Jahon | 19:24 / 27.08.2025
5587
4 daqiqa o‘qiladi

Ozarboyjon Rossiya bilan munosabatlarning yomonlashgani uchun javobgar emas – Aliyev

Munosabatlarning yomonlashishi uchun biz javobgar emasmiz. Konstruktiv va qonuniy javob beramiz, lekin hech qachon bizga nisbatan tajovuz yoki hurmatsizlik alomatlari yoki ko‘rinishlariga yo‘l qo‘ymaymiz, dedi Ilhom Aliyev.

Foto: Ozarboyjon prezidenti matbuot xizmati

Ozarboyjon Rossiya bilan munosabatlarning yomonlashuvi uchun javobgar emas va hech qachon tajovuz yoki hurmatsizlikka yo‘l qo‘ymaydi. Bu haqda Ozarboyjon prezidenti Ilhom Aliyev Al-Arabiya telekanaliga bergan intervyusida aytib o‘tdi.

Davlat rahbarining ta’kidlashicha, Ikkinchi Qorabog‘ urushining so‘nggi kuni, 9 noyabrda Ozarboyjon chegarada Rossiya vertolyotini tasodifan urib tushirgan.

«Darhol, o‘sha kuniyoq Rossiya prezidentiga qo‘ng‘iroq qilib, uzr so‘radim. Halok bo‘lgan uchuvchilarning oila a’zolariga va Mudofaa vazirligiga zudlik bilan tovon puli to‘ladik. Biz surishtiruv ishlarini boshladik va bu ayanchli xatoga yo‘l qo‘yganlar javobgarlikka tortildi. Ammo biz Rossiya tomonidan bunday narsani ko‘rmadik», dedi prezident.

Ilhom Aliyevning ta’kidlashicha, Ozarboyjonning xatti-harakatlari Rossiyadan ham shunday munosabatni kutishga asos bo‘lgan. Biroq, AZAL yo‘lovchi samolyotining «urib tushirilishidan» keyin Rossiya tomonining harakatlari «kutilmagan holat» bo‘ldi.

«Va ular hali ham nima bo‘lganini aytmayapti. Demak, bu, albatta, ikki tomonlama munosabatlarimizda juda jiddiy holat. Ammo biz bu munosabatlarning yomonlashishini xohlamadik. Ha, odamlarimizning hafsalasi pir bo‘ldi, jahli chiqdi, xafa bo‘ldi. Biz ertami-kechmi tergov tugashini kutgan edik. Ammo keyin Rossiyadagi ozarboyjonlarga asossiz hujumlar boshlandi. Ikki kishi qiynoqqa solinib, o‘ldirildi. Keyinchalik kelib tushgan rasmiy ma’lumotlarda esa ular yurak xurujidan vafot etgani aytilgan», deb ta’kidladi Ozarboyjon rahbari.

Aliyev so‘zlariga ko‘ra, ular 20 yil oldin jinoyat sodir etgan bo‘lsa ham, bu ularga shunday munosabatda bo‘lishga sabab emas.

«Ular orasida Ozarboyjon fuqarolari va kelib chiqishi Ozarboyjon bo‘lgan Rossiya fuqarolari bor edi. Bu xalqimizga qarshi misli ko‘rilmagan ish bo‘ldi. Munosabatlarning yomonlashishi uchun biz javobgar emasmiz. Konstruktiv va qonuniy javob beramiz, lekin hech qachon bizga nisbatan tajovuz yoki hurmatsizlik alomatlari yoki ko‘rinishlariga yo‘l qo‘ymaymiz», dedi davlat rahbari.

2024 yil 25 dekabr kuni Qozog‘istonning Oqtov shahri yaqinida Bokudan Grozniyga uchayotgan AZAL samolyoti halokatga uchradi. Halokat oqibatida samolyot bortidagi 67 kishidan 38 nafari halok bo‘ldi.

Aliyevning aytishicha, samolyot Grozniy shahri hududida «tashqi ta’sir tufayli shikastlangan va bu boshqaruvni yo‘qotishga» olib kelgan. Iyul oyida u Ozarboyjon halokat munosabati bilan Rossiyaga qarshi xalqaro sudlarga murojaat qilish uchun hujjatlarni tayyorlayotganini aytgandi. Aliyev Boku muntazam ravishda Rossiya Tergov qo‘mitasiga so‘rov yuborayotganini, biroq unga faqat «tergov davom etmoqda» degan javob kelayotganini ma’lum qildi. Uning fikricha, bunday pozitsiya «teskari natija beradi».

Azerbaijan Airlines samolyotining qulashi va Rossiyaning sodir bo‘lgan voqea uchun aybini tan olmasligi Moskva va Boku o‘rtasida diplomatik janjal va sovuqlikka olib kelgan.

Mavzuga oid