Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Jurnalistlarni o‘ldirgan Isroil, yangi raketalarini sinagan Kim va istalgan formatdagi uchrashuvga tayyor Ukraina – kun dayjesti
O‘tgan kun davomida jahonda ro‘y bergan eng asosiy voqea va yangiliklar sharhi bilan kundalik xabarnomada tanishtiramiz.
«Jonli efir»dagi genotsid
25 avgust kuni Isroilning G‘azodagi Nasser shifoxonasiga qilgan hujumi oqibatida kamida 19 kishi, jumladan, besh nafar jurnalist halok bo‘ldi. G‘azo hukumati Media idorasiga ko‘ra, Isroil hujumida halok bo‘lgan to‘rt nafar jurnalist Reuters axborot agentligi fotomuxbiri Hussam al-Masri, Al-Jazeera fotomuxbiri Muhammad Salama, bir nechta OAV, jumladan, Accosiated Press bilan ishlagan jurnalist Maryam Abu Daqqa hamda NBC telekanali jurnalisti Muaz Abu Toha bo‘lgan. Shuningdek beshinchi jurnalist Quds Network va Middle East Eye nashrida ishlagan Ahmed Abu Aziz ham olgan jarohatlari tufayli vafot etdi.
Xon Yunusda sodir bo‘lgan alohida voqeada esa falastinlik yana bir muxbir va akademik Hassan Douhanni ham o‘ldirildi.
Al Jazeera muxbiri Hind Hudariyning xabar berishicha, kechagi voqeada Isroil kuchlari uchirgan kamikadze dron Nasser shifoxonasi tomiga kelib tushgan va kamida bir jurnalist o‘ldirilgan.
«Shundan keyin fuqaro mudofaasi jamoalari yuqoriga chiqib, jasadni olib tushmoqchi va yaradorlarni qutqarishga urinayotgan edi. So‘ng jurnalistlar ham voqeani hujjatlashtirish uchun chiqqanida Isroil kuchlari yana o‘sha joyni nishonga oldi. Bu ikkinchi zarba xuddi o‘sha joyga qilindi va bu efirda hujjatlashtirildi», deydi u.
Isroil hukumati urush davomida xalqaro jurnalistlarning G‘azoga eskorsiz kirishiga ruxsat bermay kelmoqda. 10 avgust kuni esa Isroil armiyasi jurnalistlar yashayotgan chodirni «maqsadli» nishonga olgandi. O‘shanda Al Jazeera telekanali besh nafar xodimi halok bo‘lgan.
Isroil bosh vaziri Benyamin Netanyahu idorasi bu zarbani «fojiali xato» deb atadi va armiya uni tergov qilayotganini bildirdi. Isroil ilgari ham o‘zining urush jinoyatlaridan so‘ng shunga o‘xshash bayonotlar bergan, ammo amalda aybdorlarning javobgarlikka tortilgani deyarli kuzatilmagan.
AQSh prezidenti Donald Trampdan munosabat so‘raganlarida, u noroziligini bildirdi. «Qachon sodir bo‘ldi bu?» dedi u Oq uydagi jurnalistga. «Men buni bilmasdim. Ha, bu meni xursand qilmaydi. Bunday bo‘lishini istamayman. Shu bilan birga, bu butun dahshatli tushni tugatishimiz kerak», dedi Tramp.
BMT vakili Francheska Albaneze G‘azodagi bugungi hujumdan keyin Isroilga to‘liq sanksiyalar joriy etishga chaqirdi.
G‘azo Media idorasi ma’lumotlariga ko‘ra, 2023 yil oktyabrda urush boshlanganidan beri Isroil hujumlari oqibatida G‘azoda kamida 244 nafar jurnalist va OAV xodimlari halok bo‘lgan. Jami halok bo‘lganlar esa 62 ming kishidan oshib ketdi.
Eron: Rossiyaga ishonib bo‘lmaydi
Eronning siyosiy maqsadga muvofiqlikni aniqlash kengashi a’zosi Said Muhammad Sadrning aytishicha, iyun oyida Eron va Isroil o‘rtasidagi 12 kunlik mojaro paytida Rossiya Isroilga Eron havo hujumidan mudofaa tizimlarining joylashuvi haqidagi razvedka ma’lumotlarini bergan. Bu haqda u Cynergyr kanaliga bergan intervyusida ma’lum qildi.
Sadrning so‘zlariga ko‘ra, voqealar rivoji shuni ko‘rsatdiki, «Moskva bilan strategik ittifoq befoyda»: «Rossiya faqat Isroilning Eronga hujumini ma’qullamasligini aytdi, lekin amalda unga yordam berdi».
Sadr Moskvaning boshqa davlatlar bilan hamkorligiga ham misol keltirdi: «Masalan, Turkiya – NATO a’zosi. NATO qanday tashkilot? U Rossiyaga qarshi. Rossiya Turkiyaga S-400 tizimini sotishga rozi bo‘ldi. Bu biz uzoq vaqtdan beri muhokama qilib kelayotgan strategik hamkorlik haqida emas».
Shu bilan birga, u Moskva va Tehron o‘rtasidagi munosabatlar saqlanib qolishi kerakligini, biroq «Rossiyaga ishonib bo‘lmasligini» ta’kidladi.
Shimoliy Koreya yangi raketalarni sinovdan o‘tkazdi
Shimoliy Koreya rahbari Kim Chen In yangi havo hujumidan mudofaa raketalarining sinovdan o‘tkazilishini shaxsan o‘zi nazorat qildi. Koreya markaziy telegraf agentligining xabar berishicha, bir kun avval sinovlar — yangi havo hujumidan mudofaa tizimlarining jangovar xususiyatlarini baholagan bir qancha yuqori martabali harbiy amaldorlar ishtirokida o‘tkazilgan.
