni husiylarning yuqori martabali rasmiysi Abdul Qodir al-Murtado bayonot berib, G‘azo bilan birdamlikda harakat qilishni davom ettirishini aytdi. Keyinroq OAVlarda husiy qurolli kuchlari Sano shahriga hujumga javoban Isroildagi nishonlarga zarba berishga tayyorligi haqida xabarlar tarqaldi.

Xitoy va Vetnamda kuchli to‘fon xavfi

24 avgust kuni Vetnam to‘fon xavfi tufayli yarim milliondan ortiq odamni evakuatsiya qilish rejalarini e’lon qildi. Xitoyning janubidagi Sanya shahri esa kuchayib kelayotgan Kajiki to‘foni oldidan savdo maskanlari va jamoat transportini to‘xtatdi.

CNN nashrining yozishicha, Xitoy Milliy Meteorologiya markazi bo‘ron yakshanba oqshomidan boshlab Xaynan orolining janubiy qirg‘oqlaridan o‘tib, Vetnamga yo‘nalishini bildirgan.

Vetnam milliy ob-havo xizmati ma’lum qilishicha, bugun shamol tezligi 166 km/soatga yetib, kuchaygan. Xitoy ob-havo xizmati esa tezlik 180 km/soatgacha ko‘tarilishi mumkinligini bildirgan.

Vetnamning yetti qirg‘oqbo‘yi viloyatida yakshanba kuni ertalabdan boshlab kemalarning dengizga chiqishi taqiqlangan. Hukumat aholini tashqariga chiqmaslikka chaqirdi. Harbiylar ham yordamga tayyor turibdi.

Xitoy esa mashhur sayyohlik shahri Sanyada yakshanba kuni barcha turistik maskanlarni, do‘konlarni va restoranlarni yopdi, jamoat transportini to‘xtatdi. Mahalliy hokimlik eng yuqori darajadagi «qizil to‘fon ogohlantirishi»ni e’lon qildi va favqulodda choralarni maksimal darajaga ko‘tardi. Shahar hokimiyati «eng yomon ssenariyga tayyorgarlik ko‘rish» zarurligini aytdi.

Meteorologlar bunday halokatli to‘fonlarni iqlim o‘zgarishi bilan bog‘liq ekstremal ob-havo deb izohlashmoqda.

Ukraina dronlari Kurskdagi AESga hujum qildi

Rossiya yakshanba kuni Ukrainaning hujumchi dronlari g‘arbiy Kursk viloyatidagi atom elektr stansiyasida yong‘in chiqarganini da’vo qildi. Rossiya rasmiylariga ko‘ra, tungi zarbalar natijasida bir nechta elektr va energetika obektlari nishonga olingan. Atom stansiyasidagi yong‘in tezda o‘chirilgan va jarohat olganlar bo‘lmagan. Hujum transformatorni shikastlagan, biroq radiatsiya darajasi normal holatda qolgan.

BMT Atom energiyasi nazorati bo‘yicha idorasi hodisadan xabardor ekanini bildirdi. Unga ko‘ra, transformator «harbiy harakatlar tufayli» yonib ketgani haqida OAV xabar bergan, biroq mustaqil tasdiq olinmagan. Ukraina voqea yuzasidan darhol izoh bermadi.

Shuningdek, Rossiyaning Leningrad viloyatidagi yoqilg‘i eksport terminali joylashgan Ust-Luga portida ham yong‘in yuz berdi. Mintaqa gubernatori taxminan 10 ta ukrain droni urib tushirilganini, ularning parchalari yong‘inga sabab bo‘lganini aytdi.

Rossiya Mudofaa vazirligi tungi hujum davomida o‘z hududi ustida jami 95 ta ukrain dronini havo mudofaasi vositalari bilan urib tushirilganini bildirdi. Ukraina harbiy-havo kuchlari esa o‘z navbatida Rossiya tungi hujumlarda 72 dona dron va chalg‘ituvchi nishonlar hamda bir qancha qanotli raketadan foydalanganini, ulardan 48 tasi urib tushirilgani yoki radioelektron kurash vositalari bilan ishdan chiqarilganini ma’lum qildi.

Ushbu hodisalar Ukraina 1991 yilda Sovet ittifoqidan ajralib chiqqanini eslatib, Mustaqillik kunini nishonlayotgan paytda yuz bermoqda.

Mavzuga oid