O‘zbekiston | 22:00 / 27.08.2025
3898
2 daqiqa o‘qiladi

Toshkentda tibbiyot chiqindisidan issiqlik energiyasi ishlab chiqaruvchi zavod ishga tushdi

Zavod kuniga 20 soatda 6 tonna chiqindi yoqish quvvatiga ega. Ta’kidlanishicha, bu tibbiyot chiqindilarini yoqish orqali muqobil issiqlik energiyasini ishlab chiqaruvchi respublikadagi ilk zavod hisoblanadi.

Foto: Chiqindilarni boshqarish agentligi

25 avgust kuni Toshkent shahri, Chilonzor tumanida joylashgan 16-son shahar shifoxonasi yonida tibbiyot chiqindilarini yoqish zavodi ishga tushirildi. Bu haqda Chiqindilarni boshqarish va sirkulyar iqtisodiyotni rivojlantirish agentligi xabar berdi.

Qayd qilinishicha, zavod «Sayar» (AQSh) kompaniyasi tomonidan barpo etilgan. Hozir zavodda kuniga 3 tonna tibbiyot chiqindisi yoqilib, bartaraf etilmoqda. Zavod kuniga 20 soatda 6 tonna chiqindi yoqish quvvatiga ega. Ta’kidlanishicha, bu tibbiyot chiqindilarini yoqish orqali muqobil issiqlik energiyasini ishlab chiqaruvchi respublikadagi ilk zavod hisoblanadi.

Xabarga ko‘ra, tibbiyot chiqindilarini samarali utilizatsiya qilishga mo‘ljallangan navbatdagi zavodlarning qurilishi Toshkent shahri, Olmazor tumanidagi Toshkent Tibbiyot akademiyasining 2-klinikasi (ToshMI) hamda Toshkent tumanidagi Toshkent Pediatriya tibbiyot instituti (SamPI) tibbiyot muassasalarida ham davom etmoqda.

2024 yil aprelida investor, loyiha kompaniyasi va O‘zbekiston Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi o‘rtasida imzolangan shartnomaga ko‘ra, birinchi bosqichda, ya’ni 2024-2025 yillar davomida 7 mln AQSh dollari miqdorida to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiyalarni jalb etish orqali Toshkent shahri, Samarqand va Buxoro viloyatlarining barcha turdagi tibbiyot muassasalarida yiliga 6 ming tonna tibbiyot chiqindisini termik qayta ishlab, 20 GVt soat quvvatga ega uskunalarni ishga tushirish belgilangan.

Ikkinchi bosqichda, ya’ni 2026-2030 yillar davomida 108 mln AQSh dollari miqdorida to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiyalarni jalb etish orqali respublikaning qolgan hududlarida joylashgan barcha turdagi tibbiyot muassasalarida yiliga 90 ming tonna tibbiyot chiqindisini termik qayta ishlab, 300 GVt soat quvvatga ega uskunalar ishga tushiriladi.

Mavzuga oid