Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Ichki sayohatlarga chegirmalar va avtomobil oldi-sotdisida Trade-up dasturi – mahalliy dayjest
Prezident mustaqillikning 34 yilligi munosabati bilan davlat mukofotlarini topshirdi. Bayram munosabati bilan ichki sayohatlarga chegirmalar e’lon qilindi. Avtomobil oldi-sotdisida Trade-up dasturi joriy etiladi. 2025 yil birinchi yarmida O‘zbekistonning 9 ta hududida birorta maktab qurib bitkazilmadi. Narxi arzonlagani aytilgan AI-92 benzini qimmatladi. Kun.uz yoritgan shu va boshqa muhim mahalliy yangiliklar bilan tanishtiramiz.
Shavkat Mirziyoyev mustaqillikning 34 yilligi munosabati bilan davlat mukofotlarini topshirdi
Toshkent shahrida 27 avgust kuni bo‘lib o‘tgan tantanali tadbirda davlat rahbari barchani Mustaqillik bayrami bilan tabrikladi. Mamlakatda erishilayotgan natijalarning asosi, sa’y-harakatlarning mohiyati haqida alohida to‘xtaldi.
– Yangi O‘zbekistonda ortga qaytmas tus olgan islohotlarimiz qanday ulkan natijalar berayotganini barchamiz ko‘rib turibmiz. O‘tgan sakkiz yilda yalpi ichki mahsulotimiz shiddat bilan o‘sib, 115 milliard dollarga yetdi. Bugun bitta raqamni birinchi marta aytmoqchiman: Xalqaro valuta jamg‘armasi prognoziga ko‘ra, bu yil iqtisodiyotimiz hajmi 130 milliard dollardan oshishi kutilmoqda. Ya’ni ilgari bunday o‘sish, bunday yuksak e’tirof hech qachon bo‘lmagan, dedi Shavkat Mirziyoyev.
Davlat rahbari mukofotlanganlarga faxriy unvon, orden va medallarni tantanali ravishda topshirdi.
Bayram munosabati bilan ichki sayohatlarga chegirmalar e’lon qilindi
Mustaqillikning 34 yilligi munosabati bilan mamlakatda ichki turizmni rivojlantirish, aholining turizm xizmatlaridan keng foydalanishini ta’minlash, shuningdek, yurtdoshlarga qo‘shimcha qulayliklar yaratish maqsadida bir qator imtiyozlar joriy etildi.
Jumladan, turizm sohasidagi tadbirkorlik sub’yektlari tomonidan respublika bo‘ylab faoliyat yuritayotgan joylashtirish vositalari (mehmonxonalar, mehmon uylari, xostellar) hamda «Vaqf» xayriya jamoat fondi va Madaniy meros agentligi tasarrufidagi madaniy meros obektlariga kirish chiptalariga 20 foizgacha chegirmalar tatbiq etildi.
Maktablarda har hafta dushanba kuni «Kelajak soati» darsi o‘tiladi
Maktabgacha va maktab ta’limi vazirining «Maktabgacha va umumiy o‘rta ta’lim tashkilotlarida ma’naviy-ma’rifiy ishlar samaradorligini oshirish to‘g‘risida»gi buyrug‘i qabul qilindi.
Ushbu buyruq bilan maktablarda har juma kuni o‘tkazilgan «Sinf soati» o‘rniga, dushanba kunlari birinchi soatda «Kelajak soati» darsi o‘tiladigan bo‘ldi. Shuningdek, maktablar uchun «Kelajak soati» darslarining namunaviy mavzular ro‘yxati ham tasdiqlandi.
Avtomobil oldi-sotdisida Trade-up dasturi joriy etiladi
O‘zbekistonda minilgan mashinani distribyutor yoki dilerga topshirib, narxidagi farqni qoplagan holda o‘rniga boshqa bir minilgan mashinani xarid qilish (Trade-up) dasturi joriy etiladi. Bu – bir necha yil oldin yo‘lga qo‘yilgan, minilgan mashinani yangi mashinaga almashtirish (Trade-in) dasturiga muqobil variant bo‘ladi.
Har ikki holatda ham jismoniy yoki yuridik shaxs distribyutor yoki diler tashkilotiga minilgan avtomobilni sotayotganda, oldi-sotdi bitimini notarial rasmiylashtirish talab etilmaydi. Shu bilan birga, er yoki xotinning notarial tartibda tasdiqlangan rozilik xati kerak bo‘ladi.
2025 yil birinchi yarmida O‘zbekistonning 9 ta hududida birorta maktab qurib bitkazilmadi
Yangi o‘quv yilida O‘zbekistondagi maktablarda qariyb 2 mln nafar o‘quvchi o‘rni yetishmovchiligi yuzaga kelishi mumkin. Joriy yilning birinchi yarmida 9 ta hududda, xususan, Toshkent shahrida birorta yangi maktab ishga tushmagani ma’lum bo‘ldi.
Milliy statistika qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, yangi maktablar 5 ta hududda qurilgan: Andijon viloyati (35 ta), Buxoro viloyati (19 ta), Xorazm viloyati (7 ta), Namangan viloyati (6 ta), Qoraqalpog‘iston (1 ta).
Narxi arzonlagani aytilgan AI-92 benzini qimmatladi
Oxirgi haftalarda AYoQShlarda AI-92 benzini narxi sezilarli qimmatladi. Narxlar iyul oyining o‘rtalaridan keyin 7,6 foizgacha oshgan. Shu bilan birga AI-80 benzini narxi ham ko‘tarilgan.
11 avgust kuni «O‘zbekneftgaz» kompaniyasi AI-92 benzini narxi arzonlagani haqida xabar bergan edi. Shoxobchalarda esa aksincha, narxlar oshgani ma’lum bo‘ldi.
Mavzuga oid
22:53 / 10.02.2026
Olmaliqdagi maktabda baxtsiz hodisa va tadbirkorga norasmiy bandlikni bartaraf etish muhlati – mahalliy dayjest
21:45 / 06.02.2026
«Amir Temur oyligi» va senatorning imperiyaparast chiqishlarga munosabati – mahalliy dayjest
21:56 / 05.02.2026
Xususiy bog‘chalarga imtiyozlar, jarima o‘rniga ogohlantirish va islomiy bank qonuni - mahalliy dayjest
21:48 / 04.02.2026