Pxenyan zenit raketalarining yangi sinovlari Shimoliy Koreyaning mudofaa qobiliyatini mustahkamlash istagini namoyish etish, shuningdek, AQSh va Janubiy Koreyaga havo hududini himoya qilishga tayyorligi haqida signal yuborish uchun mo‘ljallangan.
«Sinovlar davomida ikki turdagi snaryadlarning texnologik xarakteristikalari turli havo nishonlarini urish uchun juda mos ekani alohida qayd etildi», — deyiladi ma’lumotnomada. Davlat agentligi hisobotida raketalar turlari va sinovlar o‘tkazilgan joy haqida batafsil ma’lumot yo‘q.
AQSh va Janubiy Koreya o‘rtasida 18 avgustdan buyon o‘tkazib kelinayotgan yillik qo‘shma harbiy mashg‘ulotlar hamda ushbu davlatlar prezidentlarining bo‘lajak sammiti fonida so‘nggi kunlarda Koreya yarimorolida keskinlik kuchaygan.
Ukrainadagi urush
AQSh prezidenti Donald Tramp matbuot anjumanida Ukrainadagi urushni «katta shaxsiy mojaro» deb ta’rifladi. Birozdan so‘ng, jurnalistning «Nega Rossiya prezidenti Vladimir Putin Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy bilan uchrashishni xohlamaydi?» degan savoliga Tramp shunday javob berdi: «Chunki Zelenskiy unga — Putinga yoqmaydi».
Tramp, shuningdek, Ukrainaga beriladigan aniq xavfsizlik kafolatlari yuzasida hali muhokama o‘tkazmaganini, ammo AQSh Kiyevni qo‘llab-quvvatlashga tayyor ekanini aytdi.
Shuningdek, Ukraina tashqi ishlar vaziri Andrey Sibiga AQSh davlat kotibi Marko Rubio va Yevropa hamkasblari bilan telefon orqali suhbat chog‘ida Ukrainaga xavfsizlik kafolatlari hamda tinchlik sari keyingi qadamlar yuzasidan Kiyevning pozitsiyasini tushuntirdi.
Sibiganing so‘zlariga ko‘ra, Kiyev tinchlik yo‘lida quyidagi qadamlarni tashlashga tayyor:
«Biz liderlar darajasidagi uchrashuvlarga istalgan formatda va geografik hududlarda tayyormiz. Biz qotilliklarga barham berishga va diplomatiyaga imkon berishga tayyormiz. Moskva shuni bilishi kerakki, u cheksiz vaqt yutib o‘tirishi mumkin emas. Agar Rossiya tinchlik yo‘lida mazmunli, konstruktiv qadamlarni rad etishda davom etsa, oqibatlarga duch keladi: sanksiyalarning jiddiy kuchayishi va Ukraina salohiyatining mustahkamlanishi bilan yuzlashadi», — deb yozdi Ukraina tashqi ishlar vaziri.
Ukraina xavfsizlik kafolatlari yuzasidan Sibiga Kiyevning pozitsiyasini tasdiqladi: bunday kafolatlar aniq, huquqiy majburiy kuchga ega va samarali bo‘lishi kerak.
Muzokaralar bilan birga Ukrainada urush ham davom etmoqda. Tomonlar asosan dron va raketalar bilan bir-biriga hujum qilmoqda.
Starship prototipining 10-parvozi bekor qilindi
Amerikaning SpaceX kompaniyasi 24 avgust kuni Starship kosmik kemasi prototipi bilan raketa tashuvchining o‘ninchi parvozini bekor qildi. Bekor qilish sababi yerusti tizimlaridagi texnik nosozliklardir, deb xabar berdi kompaniya.
«Starship'ning bugungi o‘ninchi parvozi yerusti tizimlaridagi nosozliklarni bartaraf etish uchun vaqt ajratish maqsadida bekor qilindi», — deyiladi xabarda.
Starship'ning uchirilishi 24 avgust kuni Texasdagi kosmodromdan amalga oshirilishi kerak edi. Yangi parvoz sanasi hali e’lon qilinmagan.
Starship'ning balandligi 123 metr. Bu hozirda eng katta va eng kuchli kosmik raketa, deya qayd etadi AFP. SpaceX kompaniyasi Starship'ni qayta ishlatiladigan raketaga aylantirishni maqsad qilgan, bu esa kosmik parvozlar narxini sezilarli darajada kamaytiradi. SpaceX bosh direktori Ilon Mask Starship 2026 yilda Marsga safar qila olishini kutmoqda.
Avvalgi Starship sinov parvozlaridan to‘rttasi raketa portlashi bilan tugagan edi.
Mavzuga oid
15:07 / 06.12.2025
Makronning Xitoydan iltimosi, Putinning Modiga taklifi va Trampning shousiga aylangan FIFA tadbiri – kun dayjesti
16:20 / 05.12.2025
Hindistonga kelgan Putin, Trampning yana bir «g‘alabasi» va G‘azoda o‘ldirilgan «Isroilning odami» – kun dayjesti
15:03 / 04.12.2025
Rafah o‘tish punktini ochmoqchi bo‘lgan Isroil, Xitoyga kelgan Makron va yo‘qolgan samolyot qidiruvini boshlagan Malayziya – kun dayjesti
14:59 / 03.12.2025