Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Bombapanohlar qurayotgan Turkiya, Xitoy armiyasidagi katta tozalash va Trampning Hindistonga 50 foizlik bojlari – kun dayjesti
O‘tgan kun davomida jahonda ro‘y bergan eng asosiy voqea va yangiliklar sharhi bilan kundalik xabarnomada tanishtiramiz.
G‘azo ustidagi rejalar jonlanmoqda
AQSh prezidenti Donald Tramp chorshanba kuni Oq uy Oval ofisida G‘azo sektorining urushdan keyingi kelajagi haqida uzoq uchrashuv o‘tkazdi, shu bilan birga Isroil va HAMAS o‘rtasida o‘t ochishni to‘xtatish kelishuvi hanuz noaniq bo‘lib qolmoqda, hudud aholisi esa gumanitar inqirozga yuz tutmoqda.
New York Times'ning uchrashuvdan xabardor manbalariga ko‘ra, Tramp o‘zining maxsus elchisi Stiv Uitkoff, shuningdek, kuyovi va sobiq Oq uy maslahatchisi Jared Kushner bilan 90 daqiqadan ortiq vaqt davomida uchrashuv o‘tkazgan. Davlat kotibi Marko Rubio, u Trampning milliy xavfsizlik bo‘yicha maslahatchisi ham hisoblanadi, uchrashuvning ayrim qismlarida qatnashgan. Shuningdek, Buyuk Britaniya sobiq bosh vaziri Toni Bler ham ishtirok etgan. Bu uchrashuvda hozircha birorta rasmiy izoh berilmadi.
«Tramp G‘azo uchun porloq kelajak haqida umumiy gapirgan — ammo bu kelajak hududda yashovchi falastinliklarni o‘z ichiga olishi shart emas. U hududni hashamatli kurortga aylantirish haqida ham o‘ylagan, ba’zida esa aholining boshqa joyga ko‘chirilishini tilga olgan», deyiladi NYT xabarida.
Uchrashuvda qatnashgan Jared Kushner — Trampning birinchi prezidentlik davrida uning maslahatchisi bo‘lgan, Isroil va ayrim arab davlatlari o‘rtasida «Abraham kelishuvlari» jarayoniga rahbarlik qilgan. Mintaqa bilan bog‘liq o‘z biznes va boshqa aloqalariga ega. Kushner, shuningdek, Trampning qizi Ivanka bilan turmush qurgan. Yaqinda Kushner otasi, Fransiya prezidenti Emmanuel Makronni antisemitizmda ayblab, tanqid qilgandi.
Trampning shu yilning fevral oyida G‘azoni AQSh nazorati ostiga olish va hududni «Yaqin Sharq Riveriasi»ga aylantirish rejasi qattiq tanqidlar ostida ortga chekingan edi. Aslida uning bu rejasi — bir yil oldin Kushner ilgari surgan g‘oyaga hamohang bo‘lib, G‘azoni falastinliklardan tozalash va uni dengiz bo‘yidagi ko‘chmas mulk hududiga aylantirishni ko‘zlagan edi.
2003 yil Iroq urushi paytida Britaniya bosh vaziri bo‘lgan Toni Blerning kecha Oq uydagi uchrashuvga chaqirilgani bejiz emas. FT xabariga ko‘ra, Toni Bler asos solgan aql markazi G‘azoning urushdan keyingi qayta qurilishi yuzasidan turli guruhlar bilan ko‘plab suhbatlar o‘tkazgan, ammo ularda odamlarni majburan ko‘chirish g‘oyasi bo‘lmagan.
Ilgari o‘tkazilgan muzokaralar qisqa muddatga janglarni to‘xtatishga muvaffaq bo‘lgan bo‘lsa-da, hanuzgacha mojaro tugatishning iloji bo‘lmayapti. Isroil xalqaro tanqidlarga qaramay genotsid ko‘rinishida urushini davom ettirmoqda.
Turkiyada bombapanohlar qurish boshlandi
Turkiyaning barcha 81 viloyatida ehtimoliy urush vaqtida saqlanish uchun bombapanohlar qurish boshlandi. Bu haqda rasmiy Anqaraning rejalari bilan tanish manbasiga tayanib Middle East Eye nashri xabar bermoqda.
Prezident Rajab Toyyib Erdo‘g‘an bu loyihani iyun oyida o‘tkazilgan hukumat yig‘ilishida ma’qullagan. O‘sha paytda Eron va Isroil 12 kunlik urush holatida bo‘lib, Isroil Eronga havo hujumlarini almashayotgandi.
