Jahon | 21:07 / 27.08.2025
17009
2 daqiqa o‘qiladi

Isroil bosh vaziri birinchi marta Usmoniy imperiyasida arman genotsidi bo‘lganini tan oldi

Uzoq vaqt davomida Turkiyani asosiy savdo sherigi sifatida ko‘rgan Isroil shu paytgacha genotsidni tan olishdan tiyilgan edi.

Foto: AFP

Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyahu ilk marta Birinchi jahon urushi yillarida turklar tomonidan armanlar, ossuriyaliklar va yunonlarga nisbatan sodir etilgan genotsidni tan olganini ochiq e’lon qildi. The Times of Israel nashrining yozishicha, siyosatchi bu haqda amerikalik podkaster Patrik Bet-David savoliga javob tariqasida aytgan.

Boshlovchi Netanyahudan nega Isroil haligacha arman genotsidini tan olmaganini so‘radi. «Tan oldim, deb o‘ylayman. Knesset bu borada rezolyutsiya qabul qilgan ko‘rinadi», deb javob berdi bosh vazir.

Aslida, The Times of Israel ta’kidlaganidek, Isroil parlamenti bu borada hech qanday hujjat qabul qilmagan. Bet-David nima uchun Isroilning hech bir bosh vaziri genotsidni tan olmaganini so‘raganida, Netanyahu: «Men buni hozirgina qildim», deb javob berdi.

Bugungi kunda arman genotsidini davlat darajasida 34 ta mamlakat tan oladi - asosan G‘arb va nasroniylar. Usmoniy imperiyasining huquqiy vorisi bo‘lgan Turkiya 1,5 milliongacha odamning o‘limiga sabab bo‘lgani aytilayotgan ommaviy qirg‘inlar va deportatsiyalarni genotsid deb tan olishdan bosh tortmoqda va qurbonlar soni kamligini ta’kidlab kelmoqda.

Uzoq vaqt davomida Turkiyani asosiy savdo sherigi sifatida ko‘rgan Isroil ham genotsidni tan olishdan tiyilgan. 2023 yil oktabr oyidan beri davom etayotgan G‘azo sektoridagi urush fonida Anqara va Tel-Aviv o‘rtasidagi siyosiy munosabatlar yomonlashdi, chunki Turkiya yetakchisi Rajab Toyyib Erdo‘g‘an Isroilni falastinliklarga qarshi genotsid uyushtirganlikda ochiqchasiga aybladi.

Mavzuga oid