Jahon | 23:39 / 27.08.2025
12145
2 daqiqa o‘qiladi

«Shimoliy oqim» quvurlarida qo‘poruvchilik harakatini uyushtirganlarning barchasi aniqlandi

Operatsiyaning barcha ehtimoliy ishtirokchilari Ukraina fuqarolari bo‘lib, nemis tergovchilari ularni hibsga olishga order berdi.

Foto: AFP

Nemis tergovchilari «Shimoliy oqim» quvurlarida qo‘poruvchilik harakatini uyushtirgan deb taxmin qilinayotgan barcha shaxslarning ismini aniqladi. Bu haqda Die Zeit yozdi.

Tergov versiyasiga ko‘ra, guruhga jami yetti kishi - to‘rt nafar g‘avvos, portlovchi moddalar bo‘yicha mutaxassis, kema kapitani va yaqinda Italiyada qo‘lga olingan guruh rahbari Sergey K. kirgan.

Operatsiyaning barcha ehtimoliy ishtirokchilari Ukraina fuqarolari bo‘lib, nemis tergovchilari ularni hibsga olishga order bergan. Die Zeit nashrining yozishicha, ular soxta ismlardan foydalangan bo‘lsa-da, chegarani haqiqiy pasport bilan kesib o‘tgan, bu esa tergovchilarning fikricha, Kiyevdagi yuqori martabali amaldorlar tomonidan qo‘llab-quvvatlanganidan dalolat beradi.

«Shimoliy oqim» quvurlaridagi portlash 2022 yil kuzida sodir bo‘lgan. 2023 yilda G‘arb ommaviy axborot vositalarida birinchi marta ularni ukrainalik diversantlar sodir etgan bo‘lishi mumkinligi haqida ma’lumot paydo bo‘ldi.

2024 yilda The Wall Street Journal qo‘poruvchilikni amalga oshirish g‘oyasi dastlab bir guruh ukrainalik ofitserlarda paydo bo‘lganini yozgan edi. Nashrga ko‘ra, Amerika razvedkasi bu rejalardan xabar topgach, Vashington Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiydan operatsiyani bekor qilishni so‘ragan va u rozi bo‘lgan, biroq Ukraina Qurolli kuchlarining o‘sha paytdagi bosh qo‘mondoni Valeriy Zalujniy bu buyruqni e’tiborsiz qoldirgan.

Guruhga boshchilik qilgani aytilayotgan Sergey K. avgust o‘rtalarida Italiyada qo‘lga olingan. Hozir Germaniya uning ekstraditsiyasini talab qilmoqda.

Mavzuga oid