Turkiya Uy-joy qurilish boshqarmasiga bunkerlarni qurish vazifasi yuklatilgan. Ma’lum qilinishicha, Turkiya Milliy razvedka akademiyasi tayyorlagan «Isroilning Eronga qarshi 12 kunlik urushi»ga oid hisobotda – hukumatga erta ogohlantirish tizimlarini joriy etish va yaxshi jihozlangan bombapanohlar qurish tavsiya qilingan.
Hisobotda, shuningdek, yirik shaharlardagi metro stansiyalaridan foydalanish va mintaqaviy mojaro yuz bergan taqdirda tinch aholi orasida talafotlarni minimallashtirish choralarini qo‘llash takliflari mavjud.
Turkiyaning NTV telekanali ushbu tashabbusning maqsadi «mumkin bo‘lgan urushlar yoki ofatlar, jumladan, yadro tahdidlarida tinch aholining himoyalanishi mumkin bo‘lgan xavfsiz hududlar yaratish» ekani haqida ma’lumot berdi. Turk quruvchilari bu borada Yaponiya, Shveytsariya va Isroil tajribalarini o‘rganishgan.
Hozirgi kunda Turkiyadagi eski bombapanohlar talablarga javob bermaydi: ularning ko‘pchiligi avtoturargoh yoki ombor sifatida foydalanilmoqda. Yangi bombapanohlar qurilishi allaqachon ayrim shaharlarda, jumladan, poytaxt Anqarada boshlangan.
Xitoy harbiy rahbariyatida katta tozalash
Si Jinping Xitoy raisligidagi uchinchi muddati davomida ilgari shaxsan tayinlagan 79 nafar generaldan 14 nafari omma e’tiboridan g‘oyib bo‘lgan yoki tergovga tortilgan, deb yozdi Bloomberg. Agentlikning qayd etishicha, uning o‘tmishdoshlari hokimiyat tepasida bo‘lgan 20 yil ichida birorta ham bunday holat kuzatilmagan.
Markaziy harbiy kuchlar boshlig‘ining o‘rinbosari Xe Veydun g‘oyib bo‘lgan eng yuqori martabali generaldir. Unga aynan nima bo‘lgani noma’lum. OAV ma’lumotlariga ko‘ra, unga nisbatan korrupsiya bo‘yicha ish ochilgan, biroq bu rasman tasdiqlanmagan.
Tozalashlar oqibatida Xitoy armiyasining oliy kollegial organi — Markaziy harbiy kengashda yetti a’zodan faqat to‘rt nafari qoldi — bu Mao Szedun davridan beri eng past ko‘rsatkichdir.
Bloomberg nashriga ko‘ra, armiyadagi o‘zgarishlar va repressiyalar yordamida Si o‘z shaxsiy hokimiyatini mustahkamlamoqda. Shu bilan birga, tahlilchilarning fikricha, asosiy harbiy rahbarlarning chetlatilishi qurolli kuchlarning tayyorgarligini, jumladan, Tayvan bilan ehtimoliy mojaroga tayyorgarligini shubha ostiga qo‘yishi mumkin.
Rossiya–Ukraina urushi
Urush va harbiy to‘qnashuvlar bilan bezovta dunyoda afsuski Rossiya–Ukraina urushi ham davom etmoqda.
Payshanbaga o‘tar kechasi Kiyevda dronlar tahdidi sabab yana havo hujumi ogohlantirishi e’lon qilindi. Xususan, Kiyev viloyati harbiy ma’muriyati ma’lumotiga ko‘ra, kamida to‘rt kishi halok bo‘lgan, qariyb 30 kishi yaralangan. Bu yakuniy raqam emas, hokimiyat vakillari vayronalar ostida hanuz odamlar borligini bildirgan.
Darnitsa tumanida besh qavatli turar joy binosining butun bir qismi to‘g‘ridan to‘g‘ri zarba natijasida vayron bo‘lgan. VVS muxbiri voqea joyida to‘rt kishining jasadini ko‘rganini tasdiqlagan.
Hujumda bir nechta turdagi qurollar: «Shahed» dronlari, ballistik raketalar, qanotli raketalar va «Kinjal» gipertovushli raketalari ishlatilgan. Darnitsa, Dneprov, Solomyanskiy, Shevchenko va boshqa tumanlarda 20 dan ortiq joyda zarbalar qayd etilgan.
Rossiya Mudofaa vazirligi esa ushbu tunda 100 dan ortiq ukrain dronlari urib tushirilgani bildirdi. Eng ko‘p dronlar Qora dengiz ustida (22 dona), shuningdek, Rostov va Samara viloyatlari ustida (har biri 21 dona) urib tushirilgani aytilgan.
Volgograd viloyati gubernatori avvalroq dronlar hujumini «masshtabli» deb atab, oqibatida lokomotiv deposida yong‘in chiqqanini bildirgandi.
AQShda Hindiston mahsulotlariga 50 foizgacha tariflar kuchga kirdi
27 avgust kuni AQSh prezidenti Donald Trampning Hindistondan import qilinadigan mahsulotlarga tariflarni ikki baravar oshirib, 50 foizgacha yetkazish qarori kuchga kirdi. Hindistonning Rossiya neftini xarid qilgani uchun joriy etilgan 25 foizlik jarima tarifi Trampning avvalgi 25 foizlik tarifiga qo‘shildi. Natijada kiyim-kechak, qimmatbaho toshlar va zargarlik buyumlari, oyoq kiyim, sport anjomlari, mebel va kimyo mahsulotlari kabi tovarlarga umumiy bojlar 50 foizgacha chiqdi.
Yangi tariflar Hindistondagi minglab kichik eksportchilar va ish o‘rinlariga xavf solmoqda, jahonning eng tez o‘sayotgan iqtisodiyotning o‘sishiga ham zarba berishi kutilmoqda.
Hindiston Savdo vazirligi hozircha yangi ishga tushgan bojlar bo‘yicha izoh bermadi. Biroq vazirlik rasmiysining anonimlik sharti bilan aytishicha, tariflardan zarar ko‘rgan eksportchilar moliyaviy yordam oladi va Xitoy, Lotin Amerikasi hamda Yaqin Sharq kabi yangi bozorlarni o‘rganishga undaladi.
Vashington Hindistonning Rossiya neftini xarid qilishi Moskvaga Ukrainadagi urushni moliyalashtirishga yordam beradi, deya hisoblaydi. Hindiston esa bu ayblovni «ikkiyuzlamachilik» deb atab, AQSh va Yevropaning Rossiya bilan davom etayotgan savdo aloqalariga ishora qilmoqda.
AQSh tomoniga ko‘ra, 2024 yilda ikki tomonlama tovar savdosi 129 milliard dollarga yetgan, shundan 45,8 milliard dollar AQShning savdo taqchilligi bo‘lgan.
Isroil Suriyada yangi operatsiyalar o‘tkazdi
Al-Jazeera nashrining mahalliy manbalarga tayanib xabar berishicha, Suriyaning Kisva shahrida bir kun avvalgi dron zarbalari natijasida olti nafar askar halok bo‘lganidan so‘ng Isroil yangi operatsiyani amalga oshirdi.
Isroil kuchlari Damashqning janubi-g‘arbida joylashgan Kisva hududidagi sobiq harbiy kazarmaga bir necha zarbalar uyushtirgan. Shu bilan birga, Isroil armiyasi to‘rt vertolyot yordamida mazkur kazarmada qo‘nish (desant) operatsiyasini o‘tkazgan.
Manbaning ta’kidlashicha, Isroil armiyasi yuzlab askarlarni va noma’lum miqdorda qidiruv uskunalarini olib kelgan va ikki soatdan ortiq vaqt davomida mazkur hududda bo‘lgan. Isroil desant kuchlari va Suriya armiyasi o‘rtasida hech qanday to‘qnashuv bo‘lmagan.
Muvaqqat prezident Ahmad ash-Shar’a hukumati vakillari Isroilni mintaqada nazoratni kengaytirishga urinishda tobora ko‘proq ayblamoqda. Chorshanba kuni Suriya Tashqi ishlar vazirligi bayonotida bu zarba «xalqaro huquq va BMT nizomining qo‘pol buzilishi» deb ataldi. Shuningdek, bayonotda hujum «Suriya Arab Respublikasining suvereniteti va hududiy yaxlitligiga ochiqdan ochiq tajovuz» ekani ta’kidlandi.
Isroil — Bashar Asad diktaturasi ag‘darilganidan beri turli bahonalar bilan Suriyaning harbiy obektlari va aktivlarini nishonga olgan va yuzlab zarbalarni amalga oshirdi.
Mavzuga oid
15:07 / 06.12.2025
Makronning Xitoydan iltimosi, Putinning Modiga taklifi va Trampning shousiga aylangan FIFA tadbiri – kun dayjesti
16:20 / 05.12.2025
Hindistonga kelgan Putin, Trampning yana bir «g‘alabasi» va G‘azoda o‘ldirilgan «Isroilning odami» – kun dayjesti
15:03 / 04.12.2025
Rafah o‘tish punktini ochmoqchi bo‘lgan Isroil, Xitoyga kelgan Makron va yo‘qolgan samolyot qidiruvini boshlagan Malayziya – kun dayjesti
14:59 / 03.12.2025